61 yoshli Vitse-prezident Mayk Pens Indiana shtatidan chiqqan siyosatchi. Sobiq kongressmen, sobiq gubernator. Prezident Donald Tramp qanday muammolar bilan yuzlashmasin, uning oldida turadi, sodiq muovin.
Tramp uni vitse-prezidentlikka tanlaganida respublikachilar hayron bo'lmagan. Bosiq va sabr-qanoatli Pens bu lavozim uchun ayni odam, deya olqishlashgan. Hozir ham quvvatlov kuchli.
Pens Tramp suyanadigan tog', deydi tarixchi-tahlilchi Jol Goldshteyn.
“Pens prezidentning maslahatchisi. Kongress bilan yaqindan ishlaydi. Diplomatlik ham qiladi".
Koronavirus tarqalar ekan, Pens unga qarshi kurash komissiyasiga raislik qildi. Tramp ma'muriyat nimaiki chora ko'rsa-ko'rmasa, Pens uni tushuntirdi. Eng og'ir savollarga u javob berishga urindi.
“Maktablarni qayta ocha olamiz. Bolalar xavf ostida emas", - dedi Pens.
AQShda vitse-prezidentlar har doim ham bu qadar faol bo'lmagan. Jon Kennedi prezidentligida Lindon Jonson jonbozlik ko'rsatgan. Oxirgi bir necha o'nyillikda vitse-prezidentlarning roli oshdi.
"Vitse-prezidentlik lavozimining ahamiyati Karter-Mondeyl Oq uyda bo'lgan davrda kuchaydi", - deydi Goldshteyn.
Ya'ni 1970-yillar oxiri 1980-yillarning boshida. Volter Mondeyl Prezident Jimmi Karterning suyangan tog'i bo'lgan. Undan keyingi vitse-prezidentlar, har ikki partiyadan ham, shu yo'ldan bordi. Yaqin maslahatchi, faol.
Dik Cheyni vitse-prezident sifatida Prezident Jorj Bushning har bir qarori ortida turdi, deydi tahlilchilar, ham tashqi ham ichki siyosatda.
"Tramp Dik Cheyni singari vitse-prezidenti bo'lishini aslo xohlamadi. Pens prezident istagan masalalar ustida ishlaydi, u bergan vazifalarni bajaradi. Tramp hokimiyatda bir o'zi bo'lishini, vitse-prezident uning iznidan chiqmasligini istaydi”, - deydi Reb Braunell.
Dindor Pens o'zi singari konservativ amerikaliklarni Tramp ta'siri ostida ushlab turibdi.
Pens Trampning immigratsion siyosatini targ'ib qilib kelmoqda. Eng yuqori lavozimlarga sodiq insonlar kelishini ta'minlamoqda. Rossiyaga nisbatan Trampga qaraganda keskinroq munosabatda lekin buning ta'siri sezilmaydi. Ayollarga nisbatan yondashuvda ham prezidentdan farq qiladi.
Lekin tahlilchilar bu masalada ham uning ta'sirini ko'rmaydi.
"Pens kuchli vitse-prezident emas. O'ziga xos jihatlari bilan ajralib turgani yo'q. Prezident nima desa, shuni qiladi", - deydi Goldshteyn.
Ayrim tahlilchilarga ko'ra, Pens norozilik namoyishlarida qurolli kuchlar safarbar etilmasligi uchun harakat qilgan. Pens, ular nazarida, kuch ishlatishga ehtiyotkorlik bilan yondashadi.
Vitse-prezident parda ortida ham omma oldidagidek itoatkor va bosiqmi? Agar shunday bo'lsa, uning ta'sirini yuqori deb baholay olmaymiz, deydi siyosatdonlar. Tramp uning o'rniga boshqasini tanlamagani Pensdan minnatdor ekanini anglatadi.
Facebook Forum