Amerika ayollar Milliy futbol komandasi erkak o'yinchilar bilan teng maosh talab qilmoqda. Lekin federal sud o'tgan hafta ular xohlaganidek hukm chiqarmadi. Komanda umidni boy bermay oldinga intilaveradi, deydi sportchilar.
Bu borada harakatlar 1970-yillarga borib taqaladi. Ayol o'yinchilar AQSh Futbol Federatsiyasidan norozi.
Da'voga ko'ra, futbolchilarga jinsidan qat'i nazar, teng maosh to'lash haqida kelishuv bor lekin federatsiya bunga amal qilmaydi. Ayollar zararni qoplash uchun 66 million dollardan ziyod mablag' so'ramoqda.
1964-yilda qabul qilingan qonunga binoan teng mehnat uchun teng maosh berilishi shart.
Biroq federal sudiya R. Geri Klausner qaroriga ko'ra, ayol o'yinchilar aslida erkaklar singari haq to'lanishni boshidan rad etgan va hozirgi tartibda ko'proq maosh va imtiyozlar olishadi. Diskriminatsion jihatlari bor, deya tan olgan sudya, va bu boradagi arzlar ko'rib chiqiladi.
O'yinchilar sud hukmi ustidan yuqori organga shikoyat qilmoqchi.
Prezidentlikka intilayotgan demokrat Jo Bayden, sobiq vitse-prezident va senator, ayol futbolchilar tarafida. Oq uyga saylansa, komandani yaqindan quvvatlashni va'da qilmoqda.
Komanda a'zosi Megan Rapino deydiki, ayol futbolchilar erkaklarga qaraganda ko'proq yutib, shuhrat qozonsa-da, buning uchun munosib to'lanmaydi.
"Menga 1 dollar berishsa, erkaklarga 3 dollar berishadi. Biz 10 o'yinni yutib, 10 dollar olamiz. Erkaklar esa uch o'yinni yutib, 9 dollar oladi. Qani adolat?"
Sharhlovchilari va ekspertlar tahlilicha, tenglik uchun kurash avjiga chiqaveradi chunki omma ham ayol futbolchilar tomonda, chunki ular Amerikaning sportdagi qudratini ko'tarib turibdi.
Facebook Forum