Maqola AQSh siyosatini aks ettiradi:
AQShning Xalqaro taraqqiyot agentligi USAID bir necha o’n yillar mobaynida Osiyo mamlakatlarida barqarorlikni mustahkamlashga muhim hissa qo’shib keladi. Agentlik mintaqa mamlakatlariga xususiy sektor kuchi bilan iqtisodiy o’sishni ta’minlash va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishni yo’lga qo’yishda ko’maklashadi.
USAIDning Osiyo byurosi rasmiylaridan Gloriya Stilga ko’ra, har qanday taraqqiyot asosida iqtisodiy mustaqillik yotadi.
“Tajribamiz shuni ko’rsatdiki, taraqqiyotga erishish uchun davlat boshqa mamlakatga iqtisodiy qaram bo’lmasligi kerak. Davlatlar o’z taraqqiyot yo’lini o’zi belgilashga, rejalash va moliyalashga qodir bo’lishi lozim”, - deydi Stil.
Avtoritarizmning kuchayib borayotgani Osiyoda demokratik institutlarni zaiflashtirish, oshkoralikni yo’q qilish va korrupsiyaning urchishiga zamin yaratish bilan iqtisodiy taraqqiyotga to’siq bo’lmoqda. Stilning ta’kidlashicha, Xitoyning mintaqa mamlakatlarini iqtisodiy qaram qilishga qaratilgan pozitsiyasi jiddiy tahdid uyg’otayotgan omillardan.
“Biz mamlakatlarning manfaatlarini ustun qo’ygan holda strategik hamkorlikni yo’lga qo’yamiz. Xitoy esa buning aksini qiladi. Shaffoflikka izn bermaydi”, - deydi u.
Xitoy xalqaro bitimlarni oshkora tuzmaydi. Fuqarolik jamiyatlari kreditlar uchun Pekin belgilagan shartlardan bexabar qolaveradi. Bu korrupsiya uchun keng imkoniyatlar eshigini ochadi. Mamlakat resurslarini talon-taroj qilganlik uchun rasmiylarni javobgarlikka tortish murakkablashadi.
Global taraqqiyot markazining ma’lum qilishicha, qarzdorlik botqog’ida botib qolgan sakkiz mamlakatning oltitasi Osiyoda joylashgan. Ularning aksariyati Xitoy nayranglari qurboniga aylangan. Xususan, transport, energetika va infrastruktura jabhalarida qarzdorlik asosida amalga tatbiq etilayotgan “Bir kamar, bir yo’l” tashabbusi loyihalari changaliga tushib qolgan. Pekin mamlakatlarga qiymati shubha uyg’otadigan maxfiy kreditlar taklif etib, jamiyatlar taraqqiyotiga tahdid solmoqda. Kreditlarning og’ir majburiyatlari bilan Xitoy mamlakatlarni o’ziga qaram qilib olishga muvaffaq bo’lmoqda.
Gloriya Stil buning oqibatlarini quyidagicha izohlaydi:
Bir mamlakatga tegishli mulkning katta qismiga boshqa mamlakat egalik qilsa, ana shu davlat o’z suverenitetidan ayriladi”.
AQSh USAID tashkiloti vositasida o’z hamkorlarining barqarorligi va mustaqilligini mustahkamlashga hissa qo’shadi. Xitoy davlatlarni qaram qilib, o’z izmiga bo’ysundiradi.
AQSh Osiyo va dunyoning boshqa mintaqalariga yordam qo’lini cho’zar ekan, biror mamlakat daxlsizligini toptamaydi. O’z hamkorlariga ehtirom bilan munosabatda bo’ladi. Ularning suverenitetiga tahdid solmaydi.
Facebook Forum