Tojikiston Ichki ishlar vazirligi yaqinda IShID tomonidan tayyorlangan ikki terror amaliyotining oldi olinganligini bildirdi. Ilgariroq Birlashgan Millatlar Tashkiloti faoliyati taqiqlangan ISHID guruhi hali ham yirik qoʻporuvchilik amaliyotlari uyushtirishga qodir ekanligini maʼlum qilgan edi. Suriya va Iroqda oʻz qudratini yoʻqotgan bu tashkilot Markaziy Osiyo tinchligiga xavf soladimi?
Tojikiston Ichki ishlar vazirligi “Iroq Shom islomiy davlati” tomonidan tayyorlangan ikki qurolli hujum yoki qoʻporuvchilik harakatining oldini olganligini maʼlum qildi. Vazirlikning uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasi boshligʻi Shodi Hafizzodaning 3-avgust kuni matbuot anjumanida aytishicha, har ikki hujum ham poytaxt Dushanbega yaqin boʻlgan Respublika boʻysunishidagi tumanlarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan edi.
“Ular hujum uyushtirishdan oldin qoʻlga olindi. Ular Rasht va Shahrinav tumanida bu hujumlarni amalga oshirishni rejalashtirgan edilar va har ikki terroristik harakatda ham nishon sifatida ichki ishlar xodimlari tanlangan edi”, - deydi polkovnik Hafizzoda.
Uning aytishicha, hujumni amalga oshirishi lozim boʻlgan Tojikiston fuqarolarining faoliyati taqiqlangan “Islomiy davlat” guruhiga aʼzo ekanligi aniqlangan.
Tojikiston Ichki ishlar vaziri Ramazon Rahimzodaning jurnalistlarga aytishicha, 2020-yilning birinchi yarim yili davomida vazirlik tomonidan 27 nafar “Islomiy davlat” guruhiga aʼzolikda taxmin qilingan fuqarolar qoʻlga olingan. Bu olti oy davomida terroristik va ekstremistik tashkilotlarga aʼzolikda gumonlanib qoʻlga olinganlarning taqriban 10 foizini tashkil etadi. 2020-yilning birinchi yarim yilida jami 274 nafar fuqaro ekstremizm va terrorizmga aloqadorligi ortidan hibsga olingan. Ulardan 92 nafari mamlakatdan tashqarida hibsga olingan va Tojikistonga keltirilgan. Ammo terroristik tashkilotlarga aʼzoligi maʼlum boʻlishiga qaramay xorijiy davlatlarda ozodlikda yurganlar ham koʻpchilikni tashkil etadi. Shuningdek, ulardan maʼlum qismining taqdiri nomaʼlum. Ular orasida eng taniqlisi Tojikiston OMONining sobiq boshligʻi polkovnik Gulmurod Halimov.
Tojikiston Ichki ishlar vaziri Ramazon Rahimzoda Dushanbe shahrida tashkil etilgan matbuot anjumanida Gulmurod Halimovning halok boʻlganligini uning jasadi topilmaguncha tasdiqlay olmasligini taʼkidladi. Markaziy Osiyo davlatlari terroristik tashkilotlarga qoʻshilganligi haqida aniq maʼlumot yoʻq. Birlashgan Millatlar Tashkiloti hisobotida qayd etilishicha, 2012-yildan boshlab, Markaziy Osiyoning har bir davlatidan minglab odamlar Suriyaga yoʻl olgan.
Ilgariroq, taniqli qirgʻiz dinshunosi Qodir Malikov IShID tarkibida Markaziy Osiyo davlatlaridan yigʻilganlarning alohida guruhi borligi haqida aytgan edi. Baʼzi manbalarda bu guruh Movarounnahr deb atalishi haqida ham maʼlumot berildi.
Qozogʻistonning sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyev “Bloomberg” nashriga bergan intervyusida birinchilardan boʻlib “Suriya va Iroqdan IShID siqib chiqarilsa, ular Afgʻonistonga oʻtadi. Afgʻoniston bilan bevosita chegaradosh boʻlgan Oʻzbekiston, Tojikiston va Turkmanistonga bosim oʻtkazsa, unda biz ham tinch boʻlmaymiz”, degan edi. Shuningdek, Qirgʻiziston Xavfsizlik kengashi kotibi Damir Sanginbayev Suriyada magʻlubiyatga uchragan IShID jangarilari Afgʻoniston shimoli – Markaziy Osiyo chegaralariga oʻtayotganligiga eʼtibor qaratgan edi.
