Breaking News

Afg'on ayollari AQSh-Tolibon kelishuvidan xavotirda


Afg'onistonning futbolchi qizlari
Afg'onistonning futbolchi qizlari

AQSh va Tolibon orasidagi kelishuv Afg’oniston ayollari uchun nimani anglatadi? Bu bitimda xotin-qizlar manfaati qanchalik ko’zlangan?

Afg’on ayollari kuchli xavotirda. Ular nazarida Amerika va Tolibon imzolagan hujjatda xotin-qizlar huquqlari umuman e’tiborga olinmagan.

“AQSh o’z foydasi ketidan, Tolibon albatta o’z foydasini o’ylamoqda. Afg’on xalqi, xususan xotin-qizlari taqdiri esa hech kimni tashvishlantirmaydi, afsus”, - deydi Halima Salimiy, Hirot Ayollar Kengashi rahbari.

AQSh Tolibon bilan kelishuv orqali bu qurolli muxolifatni Kobuldagi markaziy hukumat bilan muloqotga majburlamoqchi. Shart shuki, toliblar va afg’on rahbariyati orasidagi kelishuvda ayollar huquqlari ustun qo’yiladi.

"Bu endi bir umid, ya’ni Afg’oniston hukumati va Tolibon qator masalalar yuzasidan muzokara qilar ekan, unda xotin-qizlar himoyasi ham albatta nazarda tutiladi va yakuniy hujjatda, agar kelishuvga erishilsa, ayollar manfaati ko’zlanadi, jumladan ta’lim olish va ishlash huquqi”, - deydi siyosiy tahlilchi Jamil Bigio.

Afg'onistonning harbiy ayollari
Afg'onistonning harbiy ayollari

Tolibon bir narsani qayd etib keladi: harakat erkak va ayollar birga o’qishi, ishlashi va yurishiga qarshi. Jinslar bir-biridan alohida faoliyat yuritishi kerak, deydi Tolibon, har qanday sohada.

“Tolibon hukmronlik qilgan paytda qizlar na o’qigan, na hunar o’rgangan. Tolibon qaytsa, bilingki, bizga kun yo’q. Yana zulmatda yashay boshlaymiz”, - deydi Hasiba Mushtoq, talaba.

AQSh Davlat departamentiga ko’ra, Vashington uchun afg’on ayollari manfaatlari birinchi o’rinda - tinchlik va jinsiy erkinlik.

"Davlat kotibi Pompeo Afg’oniston haqida gapirganida barqarorlik va xotin-qizlar erkinligiga urg’u beradi, har doim. Bilingki, Amerika Tolibon bilan bir davrada o’tirib gaplashdimi, demak, toliblar ayollar himoyasi borasidagi talablarimizga ko’ngan. Xotin-qizlar, fuqaro jamiyati, erkinlik istagan har bir afg’on tarafidamiz va ularni himoya qilamiz. Amerika bu masalaga mutlaq befarq emas”, - deydi Morgan Ortegus, Davlat departamenti so’zlovchisi.

Afg'on Xotin-qizlar kengashi
Afg'on Xotin-qizlar kengashi

Ekspert Jamil Bigio deydiki, Vashington Tolibonga bu borada bosimni davom ettirishi kerak. Kobul va Tolibon orasidagi kelishuv shartlari orqali masalan, deydi Bigio.

"Afg’oniston hukumati bilan muloqotda Tolibondan ayollar huquqlari haqida aniq va’dalar olinishi, ularning zimmasiga konkret majburiyatlar yuklanishi va shartlar muhim omillarga bog’lanishi zarur. Siyosiy kelishuv, tinchlik bitimi shunga asoslanishi lozim”, - deydi Bigio.

Afg’onistonda xotin-qizlar shu kungacha nimaga erishgan bo’lsa, shu yutuqlarga tayangan holda o’z huquqlari va erkinligi uchun qattiq kurashishi lozim, deydi ekspert. Ayollar jim turmasligi kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG