O’zbekiston hukumati koronavirusga qarshi kurashda Xitoy tajribasini qo’llashga qaror qilgan. Bu qaror shaxsan Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig’iga ko’ra amalga oshiriladi.
Prezident tegishli idoralarga xitoylik mutaxassislarni mamlakatga jalb qilish, virusga qarshi kurash jarayonida ular tajribasidan foydalanish, mutaxassislarni O’zbekistonga olib kelish uchun maxsus reys tashkil etish haqida topshiriq bergan.
Ayni paytda Bosh vazir Abdulla Aripov Xitoy tomoni bilan bu borada muzokarada va tez kunlarda xitoylik ekspertlar O’zbekistonga kelishi kutilmoqda.
20-mart holatiga ko’ra O’zbekistonda 33 kishida koronaviris aniqlangan.
Epidemiyaga doir jarayon O’zbekistonda virus tarqashi boshqa davlatlarda kuzatilayotganidek shiddatli emasligini ko’rsatadi. Hozirgacha aniqlangan holatlarning aksariyati xorijda virus yuqtirganlarning yaqin qarindoshlari bilan bog’liq bo’ldi.
Prezident Mirziyoyev epidemiyaga doir o’tkazgan yig’ilishida virusga qarshi kurash jamg’armasi tuzilishini ham e’lon qildi.
10 trillion so’m ajratiladigan Inqirozga qarshi jamg’arma nafaqat virus tarqashiga qarshi, koronavirusning iqtisod va ijtimoiy vaziyatga ta’sirini bartaraf etish, shuningdek, epidemiyadan zarar ko’rgan sohalarni va ijtimoiy qatlamlarni quvvatlashni ham maqsad qiladi.
Koronavirus bois qiyin vaziyatda qolganlar Rossiyadagi mehnat muhojirlari bo’lib turibdi. O’zbekiston o’z chegaralarini yopishi, xalqaro qatnovlarni to’xtatishi ortidan Rossiyadan qaytish niyatidagi yuzlab fuqarolar aeroportlarda sarson.
Toshkent bu fuqarolarni vatanga olib kelish bo’yicha choralar ko’rib, charter reyslar tashkil etilishini bildirgan. Ammo ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya aeroportlarida qolgan o’zbekistonliklar ahvoliga doir lavhalar tarqashda davom etmoqda.
O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Moskva aeroportlarida yuzaga kelgan vaziyat bo’yicha maxsus bayonot bilan chiqdi.
Unda aytilishicha, vazirlik “Vnukovo” aeroporti ma’muriyati bilan muzokara o’tkazgan va O’zbekiston fuqarolari uchun “B” terminalidan barcha tegishli sharoitlar yaratilgan maxsus hudud ajratilgan. Ammo O’zbekiston fuqarolari bu hududga o’tishdan bosh tortmoqda.
Tashqi ishlar vazirligi O’zbekiston fuqarolariga aeroport hududida ajratilgan joyga o’tib, ma’lum vaqt o'sha joyda kutish tavsiyasini beradi.
Shuningdek, vazirlikka ko'ra, Prezident Mirziyoyev xorijdagi fuqarolarni mamlakatga qaytarishga doir ko’rsatma bergan.
Bu ko’rsatmaga muvofiq tuzilgan komissiya bir necha davlatdan maxsus reyslar tashkil etib, qaytgan fuqarolarning 14 kun davomida karantinda saqlanishini nazorat qiladi.
Komissiya bu parvozlar tartibi haqida ma’lumotlar taqdim etishi kutilmoqda.
O’zbekistonda karantin shartlarini buzganlik uchun javobgarlik belgilangan. Bu haqda Mirziyoyev kuni-kecha jamoatchilikka eslatdi.
Sog’liqni saqlash vazirligiga ko'ra, koronavirus aniqlangan dastlabki bemorlar tuzalmoda. 21-martdan boshlab jamoat oshxonalari, choyxonalar yopiladi va 23-martdan boshlab to’ylar taqiqlanadi.
Sanitariya epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi rahbari Nurmat Otabekovning matbuotdagi intervyusida umidli uchqunlar qayd etiladi. Uning ta’kidlashicha, koronavirus xavfi aprel-may oylarida bosilishi kutilmoqda.
Facebook Forum