Breaking News

Koronavirus: AQSh iqtisodiyoti qachon ochiladi?


Koronavirus tufayli faoliyatini to'xtatgan biznes, Michigan, 2020-yil, 2-aprel
Koronavirus tufayli faoliyatini to'xtatgan biznes, Michigan, 2020-yil, 2-aprel

AQSh Prezidenti Donald Tramp imkoniyat bo’lishi bilan iqtisodiy faoliyatlar qayta tiklanishini aytib keladi.

“Mamlakatimiz yopiq turishga mo’ljallanmagan”, - deydi u.

Prezident iqtisodiyotni qayta izga tushirish choralarini boshlash uchun Oq uyda yana bir ishchi guruhini tuzishi kutilyapti.

“Vashington Post” gazetasining yozishicha, yangi guruhda ma’muriyat rasmiylari, xususan, Oq oy boshqaruvchisi Mark Midous, Moliya vaziri Stiven Mnuchin hamda xususiy sektor vakillari bo’ladi.

Maqsad 30-apreldan boshlab mamlakat iqtisodiyotini iziga tushirish. Shu kuni aholi orasida ijtimoiy masofa saqlashga oid federal hukumat tavsiyasi nihoyasiga yetishi kerak.

Ammo sog’liqni saqlash bo’yicha mutaxassislar iqtisodiy faoliyatni qayta tiklash prezident o’ylagandan ko’ra uzoqroq vaqt olishini aytmoqda.

Tramp, dastlab 12-aprel Pasxa bayramigacha ko’chalarda odamlar yig’ilishni boshlashi haqida aytgan edi. Ammo bunga erishish hozirgi sharoitda mumkin emasligi tez orada ayon bo’ldi.

Trampning iqtisodiyot bo’yicha maslahatchisi Larri Kudlovning aytishicha, koronavirus bo’yicha e’lon qilingan cheklovlarni yumshatish bo’yicha qaror sog’liqni saqlash mutaxassislari tavsiyasi asosida qabul qilinadi.

Kudlov fikricha, kelasi 4-8 hafta ichida koronavirus tarqalishi sekinlashishi va natijada iqtisodiyotni qayta izga tushirish ishlari boshlanishi umid qilinmoqda.

Bizneslar qachon ochiladi, degan savolga Vitse-Prezident Mayk Pens bu masala ustida mutaxassislar ishlayotganini aytdi.

“Bu mavzuda prezident qarori Amerikani mas’uliyat qayta oyoqqa qo’yish imkonini beruvchi ilmiy dalillar asosida qabul qilinadi”, - dedi u.

Agar ma’muriyat mutaxassislar fikriga quloq tutsa, deydi kuzatuvchilar, Oq uy umid qilayotgan sakkiz haftalik muddat kamlik qilishi mumkin.

Bir necha bosqichli taklif

O’tgan hafta Amerika Ishbilarmonlik instituti sog’liqni saqlash bo’yicha bir qator ekspertlar muallifligida Amerika iqtisodiyotini qayta ishga tushirishga oid yo’l xaritasini e’lon qildi. Hisobot mualliflari orasida 2017-2019-yillar Tramp ma’muriyatida ishlagan Skot Gotlib ham bor.

Guruh hisobotiga ko’ra, AQSh hozir keskin choralar ko’rilgan, kasallanganlar soni tez o’sayotgan hamda sog’liqni saqlash tizimi bunga dosh bera olmayotgan birinchi bosqichda turibdi.

Ikkinchi bosqichda hududlarda iqtisodiyotni sekin-asta ochish choralari boshlanadi. Ammo hali unga o’tishga dalolat qiladigan o’zgarishlar mavjud emas.

Tadqiqotga ko’ra, 2-bosqichga o’tish uchun quyidagi to’rt shart bajarilishi kerak: 14 kun davomida kasallar sonining kamayib borishi; kasalxonalar barcha bemorlarni zo’riqishsiz davolay olishi; barcha ehtimoliy bemorlarni tekshirish imkoniyatining mavjudligi hamda mavjud bemorlarni va ular bilan aloqada bo’lganlarni doimiy kuzatib turish salohiyati.

AQShda hali bu shartlarning birortasi bajarilgani yo’q. Kasallar soni kamaygan hududlarda ham keng qamrovli test o’tkazish imkoniyati mavjud emas va kasalxonalarda yetishmovchilik yuqori.

Barcha cheklovlar ko’tariladigan uchinchi bosqichga esa hali ancha bor. Hisobotda yozilishicha, virusning o’limga olib boruvchi asoratini kamaytirish yoki ideal holatda vaksinaning amaliyot uchun tasdiqlanishi uchinchi bosqichga yo’l ochadi.

Gotlibning aytishicha, ishonchli vaksina topilmaguncha iqtisodiyot to’liq qayta tiklanishini umid qillish ahmoqlik.

“Busiz iqtisodiyot 80 foizga tiklanishi mumkin”, deydi u.

Xitoydan saboqlar

Xitoy tajribasi Gotlibning haqligini ko’rsatmoqda. Hukumat virusning ilk o’chog’i bo’lgan Uxan shahrida cheklovlarni bekor qildi. Korxonalarning 97 foizi faoliyatini tiklagani da’vo qilinsa-da, matbuotning yozishicha, xodimlarning faqat 60 foizi ishga qaytgan.

Aholining odatiy hayot tarziga qaytishi virusning yana ko’payishiga sabab bo’lishi mumkinligi haqida ham xavotirlar bor. Masalan, Gonkongda sayohatga qo’yilgan cheklovlar yengillatilishi ortidan kasallanganlar soni o’sgan va natijada yana cheklovlar qayta joriy qilingan.

Garvard universiteti tadqiqotchilarining aytishicha, virus tarqalish tezligi turli hududlarda turli bosqichda ekanligi bois AQShda cheklovlarni butunlay olib tashlash ikki yilgacha vaqt olishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG