"Amerikaning yuragi bir. Bittamiz chekkan azobni hammamiz his qilamiz. Koronavirus oramizdan olib ketgan amerikaliklar uchun duo qilamiz", - dedi Prezident Donald Tramp bugun Oq uyda so'zlar ekan.
"Ikki oy oldin dunyodagi eng mustahkam iqtisodiyotga ega edik. Uni yana oyoqqa turg'azamiz. Zudlik bilan harakat qilamiz".
Trampga ko'ra, uning maslahatchilari pandemiya chekinayotganini aytgan va Amerika qayta ochilish uchun hozirlik ko'rmoqda.
"Millionlab mehnatkashlar ishga qaytishni istaydi, tirikchiligini tiklashni xohlaydi. Ularga bu imkoniyatni albatta yaratib beramiz", - deydi prezident.
Tizimga misli ko'rilmagan darajada ziyon yetdi va buning zararini xalq ko'rmoqda, deydi u.
Pandemiya sabab butun xususiy sektor, notijoriy tarmoqlar, ta'lim tizimi va boshqa sohalar - barchasi sustlashdi va aksariyat hollarda faoliyatini to'xtatishga majbur bo'ldi.
28-aprel kuniga kelib, virusni yuqtirganlar Amerika bo'ylab 1 milliondan oshdi. O'lganlar esa 60 mingga yaqinlashdi. Tuzalganlar 140 mingdan ziyod.
Dunyoda kasallanganlar soni 3 milliondan o'tdi. Vafot etganlar 218 mingga yetib qoldi. Sog'ayganlar qariyb 1 million.
Moliyaviy ko'mak bois 1,6 million kichik biznes saqlab qolindi, 30 million ish o'rni boy berilmadi, deydi Tramp.
Kongress ajratgan 2,2 trillion dollarlik ko'mak paketi har bir soha uchun ko'zlangan edi. Aksariyat amerikaliklar hukumatdan chek oldi.
Prezident fikricha, bu o'ta muhim madad va dalda bo'ldi.
Koronavirus testi kengaytirilgan holda davom etadi, deydi Vitse-prezident Mayk Pens. Hozirgacha 6 millionga yaqin odam bu mamlakatda ko'rikdan o'tgan.
Normal hayotga qaytish uchun kuniga 500-700 ming kishi testdan o'tishi lozim, deya ogohlantirmoqda mutaxassislar. Tizim buni eplay oladimi?
"Albatta eplaymiz", - deya javob qildi Pens, kechagi brifingda.
Oq uy shtatlarga bu borada ko'rsatma yuborgan. Shtatlar qachon ochilishni o'zlari hal qiladi, lekin federal hukumat nimaiki yordam kerak bo'lsa, beradi, deydi prezident.
Facebook Forum