Breaking News

Yevropa davlatlari: Tolibon bilan muzokarada ayollar ham qatnashsin


Afg'on guruhlari o'rtasidagi dialog qatnashchilari, Qatar, 2019-yilning iyul oyi
Afg'on guruhlari o'rtasidagi dialog qatnashchilari, Qatar, 2019-yilning iyul oyi

Sakkiz mamlakat va Yevropa Ittifoqi Afg’oniston hukumati va Tolibon harakatini tinchlik muzokaralarida ayollar ishtirok etishini ta’minlashga undamoqda.

Hukumatlar so’nggi jarayonlarni, Afg’onistondagi turli siyosiy va ijtimoiy guruhlar o’rtasida mamlakat kelajagi muhokamasi boshlanishiga yo’l ochilayotganini olqishlayapti.

Bayonot Avstraliya, Kanada, Daniya, Germaniya, Niderlandiya, Norvegiya, Shvetsiya, Britaniya elchixonalari va Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi nomidan e’lon qilindi.

“Tarix ayollar ishtiroki va maslahati bilan tuzilgan tinchlik bitimlari davomiy va muvaffaqiyatli bo’lishini ko’rsatadi. Afg’oniston Islom Respublikasi va Tolibon tinchlik jarayonining barcha bosqichlariga xotin-qizlarni jalb qilishi darkor – yetakchilik kengashlari, muzokara guruhlari, maslahat sho’rolari, texnik va maslahat guruhlari”, deyiladi bayonotda.

Shvetsiyaning Afg’onistondagi elchisi Karolayn Visini “Twitter” tarmog’ida havola etgan hujjatda erkaklarning gender tenglikni himoya qilishdagi roli ham e’tirof etilgan.

“Ayollarning Afg’oniston konsitutsiyasida bitilgan fundamental huquqlari tinchlik jarayonining bir qismi sifatida saqlanib, mustahkamlanishi kerak. Bunga ularning mehnat qilish va ta’lim olish huquqi, harakatlanish va uyushish erkinligi, tibbiy xizmatlardan foydalanish huquqi kiradi”.

Mahalliy faollarning xavotiri shuki, Tolibon bilan muzokarada ayrim inson huquqlari, xususan, ayollar huquqlari masalasida tinchlik evaziga yon berilishi mumkin.

Tolibon xotin-qizlarning ta’lim olish va ishlash huquqini tan olsa-da, uni shariat qonunlari bilan bog’laydi. Toliblar Afg’onistonni boshqargan 1990-yillarda ayollarning ta’lim olishi man etilgan, jamoat joylarida ularning burqa kiyishi majburiy edi.

Bayonotlar va intervyular orqali jangari guruh jamoatchilikni o’shandan buyon o’zgargani, inson huquqlariga nisbatan yumshoqroq munosabatda ekaniga ishontirishga harakat qilayotgandek.

Afg’on guruhlari orasida muzokaralar shu yilning 10-martida, ya’ni Tolibon AQSh bilan kelishuv imzolaganidan 10 kun o’tib boshlanishi kerak edi, ammo kechiktirilgan.

Prezident Ashraf G’ani raqibi Abdulla Abdulla bilan kelishib olgani, Ramazon oyida e’lon qilingan 3 kunlik sulh hamda hukumat va jangarilar mahbus almashayotgani muloqot shu oy boshlanishiga umid bag'ishlamoqda.

Bu orada, “Chegara bilmas shifokorlar” gumanitar tashkiloti Kobuldagi tug’ruqxonaga hujumda o’tgan oy 15 ona halok bo’lganini eslatdi.

“Ulardan besh nafari ko’zi yorishi arafasida edi”, deyiladi tashkilot bayonotida.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG