Breaking News

Tramp: Amerika hozirgi mavhumlikni qabul qilmaydi


Oq uy, Vashington
Oq uy, Vashington

AQShda koronavirus aniqlanganlar ayni damda 42 mingdan oshgan, o’lganlar 500 nafardan ziyod.

Dunyo bo’ylab esa 373 mingga yaqin odam bu kasallik bilan olishmoqda. Vafot etganlar 16 mingdan ko’p.

1,5 milliard odam, jahon ahlining beshdan bir qismi, uyda. Korxonalar to'xtagan, eng zarur sanoatlar faoliyatini davom ettirmoqda, biroq ko'plar uydan ishlamoqda. Maktablar va oliygohlar yopiq.

Jahon Sog'liqni saqlash tashkiloti davlatlarni virusga nisbatan imkon qadar ko'proq chora ko'rishga chaqirmoqda.

Amerika qimmatbaho qog'ozlar bozorida misli ko'rilmagan pasayish kuzatilar ekan, iqtisodiyot real inqiroz tomon yo'nalmoqda degan xavotir kuchli.

Kongressda 2 trillion dollarga yaqin yordamni o'z ichiga olgan loyiha muhokamada. Hozircha demokratlar va respublikachilar bu borada kelisha olmagan.

Prezident Donald Tramp sabrsizlanib, Kongress uning takliflarini quvvatlamasa, "tegishli farmonlar" chiqarib, iqtisodiyotni asrash uchun "dadil qadamlar" tashlamoqchi. Tarozining bir pallasida koronavirus salomatlikka solayotgan xavf, ikkinchi pallasida esa iqtisodiyotga ziyon. Tramp qay birini ustun qo'yadi?

"Har ikkisini eplay olamiz", - deydi prezident. Lekin hatto uning ma'muriyati a'zolari ham hozir asosiy e'tiborni xalq sog'lig'iga qaratish kerak degan fikrda.

"Biz bu qiyinchiliklarni albatta yengamiz. Iqtisod ham yana kuchayadi. Normal hayotga qaytamiz, albatta. Tibbiyot sohasi egalari, sog'liqni saqlash tizimini tebratayotganlar, hamma matonat bilan mehnatda", - deydi Tramp.

O'tgan haftada Oq uy navbatdagi ikki hafta kelgusi qadamlarni hal qiladi, deya e'lon qilgan edi. Bir hafta o'tdi. Tramp deydiki, mamlakat mavhum holda yashay olmaydi, mavhum holda yopiq tura olmaydi. Amerika mavhumlikni qabul qilmaydi, deydi u.

"Bu inqirozdan chiqish uchun konkret chora ko'rmasak bo'lmaydi",- deydi prezident.

Koronavirus testi paketi, Sietl, Vashington shtati
Koronavirus testi paketi, Sietl, Vashington shtati

Tramp, shuningdek, yangi tasdiqlangan dori allaqachon samara berib, ayrim bemorlar undan tuzala boshlaganini aytadi. Masalan, Florida shtatida bu vosita insonni o'limdan saqlab qoldi, deydi u. Bu dori shu paytgacha bezgakka qarshi qo'llangan.

AQSh markaziy banki bizneslar va mahalliy hukumatlarga foizsiz qarz berish uchun 300 milliard dollar ajratmoqda.

Xalqaro hamjamiyat AQShni Eron va Venesuela kabi virusdan o'ta qiynalib qolgan davlatlarga nisbatan amaldagi sanksiyalarni yumshatishga chaqirmoqda. Vashington bu yo'ldan bormoqchi emas.

Xalqaro Olimpiada Qo'mitasi bu yili Yaponiyada o'tishi rejalangan o'yinlarni kechiktirishi mumkin.

Koronavirus dunyoning eng qaynoq nuqtalari, jumladan, Falastin va Suriyaga ham yetib borgan. Mojarolardan tinkasi qurigan aholi endi bu kasallik bilan ham kurashishga majbur.

Ayni damda 10 mingdan oshiq amerikalik chet elda va vatanga qaytishga harakat qilmoqda. Davlat departamenti ularga yordam beradi va shu paytgacha minglab fuqarolarni olib kelganidek, ularni ham ona yurtga qaytaradi, deydi Tramp.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG