Breaking News

Netanyaxu G'arbiy Sohilni Isroilga qo'shib olish harakatini boshlamoqda


Isroil-Falastin ziddiyati kuchaymoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:06 0:00

Isroil G’arbiy Sohilning bir qismini egallab olishga hozirlanar ekan, Isroil-Falastin tinchik muzokaralarining kelajagi savol ostida. Falastin Prezidenti Mahmud Abbos Isroil bilan shu paytgacha xavfsizlik bo’yicha erishilgan barcha kelishuvlar bekor qilinganini e’lon qildi. Isroil armiyasi esa harbiy tayyorgarligini oshirgan. Mamlakat Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu 1-iyul kuni G’arbiy Sohilni qo’shib olish ishlari boshlanishini e’lon qildi.

Falastin Prezidenti Mahmud Abbos G’arbiy Sohilning Ramalloh shahridan turib Isoil rejasiga o’z munosabatini bildirdi.

“Falastin Ozodlik tashkiloti hamda Falastin davlati bugundan boshlab Amerika va Isroil hukumatlari bilan tuzilgan barcha kelishuv va memorandumlarni bekor qiladi va ularga asoslangan majburiyatlarni o’z zimmasidan soqit qiladi”, - dedi Abbos.

Falastinliklar allaqachon AQSh Prezidenti Donald Trampning yanvar oyida e’lon qilingan tinchlik rejasini rad etgan. Ular G’arbiy Sohilning qo’shib olinishini tinchlik uchun eng katta tahdid deb hisoblamoqda.

“2020-yilda qo’shib olish nimani bildiradi? “Zamon zo’rniki” degan siyosiy fenomenning qabul qilinishi bu. Agar harbiy qudrat menda bo’lsa, xohlaganimni qilaman, degani. Bu isroilliklar falastinliklar bilan ikki tomonlama muzokara o’tkazish niyatidan voz kechganini ko’rsatadi. Ikki davlatchilik yechimiga eshiklar yopildi degani bu”, - deydi falastinlik sharhlovchi Sam Bahur.

Yevropa Ittifoqi va boshqa xalqaro tashkilotlar Isroilni Falastin hududiga teginmaslik haqida ogohlantirdi.

“Bu xalqaro huquqqa zid va amaldagi kelishuvlarni poymol qiladi. Xavfizlik kengashi rezolyutsiyalari va Yevropa Ittifoqi Kengashi xulosalariga ham mos emas. Xalqaro huquqqa rioya qilish biz uchun eng muhim masala”, - dedi Yevropa Ittifoqining G’arbiy Sohil va G’azo mintaqasi bo’yicha vakili Sven Kun von Burgsdorf.

Isroil o’z hududiga qo’shib olishni rejalayotgan Iordan vodiysi allaqachon Isroil xavfsizlik kuchlari nazoratida. Isroillik tahlilchilar fikricha, bu harakat ko’proq siyosiy ahamiyatga ega.

“Bu siyosiy qadam, suverenitet masalasi. Allaqachon Iordan vodiysi nazoratimiz ostida. Xavfsizlik bo’yicha ikkita jihati bilan ham foydali. Avvalo, iordaniyaliklarga, falastinliklarga, umuman, Isroilni bu yerdan haydab chiqarish fikrida bo’lgan hammaga Isroil bu yerda vaqtincha emasligini, doimiy qolish uchun kelganini ko’rsatib qo’yadigan chora”, - deysi isroillik ekspert Yossi Kuppervasser.

G’arbiy Sohilning qo’shib olinishi Birinchi va Ikkinchi Intifada kabi Isroilga qarshi hujumlarning yangi to’lqinini boshlab berishi mumkin. Bu esa yuzlab odamlar o’limiga sabab bo’lishi mumkin.

“Uchinchi intifada bo’ladimi, yo’qmi, buni aniq ayta olmayman, lekin falastinliklarning qarshiligi bo’lishi aniq. Falastin ma’muriyatidan bo’lmasa ham, Falastin ko’chalarida intifada nima ekanini bizga eslatishadi. Bu narsa XAMAS harakati kuchayishiga ham turtki beradi, chunki ular Isroilga qarshi kurashni to’xtatmasdan haq bo’lganliklarini hammaga aytib chiqadi”, - deydi zaxiradagi Isroil polkovnigi Shaul Arieli.

AQShda prezidentlik saylovlari yaqinlashar ekan, Isroil ungacha chegarasini kengaytirib olish harakatida. Kuzatuvchilar fikricha, agar Prezident Tramp qayta saylanmasa, uning o’rniga keladigan Jo Bayden Isroilning bu rejasini yoqlamasligi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG