Rossiya Prezidenti Vladimir Putin konstitutsiyani o’zgartirishga oid so’nggi referendum ortidan o’z siyosiy kelajagini mustahkamlab oldi. U endi yana 16 yil hokimiyatda qolishi mumkin. Ammo ovoz berish o’tishi bilan xavfsizlik xizmatlari hukumatga qarshi faollarni hibsga olishni boshladi.
Rasmiy natijalarga ko’ra, saylovchilarning to’rtdan uch qismi o’zgarishlarni quvvatlagan. Kreml buni xalq g’alabasi deya ta’riflamoqda.
“Rossiya furqarolari o’z tanlovlarini qildi. Ularning qaroriga ko’ra, yangi konstitutsiyani o’zgarishlari bilan kuchga kirituvchi farmonni imzoladim”, - dedi Vladimir Putin.
Muhim o’zgarishlardan biri shuki, Prezident Putin hokimiyatda yana uzoq yillar qolishi mumkin.
Ammo saylovdagi firibgarliklar, pandemiyaga qaramay referendumni o’tkazish uchun bo’lgan hukumat bosimi Putin obro’siga putur yetkazdi, deydi kuzatuvchilar.
“Rsmiylar yuzlashayotgan muammolar muxolifat tufayli emas, balki o’zlarining yomon qarorlari oqibatidir. Ularning quroli hozir zo’ravonlik va qo’rquv solish”, - deydi mustaqil tahlilchi Aleksandr Kinev.
Referendum o’tishi bilan muxolifatga hujum boshlandi.
Sobiq jurnalist Ivan Safronovning hibsga olinishi so’z erkinligi kelajagi bo’yicha xavotirlarni oshirgan bo’lsa, muxolifat vakillari ustidan o’tkazilgan reydlar Putinning uzoq yillik tazyiq siyosati davom etishidan darak beradi.
Hatto mo’tadil siyosatchilar ham bosimdan chetda qolmayapti.
O’tgan hafta Federal xavfsizlik xizmati Uzoq sharqdagi Primorsk o’lkasi gubernatori Sergey Furgalni hisbga oldi.
Ikki yil avval u Kreml yoqlagan nomzodni saylovda yengib chiqqan sanoqli siyosatchilardan biri edi.
Furgal 2014-yilda yuz bergan qotillikka aloqadorlikda ayblanmoqda.
“Hukumat xalqqa ishonmaydi. Ularning siyosiy qo’llab-quvvatlovi mavhum. Shu bois hukumat har qanday norozilikdan qo’rqadi”, - deydi tahlilchi Anton Orex.
Gubernatorning hibsga olinishi aks ta’sir qildi. Xabarovsk shahrida minglab odam norozilik namoyishi uchun ko’chalarga chiqdi.
“Jonimga tegdi. Yana qancha chidashimiz mumkin? Biz Furgalni saylaganmiz. Putin esa uni qamoqqa oldi. U o’ziga qarshi har bir odamni qamoqqa tiqadi”, - deydi namoyischilardan biri.
Norozilarga ko’ra, Putinning g’alabasi qonuniy emas, aslida firibgarliklar natijasidir.
Referendum Kremlga barqarorlik olib kelishi kutilgan edi. Aksincha, deydi kuzatuvchilar, u Putinning siyosiy kelajagiga bo’lgan ishonchni yemirmoqda.
Facebook Forum