Breaking News

Tramp ma'muriyati kuzgacha maktablarni ochish niyatida


Tramp: Kuzda maktablarni ochishimiz kerak
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:55 0:00

Mamlakat bo’ylab koronavirusga chalinish holatlari ko’payishiga qaramay, Tramp ma’muriyati kuzgacha maktablarni ochish ahdida qat’iy.

Nyu-Gempshir shtatida ijtimoiy masofani saqlash uchun bitiruvchilar diplom olish marosimiga osma yo’lda keldi. Amerika o’quv yurtlari pandemiya sharoitiga shu kabi antiqa yo’llar bilan moslashmoqda. Bu orada maktablar yangi o’quv yili ochilishiga tayyorlanmoqda.

Prezident Trampga ko’ra, bu o’z vaqtida – avgust yoki sentabrda amalga oshishi kerak.

“Maktablarni ochish uchun gubernatorlarga, hammaga bosim o’tkazamiz”, - dedi u.

Tramp bu yil qayta saylanishga umid qilar ekan, iqtisodiy hayot o’z iziga tushishi uchun maktablarning ochilishi muhim. Bolalar o’qishga qaytsa, ota-onalar ham ishga chiqa oladi.

AQShda pandemiya boshlanishi bilan 50 milliondan ortiq bola darslarni onlayn olishga o’tdi. Amerika Pediatriya akademiyasiga ko’ra, bolalar normal rivojlanishdan orqada qolmasligi uchun maktablarga qaytishi muhim. Yuqumli kasalliklar bo’yicha mutaxassislar bu fikrga qo’shiladi.

“Kuzda maktablarni ochish kerakligi bo’yicha aksariyatimiz yakdilmiz. Lekin buni ehtiyotkorlik bilan qilish kerak”, - deydi Vanderbilt universiteti professori Uilyam Shafner.

Ammo Amerika Ishbilarmonlik institutiga ko’ra, faqat 20 foiz ota-ona bolalarning maktabga qaytishidan xotirjam. O’quvchilarning qaytishini xohlovchilar respublikachi ota-onalar orasida ikki barobar ko’proq ekani aniqlangan.

Federal va shtat rasmiylaridan kelayotgan turli ko’rsatmalar esa ota-onalarning xavotirini oshirmoqda.

“Maktablarni ochish faqat gubernator yoki maktab direktorlari, o’qituvchilar beradigan qaror emas. Qaror berishda ota-onalar ham ishtirok etishi kerak. Ular bolalar xavfsizligini ta’minlovchi himoya vositalari yo’lga qo’yilganiga ishonch hosil qilishi kerak. Muammo shundaki, rasmiylardan kelayotgan ko’rsatmalar bir-biriga zid bo’lsa, ota-onalar qaror berishda ikkilanadi”, - deydi Amerika Ishbilarmonlik instituti tadqiqotchisi Jon Beyli.

Koronavirus bolalarda kamdan-kam kasallikka sabab bo’lishi aniqlangan bo’lsa-da, ular oila a’zolariga yuqtirishi mumkinligi haqida xavotirlar bor.

“Covid” virusi haqida hali yaxshi bilmaymiz. U bolalarga yuqadimi? Ular boshqalarga yuqtira oladimi? Bu masalalar hanuz o’rganilmoqda”, - deydi professor Shafner.

Aprelda maktab va universitetlar onlayn ta’limga o’tishi uchun 13 milliard dollar ajratilgan edi. Maktablarning xavfsiz qayta ochilishi uchun ham mablag’ ajratiladimi? Bu hozircha noma’lum.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG