Breaking News

Tojikistonda koronavirusga oid rasmiy va norasmiy raqamlar orasida farq katta


Xo'jand ko'chalarida
Xo'jand ko'chalarida

Tojikistonda koronavirusga oid rasmiy va norasmiy maʼlumotlar orasida katta farq paydo boʻlishi ortidan jamoatchilikda qarama-qarshi fikrlar shakllanmoqda. Asl haqiqatni hech kim bilmagani uchun har kim oʻzi ishongan maʼlumotlarga tayanmoqda. Bu baʼzilarga xotirjamlik bagʻishlasa, boshqalarda masʼullarga nisbatan ishonchsizlikning ortishiga sabab boʻlmoqda.

Mamlakatda shubhali oʻlimlar koʻpayib borishi ortidan masʼullarga ishonchsizlik paydo boʻldi va jamoatchilik faollari tomonidan oʻlim holatlari qayd etib boriladigan maxsus platforma yaratildi. Unga koronavirusdan oʻlganligi taxmin qilingan har bir kishi, rasmiy tashxisdan qatʼiy nazar, kiritilib kelinmoqda. Bunda OAV, ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlar va marhumlarning yaqinlari maʼlumotlariga tayaniladi. Bu roʻyxat shu yilning 10-aprel kuni Jabbor Rasulov tumanida koronavirusga chalinib vafot etganligi taxmin qilinishi ortidan matbuot va ijtimoiy tarmoqlarda bahslarga sabab boʻlgan Hojimuhammad Toshevdan boshlanadi.

Xo'jand, Tojikiston
Xo'jand, Tojikiston

26-may holati boʻyicha Tojikistonga koronavirusdan halok boʻlganlar soni rasmiy maʼlumotlarda 47 nafar jamoatchilik hisobidagi norasmiy roʻyxatda esa, 400 nafardan oshgan. Ular orasida xorijda vafot etgan mehnat muhojirlari ham bor. Norasmiy roʻyxatda keltirilishicha, Tojikistonda oxirgi ikki oy ichida 63 nafar tibbiyot muassasasi xodimi va shifokorlar ham vafot etgan.

Tojikiston Sogʻliqni saqlash va aholini ijtimoiy himoyalash vazirligi masʼullarining fikricha, bunday raqamlar odamlarni qoʻrqitish uchun maxsus yigʻib boriladi va eʼlon qilinadi. Vazirlik matbuot xizmati masʼuli Emomali Mirzoyevning aytishicha, shuning uchun ham odamlar faqat rasmiy maʼlumotlarga ishonishlari lozim. “Ilgari kim kasal boʻlayotgani, kim vafot etayotgani bilan hech kimning ishi yoʻq edi. Hozir saytlar va ijtimoiy tarmoqlarda darrov xabar tarqatishadi. Nima uchun? Xalqni qoʻrqitish va qoʻzgʻatish uchun qilinadi. Koronavirus bahonasida gʻaraz bilan shunday qilishmoqda. Odamlar unga eʼtibor bermasliklari lozim. Faqat rasmiy maʼlumotlarga tayanishlari kerak”, - deydi Sogʻliqni saqlash va aholini ijtimoiy himoyalash vazirligi masʼuli.

Norasmiy raqamlar eʼlon qilingan mustaqil platformalar
Norasmiy raqamlar eʼlon qilingan mustaqil platformalar

Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, Tojikistonda 26-may kuni holati boʻyicha 3266 nafarda Kovid-19 virusi aniqlangan. Jamoatchilikda koronavirusga chalinganlar toʻgʻrisida maʼlumotlarni toʻplab boradigan alternativ platforma yaratilmagan. Ammo tahlilchilarning fikricha, kasallikka chalinganlar ham rasman eʼlon qilinayotganidan koʻp. Ijtimoiy-siyosiy masalalar boʻyicha mustaqil tahlilchi Abdumalik Qodirovning “Amerika Ovozi” bilan suhbatda aytishicha, masʼullar yuzaga kelgan holatni toʻligʻicha qayd etmayapti va bu muayyan maqsad bilan qilinmoqda.

“Afsuski, koronavirusga chalinganlar va oʻlganlarning rasmiy va gʻayrirasmiy roʻyxati bir-biridan farq qilishi haqiqat. Buning sabablari bor. Avvalo bemorlar va vafot etganlarni nazorat qilish sistemasining shakllantirilmagani. Rasmiy maʼlumotlarda faqat bemorxonalarda yotqizilganlar aytilmoqda. Vaholanki, koʻplab koronavirusga chalinganlar oʻz uyida qolib ham davolanmoqda. Na Hukumat va na Sogʻliqni saqlash vazirligi ularni roʻyxatga olmayapti va olishni istamaydi ham. Chunki halok boʻlganlar soni qanchalik koʻp boʻlsa, u yoki bu bemorxona, shahar yo tuman, umuman olganda davlatdagi raqamlar ortib ketadi”, - deydi tahlilchi.

