2014-yil iyul oyining oxirida Sharqiy Turkistonning Yorkent tumani Ilishku qishlog‘ida qonli hodisa sodir bo‘lgan edi. Xitoy hukumati o‘shanda “terrorchilar va ekstremistlarga qarshi operatsiya”da 100 chog‘li kishi o‘lgani va 215 kishi hibsga olinganini ma’lum qilgan, biroq uyg‘urlar bu voqeada kamida 2 ming kishi o‘ldirilganini aytadi. Ya’ni Xitoy rasmiylari aytgan va uyg‘urlar keltirayotgan raqamlar orasida katta farq bor.
Markazi Germaniyada joylashgan Butunjahon uyg‘urlar kongressi bayonotida qayd etilishicha, Ilishku hodisasi haqidagi ko‘pgina tafsilotlar hali ham noaniqligicha qolmoqda. Chunki hodisa boshlanishi bilan hudud har qanday aloqadan uzilgan va qurshab olingan, bu holat oylab davom etgan. Bayonotda kongress rahbari To‘lqin Isoning fikri ham keltirilgan.
“Biz Xitoy hukumatining uyg‘ur xalqiga nisbatan zo‘ravonligi va jirkanch munosabatini ko‘rsatgan holda Yorkent qirg‘ini qubonlarini yodga olishimiz zarur. Qanchadan-qancha begunoh odamlar uyg‘ur bo‘lib tug‘ilgani uchungina o‘ldirildi yoki azoblandi. Xitoy hukumati javobgarlikka tortilgunga qadar yana qancha qirg‘in va vahshiyliklar yuz berishi kerak?..” – deya savol beradi u.
Turkiyada yashovchi uyg‘ur tarixchisi Nuriddin Izbosar dunyodagi uyg‘ur diasporasi Ilishku hodisasi genotsid sifatida tan olinishi uchun harakat boshlaganini aytadi.
“Xususan, Yevropa mamlakatlari va AQShda ish olib borilyapti, – deydi u. – Bu voqea chindan ham genotsid bo‘lgan, chunki Xitoy hukumati uyg‘urlarni qasddan yo‘q qilishga harakat qilgan”.
Genotsid insoniyatga qarshi og‘ir jinoyat demakdir. 1948-yilning dekabrida BMT Bosh Assambleyasi “Genotsid jinoyatining oldini olish va bunday jinoyat uchun jazo to‘g‘risidagi konvensiya”ni qabul qilgan. Mazkur hujjatga binoan, genotsid uchun javobgarlikni Xalqaro sud hal qiladi. Uyg‘ur faollari Pekinning ham genotsid bo‘yicha javobarlikka tortilishi kerakligini aytmoqda.
Nuriddin Izbosar Ilishku hodisasini zamonaviy Sharqiy Turkiston tarixidagi eng qonli voqealardan biri deb atadi. Uyg‘ur faoli Xitoy hukumati 2008-yilda Pekinda bo‘ladigan olimpiada o‘yinlarini bahona qilgan holda Sharqiy Turkistonda nazorat punktlari sonini oshirib, bosimni yanada kuchaytirishga harakat qildi degan fikrda.
“Ayniqsa 2010-yildan e’tiboran diniy erkinliklarni bo‘g‘ish kuchayib ketdi”, – deya tushuntiradi u.
Tarixchining so‘zlariga ko‘ra, urumchilik 21 yoshli Abubakr Rahim ismli yigitning sa’y-harakati bilan Ilishku hodisasi haqida butun dunyoga xabar tarqaldi. Abubakr VPN orqali internetga ulanib, yorkentliklardan eshitgan ma’lumotlarni yoygan.
“Xitoy hukumatni uni jazolamay qo‘ymadi va 9 yilga ozodlikdan mahrum etdi. Abubakrning taqdiri haligacha noma’lum: o‘lganmi, tirikmi, bilmaymiz, – deydi Nuriddin Izbosar. – Qirg‘inda esa hech kim ayab o‘tirilmagan, hatto xalqni tinchlantirishga kelgan mulozimlar ham uyg‘urlarga qo‘shib otib tashlangan”.
Xo‘sh, o‘zi Yorkentda nimalar bo‘lgan edi?
Germaniyada yashaydigan uyg‘ur faoli Abdulloh Toxti Arish “Amerika Ovozi” bilan suhbatda hududda qonli hodisadan oldin mavjud bo‘lgan vaziyat haqida batafsil gapirib berdi. Uning so‘zlaridan qisqacha xulosa qilish mumkinki, uyg‘urlarning noroziligiga o‘zlariga nisbatan adolatsizliklar va etnik ayrimchilik sabab bo‘lgan. Avvaldan uyg‘urlarning diniy va madaniy markazi hisoblangan Yorkentda diniy erkinlikni bo‘g‘ishga harakatlar, xususan, ro‘molli ayollarning hibsga olinishi xalqning sabrini toshirib yuborgan. Arishning hikoya qilishicha, 2014-yilning 28-iyulida – Ramazon oyining 28-kunida Ilishku qishlog‘ida aholi hijobli ayollarning qo‘yib yuborilishini talab qilib namoyish boshlagan. Biroq odamlar Xitoy xavfsizlik kuchlarining qattiq qarshiligiga duch kelgan: harbiylar va politsiyachilar qurolsiz namoyishchilarni ayamay o‘qqa tutgan. Qirg‘inda dronlardan ham foydalanilgani aytiladi.
“Ilishku va uning atrofida kamida 2 ming kishi o‘ldirilgan deb o‘ylaymiz, qurbonlar soni 3 ming ham bo‘lishi mumkin. Biroq aniq raqamni aytish mushkul”, – deydi u.
Arish qo‘llarida ushbu qonli hodisa aks etgan video va fototasvirlar yo‘qligini aytadi:
“Tasvirlarning yo‘qligi qirg‘in yuz bermaganini anglatmaydi. Balki Xitoy hukumatining bosimi qanchalik kuchli ekanini, hodisaning izlari qanchalar puxtalik bilan yo‘q qilinganini bildiradi”.
Facebook Forum