Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'ani Tolibon bilan tinchlik jarayonini davom ettirish uchun tez orada hibsdagi toliblarning qolgan qismi ozod etilishini e'lon qildi.
G'anining Vashingtonda joylashgan Atlantika Kengashi Janubiy Osiyo markazi va AQSh Tinchlik Instituti birgalikda o'tkazgan onlayn forumda aytishicha, shu paytgacha isyonchi guruhning 3000 nafar vakili ozod qilingan.
“Hamkorlarim va men juda qisqa muddat ichida yana 2000 mahbusni ozod qilish to'g'risida qaror qildik. Tez orada aniq kunini e'lon qilamiz" - dedi Afg'oniston prezidenti.
G'ani mahbuslarning shaxsini aniqlash uchun Tolibon vakillari Kobulda bo'lganini va isyonchilar tomonidan ushlab turilgan 1000 nafar afg'on xavfsizlik xizmati xodimlari ham ozodlikka chiqarilishini aytdi.
AQSh va Tolibon o’rtasida imzolangan bitimda nazarda tutilgan mahbus almashinuvi Afg'onistonda urushayotgan tomonlar uzoq kutgan tinchlik muzokaralari ochilishidan oldin o'zaro ishonch o'rnatish uchun zarur ekani aytiladi.
"Menimcha, biz to’g’ri yo’ldamiz va kelasi haftada keyingi qadamlarimiz to'g'risida dunyoga xabar beramiz" – dedi G’ani.
Tolibon shu paytgacha o’z nazorati ostidagi qamoqlardan 550 ga yaqin mahbusni ozod qilgan.
“Ijobiy qadam”
“Tolibon” guruhi so’zlovchisi Suhail Shahin G’anining bu bayonotini "ijobiy qadam" deb atadi. Bu afg'onlararo muzokaralarning boshlanishiga yo'l ochadi, deb yozdi u.
Shahinning ta'kidlashicha, Tolibon mahbuslarni almashish rejasiga sodiq va 5000 asir ozod qilinishi bilan bir hafta ichida muzokaralarni boshlashi mumkin.
AQShning Afg'oniston muzokaralari bo'yicha elchisi Zalmay Xalilzod Tolibon bilan uzoq muzokara olib borib, fevral oyida tinchlik bitimini imzolagan edi. U mahbuslarni almashtirish borasida shu paytgacha qo’lga kiritilgan yutuqlarni olqishladi. Xalilzod Tolibonning tinchlik muzokaralariga kirishga tayyorligi haqidagi bayonotini mamnuniyat bilan qabul qilib, ayni paytda bu kelishuvda ko'rsatilgan majburiyat ekanligini aytdi.
"Biz afg’onlararo muzokaralarni boshlash maqsadiga har qachongidan ham yaqin turibmiz. Barcha tomonlar zudlik bilan muzokaralar stoliga o’tirishi va buzg'unchilar jarayonni buzib, afg'on xalqining tinchligiga to’g’anoq paydo bo’lishiga yo’l qo’ymasliklari kerak", - dedi AQSh elchisi.
Ammo G'anining aytishicha, toliblar qancha mahbusni ushlab turgani haqida haligacha aniq ma’lumot bermagan.
"Raqamlar o'zgarishda davom etmoqda. Biz ular bilan bo'lganlarning taqdiriga aniqlik kiritib, oxirgi odamgacha qo'yib yuborilganiga ishonch hosil qilishimiz kerak”, - dedi u.
Afg'oniston prezidenti, shuningdek, zo'ravonliklar to’xtamaganidan xavotir bildirib, tibbiyot xodimlari Afg'onistonda koronavirus tarqalishiga qarshi samarali kurash olib borishini ta’minlash uchun Tolibonni yana bir bor "gumanitar sulh" e'lon qilishga chaqirdi.
O'tgan oy oxirida har ikki tomon Ramazon hayiti munosabati bilan uch kunlik sulhga kelishgan edi. G'ani o’shandan beri isyonchilar zo'ravonligi yana kuchayganini ta’kidladi.
"Halok bo'lganlarning soni o'rtacha hisobda kuniga 60-70 nafar atrofida”, - dedi G’ani.
So'nggi haftalarda Tolibon afg'on xavfsizlik kuchlariga qarshi yirik hujumlarni amalga oshirdi va bu xurujlarda o'nlab odam halok bo'ldi. Zo'ravonlik tufayli tinch aholi orasida ham yuzlab qurbonlar bor.
Tolibon rasmiylarining ta'kidlashicha, muzokaralar boshlanishi bilan sulh masalasi ham kun tartibiga qo’yiladi.
Dastlabki kelishuv bo’yicha, Amerika va xalqaro koalitsiya kuchlari 2021-yil iyulgacha Afg'onistonni tark etishi kerak. Agar bu amalga oshsa, Amerikaning xorijdagi eng uzoq urushi nihoyasiga yetadi. O’z navbatida Tolibon Afg’oniston hududidan turib AQShga qarshi terrorchilik xurujlari amalga oshirilmasligini kafolatlashi lozim.
Facebook Forum