Breaking News

O'zbekistonda qiynoqlar hanuz davom etyaptimi?


Marhum prezident Islom Karimov davridan achchiq meros sifatida qolgan qiynoqlar muammosi Shavkat Mirziyoyev hokimiyatini ham ta’qib qilishda davom etayotgani aytiladi.

Andijonda qiynoqlar tufayli o’lgan Alijon Abdukarimov islohotlarga tutilgan huquq-tartibot tizimining navbatdagi qurboni sifatida ko’rilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda qiynoq asoratlaridan koma holatida yotgan Abdukarimov aks etgan videoning tarqalishi jamoatchilikni larzaga soldi; aholi orasida huquq tartibot tizimiga nisbatan g’azab va ishonchsizlikni kuchaytirdi.

Buning ortidan O’zbekiston prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, paralemnt deputatlari, siyosiy partiyalar, Inson huquqlari bo’yicha Milliy markaz ham qiynoqlarni qoralab chiqdi.

Ammo bu fojia hokimiyat islohotlar haqida tashqariga jar solayotgani, ammo tizimning o’zi ichkaridan islohotga yuz tutmaganining ishorasidir, deydi kuzatuvchilar.

Avvalroq O’zbekiston bosh prokuraturasi mamlakatda jamoatchilik va huquq-tartibot idoralari vakillari ishtirokida qiynoqlarga qarshi qo’mita tuzilishni ma’lum qilgan edi.

Ichki ishlar hibsxonasida firibgarlik gumoni bilan so’roqqa tutilgan Alijon Abdurahmonovga nisbatan qo’llangan shafqatsiz qiynoqlardan boshqarmaning boshqa xodimlari bexabar bo’lgani iddao qilinmoqda. Ammo bunga ishonish qiyin, deydi faollar.

32 yoshli Abdurahmonovni tergovdagi qiynoqlardan Prezident Mirziyoyevning qarori bilan tergov va hibsxonalarga o’rnatilgan videokameralar ham, prezident muntazam ta’kidlab kelayotgan tizimdagi islohotlar ham qutqara olmagan.

Alijon Abdurahmonov qiynoqlar asoratidan koma holatiga tushgan; natijasiz muolajada ortidan keyinchalik shifoxonada vafot etgan.

Komada yotgan, tanasida qiynoq izlari ko’rinib turgan Abdurahmonov aks ettirilgan videoning ijtimoiy tarmoqlarda tarqalishi aholi o’rtasida, ayniqsa, Andijonda jiddiy norozilik uyg’otgan.

Bu fojia jamoatchilikda jiddiy norozilik tug’dirishi ortidan Bosh prokuratura qiynoqqa tutgan xodimlar ustidan jinoyat ishi ochilgani haqida bayonot berdi.

Ichki ishlar vazirligi esa qiynoq qo’llaganlar, ishga aloqador bir nechta mansabdor xodimlar ishdan haydalganini, yana bir guruh xodimlarga nisbatan intizomiy choralar ko’rilganini ma’lum qildi.

Hodisaga siyosiy partiyalar ham o’z munosabatini bildirmoqda. “Adolat” partiyasi yetakchisi Narimon Umarov inson huquqlarini toptash bilan adolatga erishib bo’lmasligi, muammoni hal etish uchun tizimli islohotlar o’tkazish lozimligi haqidagi chaqiriq bilan chiqdi.

Qudratdagi O’zbekiston Liberal demokratlar partiyasi yetakchisi Aktam Hayitov Andijondagi holat yuzasidan jinoyat ishi ochilganini, tergov-surishtiruv ketayotgani, inson qadrini toptashga hech kim haqli emasligini ta’kidladi.

Parlamentdagi ayrim deputatlar fojiaga munosabat bildirar ekan, Ichki ishlar vazirligini aholidan uzr so’rashga ham da’vat etgan, ammo hozircha bu chaqiriqlar e’tiborga olinmagan ko’rinadi.

Huquq-tartibot idoralari hibsxonasida, tergovdagi qiynoqlar tufayli yuz bergan navbatdagi o’limdan larzaga tushgan jamoatchilik tomonidan bildirilayotgan munosabatlarda Ichki ishlar vaziri Po’lat Bobojonovning iste’fosi talabi ham bor.

Andijonda qiynoq oqibatida yuz bergan, ijtimoiy tarmoqlarda qotillik sifatida talqin etilayotgan navbatdagi o’lim holati tazyiq, zo’ravonlikka asoslangan boshqaruvdan xolos bo’lishga intilayotgan Shavkat Mirziyoyev hokimiyati nufuziga berilgan jiddiy zarba ekanligi ham ta’kidlanmoqda.

Qiynoqlar muammosi marhum Karimov davrida ham, hozirgi iqtidordagi hokimiyat boshqaruvida ham O’zbekistonda inson huquqlari muntazam toptalayotganligining asosiy ko’rsatkichlaridan biri sifatida qayd etilgan.

O’zbekiston hukumati yaqinda BMT inson huquqlari qo’mitasiga inson huquqlariga oid vaziyat bo’yicha yillik hisobot taqdim etgan va bu mavzu yuzasidan o’tgan muhokamalarda xalqaro kuzatuvchilar mamlakatdagi qiynoqlar muammosiga diqqat qaratishgan edi.

O’zbekistonda chorak asr davom etgan turg’unlik, diktatura ortidan hokimiyatga kelgan Shavkat Mirziyoyev boshqaruvining dastlabki yillarida huquq-tartibot idoralarini tubdan isloh qilish, inson huquqlarini kafolatlash, shuningdek, inson qadri, sha’nini tahqirlovchi qiynoqlarga qarshi kurashishga qaratilgan bir nechta maxsus qaror va farmoyishlar imzolagan edi.

Huquq-tartibot idoralari vakillari tomonidan qiynoq qo’llash to’xtamagani, ayrim holatlarda bu qiynoqlar fuqarolarning o’limi bilan yakun topayotgani, kuzatuvchilar fikricha, qabul qilingan qarorlar, islohotlar ko’payishiga qaramay, amaliy hayotda vaziyat o’zgarishsiz qolayotganidan darak bermoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG