Prezident Donald Tramp AQSh Global Media Agentligi rahbarligiga konservativ rejissyor Maykl Pek nomzodini ko’rsatdi. Senatda uni savolga tutgan qonunchilarning xavotiri shuki, Tramp “Amerika Ovozi” singari axborot agentliklariga siyosiy bosim o’tkazishga harakat qilishi mumkin. “Amerika Ovozi” o’z faoliyatida xolis va muvozanatli bo’lishi qonun bilan belgilangan.
Agar AQSh Global Media Agentligi (U.S. Agency for Global Media) rahbari etib tayinlansam, jurnalistik mustaqillikni ta’minlayman, deydi Maykl Pek. Ushbu organ “Amerika Ovozi”ini boshqaradi. Uning rahbarligiga nomzod ilk bor Tramp ma’muriyati tomonidan ko’rsatilmoqda.
“Jurnalistlar hech kimdan ko’rsatma olmaydi - butun agentlik shu asosda ishlaydi. Ular siyosiy ta’sirdan xoli. Yangiliklarni qanday yoritish o’zlariga havola. Agar shunday ishonch bo’lmasa, agentlik butunlay ishdan chiqad”, - deydi Maykl Pek.
Hujjatli filmlar bilan tanilgan prodyuser Kaliforniyadagi konservativ Kleyermont institutiga rahbarlik qilgan. Kino sanoatida liberal tarafkashlik bor, deya tanqid qilib keladi.
Yillik byudjeti 628 million dollarga teng Global Media Agentligi Kongress tomonidan moliyalanuvchi axborot agentliklarini boshqaradi. Dasturlar 100 davlatga, 345 millionli auditoriyaga uzatiladi.
Bular - 40 dan oshiq tilda efirga chiquvchi “Amerika Ovozi”, Kuba uchun mo’ljallangan “Marti” teleradiosi, arab dunyosini qamrab oluvchi “Alhurra” televideniyesi va “Sava” radiosi, shuningdek, “Ozodlik” va “Erkin Osiyo” radiosi.
1976-yilda imzolangan “Amerika Ovozi” nizomi va Xalqaro teleradio to’g’risidagi qonunga ko’ra, Kongress moliyalovchi barcha axborot agentliklari jurnalistik me’yorlarga qat’iy amal qilishi, xalqaro auditoriya uchun ishonchli manba bo’lishi zarur.
“Davlatga qarashli axborot vositasimiz deb yangiliklarni bir tomonlama yorita olmaysiz”, - deydi jurnalist Al Tomkins.
Yuqoridagi axborot vositalari missiyasini Kongressda har ikki partiya qo’llab-quvvatlaydi.
“Chunki qonunchilar tushunadiki, “Amerika Ovozi” va boshqa teleradiolar kabi dunyo bo’ylab odamlarga ishonchli axborot manbalari kerak”, - deydi “Amerika Ovozi” sobiq direktori Deyvid Jekson.
Prezident Trampning tanqidchilari nazarida, u axborot vositalarini o’z siyosatini targ’ib qiluvchi propaganda quroliga aylantirishga harakat qilishi mumkin.
Senator Bob Menendez tinglovda Maykl Pekning Stiv Bennon bilan aloqalarini savolga tutdi. Bennon Oq uyda Trampning bosh maslahatchisi bo’lib ishlagan. Yangiliklarni millatchilik ruhida yorituvchi “Breitbart News” onlayn nashrini ham yuritgan.
Pek va Bennon Iroq urushi va yadro qurollari haqidagi hujjatli filmlar ustida birga ishlagan. Jurnalistlarni siyosiy bosimdan himoya qila olasizmi, deb so’rashdi nomzoddan.
“Keragida yo’q deya olaman”, - deya va’da berdi Maykl Pek.
Uning nomzodi qachon ovozga qo’yilishi noma’lum. Prezident Tramp qator idoralar uchun tanlagan nomzodlar Senat tasdig’idan o’tishni kutayapti.
Facebook Forum