Breaking News

Obamadan saylov kampaniyasida faolroq bo’lish so’ralmoqda


Obama Trampning tanqidlariga javob beradimi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:53 0:00

Sobiq Prezident Barak Obama so’nggi payt Jo Bayden nomzodini qo’llab-quvvatlashda faolroq rol o’ynayotgan bo’lsa-da, sobiq rahbar Donald Trampni to’g’ridan-to’g’ri tanqid qilishdan o’zini tiyib kelmoqda. Ko’pgina demokratlar fikricha, Obama ko’proq g’ayrat-shijoat ko’rsatishi kerak.

Obama Jo Bayden nomzodini quvvatlab, vaqti-vaqti bilan jamoatchilik oldida ko’rinish beryapti.

“Joning dili pok, unga ishonchim baland”, - deydi u.

Ammo AQShda prezidentlarning o’zidan keyingi rahbarni tanqid qilmaslik an’anasi borki, Obama unga ko’p jihatdan amal qilmoqda. Oq uyni tark etganidan beri u davlat arbobi sifatida o’zi muhim deb bilan mavzularni ko’taradi.

Yaqinda kongressmen Jon Luisning dafn marosimida so’zlar ekan, Obama respublikachilarning ovoz berishni cheklashga qaratilgan sa’y-harakatlarini qoraladi, lekin Prezident Trampni tilga olmadi.

“Hokimiyatda o’tirganlar saylov uchastkalarini yopib, ozchilikdagi guruhlar va talabalarni nishonga olib, ularning ovoz berishini cheklashga iloji boricha harakat qilmoqda”, - dedi Obama.

Biroq Trampning siyosiy an’ana bilan ishi yo’q. Obama va Baydenni u buzuq va layoqatsiz deya tanqid qilib keladi. Tramp Obamani hatto xiyonatda ayblab, 2016-yilda uning saylov kampaniyasi ustidan kuzatuv olib borilgani, telefon suhbatlari yashirincha yozib olinganini da’vo qiladi.

Tramp, shuningdek, Obama davrida qabul qilingan ko’plab qarorlarni bekor qildi. Xususan, Eron bo’yicha kelishuvdan va iqlim bo’yicha xalqaro bitimdan chiqdi. Tibbiy sug’urta tizimini bekor qilish uchun harakatni davom ettirmoqda.

Ammo Obamaning xalq orasida hanuz obro’si baland. 3-noyabr yaqinlashar ekan, demokratlar undan saylov kampaniyasida faolroq bo’lishni, Tramp haqidagi fikrlarini ochiq bayon etishni so’ramoqda.

“Odamlar his qilayotgan g’azab va xavotirni saylovga yo’naltirish, ovoz berish ahamiyatini tushuntirish kerak”, - deydi kommunikatsiya bo’yicha mutaxassis Daniella Gibbs Leger.

Hillari Klintonning prezidentlikka nomzodi tasdiqlagan 2016-yilgi qurultoyda sobiq birinchi xonim Mishel Obama so’zga chiqib, Klintonning prezidentlikka loyiq ekanini ta’kidlagan edi.

Klinton Trampga yutqazdi. Tahlilchilar bu yili ham har ikki tomon agressiv kurash olib borishini aytmoqda.

“2020-yilgi saylovda raqibni ayab o’tirish yo’q. Hech bir tomon bo’sh kelmaydi, oxirigacha qattiq kurashadi. Bu yilgi saylovni qoidasiz jang deyish mumkin”, - deydi siyosatshunos Dominik Tiyerni.

Sobiq Prezident Obama oxirgi to’rt yilda siyosatdan chetda turishni ma’qul ko’rgan bo’lsa-da, noyabr yaqinlashgan sari demokratlar uning saylov kampaniyasida faolroq ishtirok etishini kutmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG