Breaking News

Kichik bizneslar va kasalxonalarga yana 484 milliard dollar yordam beriladi


Prezident Donald Tramp kichik bizneslar va kasalxonalarga qo’shimcha 484 milliard dollar madad ko’rsatish bo’yicha qonun loyihasini imzoladi. Bu so’nggi ikki oyda qabul qilingan to’rtinchi yordam paketi bo’lib, iqtisod to’xtab qolgan sharoitda millionlab amerikaliklarga yordam berishga qaratilgan.

Mablag' quyidagicha taqsimlanadi: 75 milliard dollar kasalxonalarga; 25 milliard dollar mamlakat bo'ylab testdan o'tkazish tizimlarini yo'lga qo'yish uchun; 60 milliard dollar kredit dasturlariga va 310 milliard dollar kichik bizneslarga o'z ishchilariga maosh to'lashga yordam berish uchun.

Pandemiya boshlanganidan buyon 26 milliondan ziyod amerikalik ishsizlik kompensatsiyasini olish uchun ariza topshirgan. Iqtisodchilar taxminiga ko’ra, mamlakatda ishsizlik 15-20 foizga yetgan bo’lishi mumkin. Bunday ko’rsatkichlar so’nggi bor bir asr oldingi Buyuk Depressiya paytida qayd etilgan.

“Vaksina tayyor bo’lishiga oz qoldi, lekin afsuski, u sinovlardan o’tishi uchun ancha vaqt ketadi”, - dedi Prezident Tramp kunlik matbuot anjumanida.

Olimlarga ko’ra, agar dastlabki tadqiqotlar tanlab olingan bemorlarda yaxshi natija ko’rsatsa, vaksina 12-18 oy ichida sinov uchun tayyor bo’ladi.

Muammolarga ishora

Yuqumli kasalliklar bo’yicha yetakchi ekspert, doktor Entoni Fauchining aytishicha, AQShda koronavirus testlarini o’tkazish uchun zarur vositalar, jumladan, mazok va ximikatlar yetishmayapti.

“Testlarni [keng ko’lamda] o’tkazishga tayyormiz, deya olmayman. Ammo progress bor”, - deydi Oq uyning koronavirusga qarshi kurashish bo’yicha tezkor guruhi a’zosi Fauchi.

Prezident Tramp ekspert fikriga qo’shilmasligini aytmoqda. Uning aytishicha, AQSh testlarni o’tkazish masalasida boshqa mamlakatlardan oldinda.

Oqartirgich ichmang

Oq uyda 23-aprel kuni o’tgan brifingda koronavirus ustida o’tkazilayotgan tajribalar, xususan, virus quyosh nuri ostida, yuqori harorat va namlik ta’sirida tezroq nobud bo’lishi ma’lum qilindi.

Prezident Tramp esa virusni o’ldirish uchun dezinfeksiyalash vositalari va “ultrabinafsha nurlarni” odam tanasiga kiritish ustida ham tadqiqotlar o’tkazishni taklif qildi. Uning bu mulohazalari ortidan televizion kanallar odamlarga oqartirgich singari dezinfeksiyalash vositalarini ichmaslik haqida ogohlantirmoqda.

24-aprel holatiga ko’ra, AQShda koronavirusni yuqtirganlar 890 mingga yaqinlashmoqda, undan o’lganlar 50 mingdan oshdi. O’limlarning qariyb uchdan biri Nyu-Yorkka to’g’ri keladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG