Respublikachilar partiyasi vitse-prezidentlik uchun Mayk Pens nomzodini tasdiqlab, unga ishonch bildirdi. Pens fikricha bugungi Amerikaning kuchli prezidenti bor - Donald Tramp. Shunday ekan, deydi u, saylovchi uni albatta qayta saylashi lozim. Biroq Pensning partiya qurultoyidagi nutqi qismma-qism savolga tutilmoqda. Jurnalistlar va siyosatdonlar deydiki, ma'ruzada keltirilgan "faktlar" fakt emas.
"To'rt yil oldin biz hokimiyatga kelganimizda mamlakat iqtisodiyoti buyuk depressiyadan chiqishga qiynalayotgan edi. Vashingtonda muxolifatning keskin qarshiligi va doimiy buzg'unchiligiga qaramasdan biz dunyodagi eng qudratli iqtisodiy tizimni yana oyoqqa turg'azdik", - dedi Pens.
Amerika iqtisodi Barak Obama prezidentligi davrida inqirozdan chiqqan va kengaya boshlagan. Jarayon sekin edi, ammo Tramp ham uni tezlashtirmagan, deydi ekspertlar.
Obamaning ikkinchi muddatida iqtisodiy o'sish 2,3 foizni, Tramp prezidentligining birinchi uch yillida 2,5 foizni tashkil etgan.
Obama rahbarligi o'z poyoniga yetayotgan paytda Amerikada ishsizlik 4,7 foiz edi. Byudjetdagi kamomad ozayishni boshlagan edi.
Ko'rsatkichlar Tramp boshqaruvida salmoqli ravishda o'zgarmadi, lekin pandemiya sabab hozirda iqtisod og'ir ahvolda, deya ta'kidlamoqda tahlilchilar.
AQSh yetakchi axborot vositalarining yoritishicha, Vitse-prezident Pensning demokratlardan prezidentlikka nomzod Jo Bayden politsiyaga qarshi degan gaplari ham asossiz.
Bayden, respublikachilar iddao qilayotganidek, politsiyadan mablag'ni qirqmoqchi emas. U tizimni isloh qilishni xohlaydi va bu jarayonda aslida huquq-tartibot uchun ko'proq moliya ajratish ko'zlanadi.
Pens so'zlayotgan paytda Lora to'foni Texas va Luiziana sohillariga yaqinlashib, kuchini oshirayotgan edi.
"Tramp ma'muriyati aholini asrab-avaylaydi va bacha zarur choralarni ko'rmoqda", - dedi Pens.
Vitse-prezident yurtdoshlariga Merilend shtatining Baltimor shahridagi tarixiy maskandan turib murojaat qildi.
Respublikachilar qurultoyining bugungi tadbirlarida so'zlaganlar ayollar ovozi ahamiyatini tan oldi, shuningdek, dindor qatlam dardi va manfaatlari haqida gapirdi.
Konservativ partiya yetakchilari Tramp prezident sifatida barcha amerikaliklar xizmatida ekanini deya qayd etarkan, liberallar bunday qarashdan yiroq. Ular nazarida Tramp rahbarlikni eplay olmadi va ketmagan taqdirda, Amerika jar yoqasiga boradi.
Respublikachilar esa agar Bayden prezidentlikka saylansa, davlat boshi berk ko'chaga kiradi, deya ogohlantirmoqda.
26-avgustdagi reytinglarda Bayden qariyb 49 foiz bilan oldinda. Trampga 40 foizdan sal oshiq amerikalik ovoz bermoqchi ekanini aytgan.
Prezident o'z chiqishlarida takror-takror aytadigan jumla shuki, u albatta qayta saylanadi.
Facebook Forum