AQShda prezidentlik saylovlari yaqinlashar ekan, Rossiya demokratiya va demokratik qadriyatlarga ishonchni yemirish uchun yolg'on va uydirmalar tarqatib, Amerika tizimiga qarshi targ'ibot olib bormoqda, deyiladi Vashingtonda chiqqan yangi hisobotda.
Davlat departamentining Global aloqa markazi tahlilicha, dezinformatsiya kampaniyasi Rossiya hukumati aloqa vositalari, global miqyosda ishlaydigan OAV, proksi manbalar, ijtimoiy tarmoqlar va kiber mexanizmlar orqali olib borilmoqda.
“Pekin ham Rossiyadan bu borada saboq olib, konspiratsion nazariyalarni yoyuvchi saytlar, proksi kanallar bilan asossiz materiallarini chiqarib, demokratik normalarni buzish harakatida", - deydi Davlat departamentida bu hisobot ustida ishlagan Lea Gabriyel.
“Xitoy va Rossiyaning dezinformatsiya siyosati real tahdid solmoqda", - deydi rasmiy.
Yaqinda AQSh biror hukumat unga qarshi kiber faoliyat olib borayotganini isbotlovchi axborot uchun 10 million dollar mukofot taklif qilgan edi. Maqsad - bunday hukumatlar bilan ishlayotgan odamlarni aniqlash va bu ishlarni fosh qilish.
“Amerika hukumati saylovlarimizni buzishga uringan biror tarafga toqat qilmaydi. Biz hamkorlarimiz va ittifoqchilarimiz bilan chora ko'rib, ularning qora ishlarini ochib beramiz", - deydi Gabriyel.
Rossiyaning taktikalari samara bermaydi, aksincha uning o'ziga zarar keltiradi, deya eslatmoqda Davlat departamenti.
Kremlga aloqador yetti proksi sayt va tashkilot, xususan Strategik Madaniyat Fondi veb sahifasi va "Katehon" aql markazi dezinformatsiya tarqatayotganlikda ayblanmoqda. Ular koronavirus va pandemiya "AQShning maxfiy ishi" degan uydirmalarni yoygan, deydi rasmiylar, chunki muammoga nisbatan chora ko'rishdan odamlarni aldash osonroq.
Tahlilchilarga ko'ra, Rossiya muddaosi yangi emas. Moskva demokratiya va erkinlik bilan bog'liq qadriyatlarni savolga tutib, ommani ularga qarshi qayrab, nafaqat AQSh tizimi, balki butun xalqaro sistemaga ishonchni pasaytirishni xohlaydi. Ya'ni, deydi bu masalani o'rgangan mutaxassislar, Rossiya AQSh yetakchiligida shakllangan global boshqaruvga chek qo'yishni orzu qiladi.
Kreml bunday xulosa, da'vo va tanqidlarni inkor etib keladi. Putin rahbariyatiga ko'ra Amerika o'z tizimi va jamiyatidagi muammolarda Rossiyani ayblab, o'z zaifliklarini namoyon etmoqda.
Rossiya AQShda 2016-yildagi saylovlarda ham qora ishlarda ayblangan. Qator tekshiruvlar Moskva jarayonlarga aralashganini ko'rsatgan. Biroq Prezident Vladimir Putin va uning ma'muriyati Vashington iddaolariga safsata deb qo'l siltab keladi.
Davlat departamenti esa tizim xavfsizligini ta'minlash uchun global choralar ko'rilishi haqida ogohlantirmoqda.
Facebook Forum