Tojikistonlik tahlilchi Ilhom Yusupovning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, “IShID tarkibiga Markaziy Osiyo davlatlaridan odamlarni jalb etishdan maqsad bu guruh bosib olgan hududni shu tomonga kengaytirish ham boʻlganligini taxmin qilish mumkin”.
Afgʻonistonda IShIDning “Xuroson” nomli boʻlimi tashkil etilgani maʼlum. Ayni paytda “Xuroson”ning Afgʻonistonda nimaga qodir ekanligi haqida fikrlar turlicha.
2020-yilning 2-avgust kuni Afgʻoniston Mudofaa vaziri masʼuli Fuod Amon “Ozodlik”ka IShID mamlakatda tor-mor etilganligini aytdi. Ammo Afgʻoniston parlamentidagi mudofaa qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Gʻulomali Afgʻon IShID hali ham mamlakatda “tirik” ekanligi va oʻz safini kengaytirishga harakat qilayotganligini taʼkidladi.
Iyul oyida AQSh harbiylari ham “Xuroson” “AQSh, NATO va ittifoqchilar askarlari uchun jiddiy xavf tugʻdirayotganligini bildirgan edi. Bir muddat oldin BMT Afgʻoniston tinchligi toʻgʻrisidagi hisobotida “IShID hali ham yirik qoʻporuvchilik amaliyotlari uyushtirishga qodir” ekanligini bildirgan.
Tahlilchilar fikricha, Afgʻonistonda panoh topayotgan terrorchi kuchlar Markaziy Osiyo davlatlariga xavf soladi. Bu xatarni chegaradan oʻtib kelish ehtimoliga tayanib, faqat shu masalada ish olib borish ham notoʻgʻri. Ular solayotgan eng katta xatar – mamlakat ichidan hammaslaklar topishida.
Qozogʻistonlik jamiyatshunos Gulnoza Razdiqovaning aytishicha, IShID oʻz safiga odamlarni jalb etishda internet va zamonaviy texnologiya imkoniyatlaridan juda samarali foydalangan edi. Shuning uchun ham IShID tomonidan boʻlgan xavf-xatar hatto Covid-19 pandemiyasi ortidan davlatlararo chegaralar berk boʻlgan paytda ham saqlanib qolmoqda. Bu tashkilot safida kuchli psixologlar ishlagan va masofadan turib odamlarga taʼsir oʻtkazish imkoniyatiga ega boʻlgan. Shuning uchun hozir hech kim IShID oʻz safiga yangi aʼzolarni jalb etmay qoʻydi, deya olmaydi.
“Masalaning murakkabligi “Islomiy davlat” taʼsiriga tushib qolganlarning mahalliy fuqarolar ekanligida. Ularning bir guruhi mehnat muhojirligida shu yoʻlga kirib qolgan boʻlsa, boshqa bir guruhiga internet orqali taʼsir oʻtkazilgan. Ularning terroristik va ekstremistik tashkilotlarga aʼzo boʻlish sabablari ham turlicha. Hatto Markaziy Osiyo davlatlarining oʻzida vaziyat bir-biridan farq qiladi. Aytaylik, Tojikistonda fundamental islom kuchliroq, Oʻzbekistonda diniy va milliy bagʻrikenglik seziladi, Qirgʻizistonda esa, millatchilik illati kuchayib bormoqda, ammo diniy erkinlik nisbatan koʻproq. Masalan, Tojikistonda titul millat vakillari orasida diniy eʼtiqod ortidan shu tashkilotlarga qoʻshilib ketganlar yetakchilik qilsa, etnik ozchilik orasida ijtimoiy adolatsizlik yoki iqtisodiy yetishmovchiliklar tufayli radikallashib ketgan, ekstremist yoki terroristlar safiga qoʻshilib ketganlar ham koʻp. Shuning uchun ham Markaziy Osiyo davlatlarining ichida qanchalik muammolar koʻp boʻlsa, terrorist va ekstremistlarning imkoniyati shuncha koʻpayaveradi. Covid-19 pandemiyasi ortidan jamiyatdagi radikalizmning ortib borayotganligi ham xavotirli”, - deydi pedagogika fanlari nomzodi Ilhom Yusupov.
Facebook Forum