Ijtimoiy-siyosiy masalalar boʻyicha mustaqil tahlilchi Abdumalik Qodirov
Ijtimoiy-siyosiy masalalar boʻyicha mustaqil tahlilchi Abdumalik Qodirov

Qodirovning fikricha masʼullarning irodasizligi va qoloq fikrlashi oqibatida shunday kamchiliklar kelib chiqdi.

“Bizning sogʻliqni saqlash tizimida bir yozilmagan qoida bor: “kasallarning oʻlimi masʼuliyatsizlik yoki tibbiy xizmat koʻrsatishning pastligidandir!” deb qabul qilinadi. Aslida, bu qoida hamisha mavjud edi, ammo koronavirus paytida yana urgʻu berildi. Chunki koronavirus misolida oʻlimlar koʻpligi goʻyo davlat va hukumatning imijiga salbiy taʼsir koʻrsatadi”, - deydi suhbatdosh.

Uning aytishicha, raqamlar yashirilishining boshqa sabablari ham bor.

“Kasallanganlar va oʻlganlar sonining koʻpligi hukumatga malomat toshlari yogʻilishiga sabab boʻlishining boshqa sababi oʻz vaqtida mahalliy mutaxassislar va JSST maslahatlariga eʼtibor berib virus tarqalishining oldini olish choralarini koʻrish oʻrniga Navroʻz kabi serodam va serchiqim ommaviy tadbirlar uyushtirildi. Shuning uchun ham hukumat malomat toshlari kamroq otilishi umidida imkon qadar raqamlarni kamroq koʻrsatishga harakat qilmoqda”, - deya taʼkidlaydi Qodirov.

Norasmiy raqamlar eʼlon qilingan mustaqil platformalar
Norasmiy raqamlar eʼlon qilingan mustaqil platformalar

Tahlilchining fikricha, millat boshiga kelgan kulfatli kunlarda Tojikiston rasmiylari va faol jamoatchilik inqirozni bartaraf etish uchun birlashish oʻrniga bir-biridan yana-da koʻproq uzoqlashib bormoqda.

“Muammo hukumat nazorat va roʻyxatga olish tizimini yarata olmasligida emas, yaratishni istamaganligida. Agar lozim topganida jamoatchilik faollari ham shunday bir tizimni yaratib berishlari va uni faoliyatini ham hech bir ortiqcha chiqimsiz taʼminlashlari mumkin edi. Muammo shu inqirozli holatda ham hukumat xalqqa suyanmadi, jamoatchilik faollari bilan hamkorlik qilib, tegishli qarorlarni qabul qilishda ularning fikrlarini inobatga olmadi. Bu qudrat belgisi emas, aksincha, oʻz kamchiliklaridan qoʻrqadigan hukumatning zaifligidan dalolat beradi”, - deydi Abdumalik Qodirov.

Rasmiy raqamlar eʼlon qilingan davlatga tegishli saytlar
Rasmiy raqamlar eʼlon qilingan davlatga tegishli saytlar

Tahlillar koʻrsatadiki, Tojikistonda koronavirusga chalinganlarning aniq sonini na hukumat va na jamoatchilik bilmaydi, chunki bunday maʼlumotlarni yigʻib boradigan na rasmiy va na gʻayrirasmiy platforma yoʻq. Oʻlimlar esa, albatta qaydga olib boriladi. Ammo norasmiy roʻyxatda koronavirusdan oʻlganligi aytilayotganlardan koʻpchiligining oʻlim sababini masʼullar oʻpka yoki nafas yoʻli shamollashi kabi tashxislar bilan izohlagan. Shu sababli rasmiy maʼlumotlarni inkor etishga ham, norasmiy maʼlumotlarni tasdiqlashga ham asos yoʻq. Taniqli yozuvchi Ernest Xeminguey aytganidek, “polietilen selofanga oʻralib yoki oʻralmay ham” koʻmilib ketmoqda. Ammo har bir odam uchun haqiqat – bu uning oʻzi ishongan narsa.

Shuning uchun ham tahlilchilar norasmiy maʼlumotlarga ishonayotganlarda davlat va uning masʼul organlariga nisbatan ishonchsizlik oshib borayotganligiga eʼtibor qaratmoqda.

Oxirgi kunlarda Qozogʻistonda ham koronavirusga chalinganlarni koʻmish uchun tashkil etilgan maxsus qabristonda qabrlar soni eʼlon qilingan oʻlimlar sonidan uch barobar koʻpligi haqidagi maʼlumotlar jamoatchilikka oshkor boʻlishi ortidan rasman eʼlon qilingan raqamlar yanada shubha ostida.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG