Breaking News

AQShda bir oyda 22 million odam ishidan ayrildi


Koronavirus pandemiyasi AQSh iqtisodiyotini qaqshatishda davom etmoqda. O’tgan haftada ishidan ayrilgan yana 5,2 million amerikalik hukumatdan yordam so’ramoqda.

Mehnat vazirligi ma’lumotiga ko’ra, o’tgan bir oy ichida ishsizlar qariyb 22 millionga yetdi. Bizneslar yopilishining iqtisodiyotga ta’siri ayonlashar ekan, yordam uchun murojaatlar oshib borishi kutilmoqda. Norasmiy hisoblarga ko'ra, ishsizlik 15 foizga yetdi.

Qo’shma Shtatlarda bu darajadagi ishsizlik 1930-yillardagi Buyuk Depressiya davridan beri kuzatilmagan.

O’tgan bir oyda ba’zi kompaniyar xodimlarini tezda ishdan bo’shatdi, boshqalari bir necha hafta davomida maoshlarni to’lab borishga va’da berdi. Ammo endilikda ko’ogina kompaniyalar ishchilarni maoshsiz majburiy ta’tilga chiqarmoqda.

Ba’zi iqtisodchilarga ko’ra, AQSh iqtisodiyoti yilning dastlabki uch oyida 10,8 foizga qisqargan. Bu Ikkinchi jahon urushidan beri eng katta ko’rsatkich. Korxonalar qachon qayta ishga tushishi noma’lum. 2020-yil oxirigacha yana millionlab odam ish o’rnini boy berishi mumkin.

Prezident Donald Tramp koronavirus holatlari nisbatan kam shtatlarda 1-maydan karantinni tugatish istagini bildirmoqda. Ammo yirik korporatsiyalarning ogohlantirishicha, buning uchun avvalo imkon boricha ko’proq odamni testdan o’tkazish lozim.

Ishsizlik kompensatsiyasi miqdori shtatdan-shtatga farq qiladi. Ko’p hollarda ishchi maoshining yarmiga ham yetmaydi. AQSh hukumati ma’qullagan 2 trillion dollarlik yordam paketi ushbu kompensatsiyani haftasiga 600 dollarga oshiradi.

Yaqin tarixda AQShda ishsizlar bu sur’atda ko’paymagan. 2007-2009 yillardagi moliyaviy inqiroz davrida 8,6 million odam ishidan ayrilishi uchun ikki yil vaqt ketgan edi.

Shunga qaramasdan, AQSh Moliya vaziri Stiv Mnuchin may oyida bizneslar qayta ishga tushadi, deya ijobiy prognozlarni taqdim etmoqda.

“O’ylaymanki, prezident tibbiy ahvol yaxshilanishi bilanoq iqtisodiyotni ishga tushiradi. Kompaniyalar va ishchilar uchun barcha sharoitni tayyorlab turibmiz”, - deydi u.

15-aprel kuni Trampning yuzlab tarafdorlari Michigan shtatida joriy etilgan karantinni qoralab, namoyishga chiqdi.

2009-yilgi inqirozda mamlakatda ishsizlik 10,2 foizga yetgan edi. Ayrim bashoratlarga ko’ra, bu gal yoz oylarigacha 25-40 million odam ishsiz qolishi mumkin.

Ba’zi shtatlar ishsizlik kompensatsiyasi bo'yicha murojaatlarni qabul qilishga ulgurmayapti. Nyu-York va Oregonda arizani onlayn topshirish tizimi ishdan chiqqan.

Chakana savdo, restoranlar, sport zallari va turizm – koronavirusdan eng ko’p ziyon ko’rayotgan sohalar. Keyingi payt ishlab chiqarish, omborxonalar va transport kompaniyalarida ham xodimlar ishdan bo’shatilmoqda.

Ayni damda AQSh bo’ylab 190 000 do’kon yopiq. “Macy’s”, “Kohl’s” va “Gap” singari yirik chakana savdo do’konlari umumiy hisobda 290 000 odamni ishdan bo’shatgan. Boshqa kompaniyalarda xodimlar katta sonda majburiy ta’tilda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG