"Amerika Ovozi" teleradiosining xorijiy jurnalistlaridan 76 nafari vizasini yangilay olmasligi va AQShni tark etishga majbur bo'lishi mumkin.
AQSh hukumatining yaqinda joriy etilgan cheklovlariga ko'ra, J-1 viza turi hozircha yangilanmaydi. 62 pudratchi va 14 to'liq stavladagi xodim "Amerika Ovozi"da shunday vizaga ega.
Hozircha ularning birortasi muammoli vaziyatda emas, deya bildirmoqda teleradio kiradigan AQSh Global Media Agentligi. Faqat bir jurnalistning AQShdagi vaqti bir oy ichida bitadi.
Masalaning nozik jihati shundayki, bu jurnalistlarning aksariyati vatanida bosimga uchrashi mumkin, chunki ular tuzumlarni tanqid qiluvchi materiallar berib tanilgan va bu davlatlarda rahbariyatlar "Amerika Ovozi" dasturlariga o'ziga nisbatan tahdid sifatida qaraydi.
PEN America va Milliy Matbuot Klubi AQSh Global Media Agentligini jurnalistlarini himoya qilish va ularning maqomi uchun qo'ldan kelgan barcha chorani ko'rishga udamoqda.
"Amerika Ovozi" 47 tilda efirga chiqadi. Jurnalistlar turli davlatlardan va asosan axborot oqimi va matbuot erkinligiga to'siqlar qo'yilgan jamiyatlardan. Tashkilot o'z xodimlari bilan faxrlanadi va ularni jasoratli va mahoratli mutaxassislar deb biladi. Shunday ekan, deya bildirmoqda teleradio rahbariyati, ular manfaati uchun barcha zarur qadamlar tashlanadi. Lekin aynan nima chora ko'rilmoqda, bu hozircha tushuntirilmagan.
Facebook Forum