AQSh siyosatini aks ettirgan rasmiy maqola
Vashington uzoq yillardan buyon Xitoy Xalq Respublikasini AQShdagi jinoiy xatti-harakatlarini to’xtatishga chaqirib keladi. Biroq Pekin barcha undovlar va tanqidiy munosabatlarni inkor etishda davom etmoqda.
Ana shunday noqonuniy harakatlarga chek qo’yish maqsadida AQSh Davlat departamenti Texas shtatining Xyuston shahrida joylashgan Xitoy konsulligini yopishga qaror qildi. Chunki Pekin mahalliy institutlardan tibbiy ixtirolarga doir ma’lumotlarni o’g’irlash, 50 dan ziyod professor va tadqiqotchi olimlarni ana shu axborotni Xitoy institutlariga uzatishga majburlash, AQShdagi “xalq dushmani” deb bilingan Xitoy fuqarolarini vatanga qaytarish uchun bosim o’tkazishga uringan.
Xyustondagi Xitoy konsulligi faoliyati allaqachon xorijiy diplomatik korpuslar vakolati doirasidan chiqib ulgurgan edi. Vashingtonning konsullikni yopish qarori Xitoy Kommunistik partiyasi yuritayotgan agressiv taktikaga qarshi qo’llanilgan qator choralarning so’nggilaridan bo’ldi.
Uzoq yillardir Pekinning AQShdagi diplomatik missiyasi hech qanday to’siqlarsiz erkin ishladi. Amerika jamiyati Xitoy uchun hamisha ochiq bo’ldi. Biroq AQShning Xitoydagi diplomatlariga teng sharoitlar yaratib berilgan emas. O’zaro munosabatlarda Xitoy adolatni ta’minlashdan yiroq bo’lgan. Pekinning aynan shunday pozitsiyasi nafaqat AQShda, balki dunyoning ko’plab mamlakatlarida ham qayd etilgan. Darhaqiqat, Xitoyning intellektual mulk o’g’riligi va josuslik faoliyati allaqachon global tahdidga aylanib ulgurgan.
Xususan, AQSh Adliya vazirligi Xitoy fuqarolari Li Syaoyuy va Dun Szyachjiga 11 modda bo’yicha ayblov e’lon qildi. Bu ikki shaxs so’nggi o’n yil mobaynida yuksak texnologiyalarga ega mamlakatlarning yirik kompaniyalariga xakerlik hujumlarini amalga oshirganlikda ayblanmoqda. Kiber xurujdan zarar ko’rgan mamlaklatlar ro’yxatida AQSh, Avstraliya, Belgiya, Germaniya, Yaponiya, Litva, Niderlandiya, Ispaniya, Janubiy Koreya, Shvetsiya va Britaniya qayd etilgan.
Ayblov moddalarining har biri Xitoy Xalq respublikasining o’z iqtisodiy va diplomatik ambitsiyalariga noqonuniy, xufyona va korrupsion yo’llar bilan erishishga intilganini ko’rsatadi. Vashington qo’llayotgan chora esa AQSh-Xitoy munosabatlarining tamali adolat, ehtirom va teng manfaatlar asosiga qurilishi yo’lidagi urinishdir.
Prezident Donald Tramp Xitoy Kommunistik partiyasining AQShdagi kirdikorlariga “Bas, yetar!” degan nuqtani qo’ymoqda. Davlat kotibi Mayk Pompeo ham kuni kecha Yevropa mamlakatlariga qilgan safari chog’ida aynan shu mazmunda bayonot berdi:
“Biz Xitoy Kommunistik partiyasidan konkret amaliy qadamlar kutayotganimizni aniq ifoda etdik. Bunga javoban Pekin ijobiy o’zgarishlar qilmasa, biz Amerika xalqi, davlat xavfsizligi, iqtisodi va ish o’rinlarini himoya qilish maqsadida keskin choralarni qo’llaymiz”.
Facebook Forum