Breaking News

Kongress 2,2 trillion dollarlik iqtisodiy ko'makni ma'qulladi


Koronavirusga qarshi 2,2 trillion dollar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:23 0:00

AQSh tarixida bunaqasi bo'lmagan va shu jumladan, dunyo tarixida ham. Kongressning har ikki palatasi ma'qullagan hujjat misli ko'rilmagan miqdorda yordam ko'rsatishni ko'zlaydi.

2,2 trillion dollarlik ko'mak paketidan maqsad - koronavirus pandemiyasi yetkazgan zararni qoplash, har bir sanoat va har bir amerikalikning og'irini yengil qilish, deydi Nensi Pelosi, Vakillar palatasi spikeri.

Hujjatga ko'ra, amerikaliklarning har biriga 1200 dollargacha yordam puli beriladi, shuningdek, ijtimoiy himoya oshadi, jumladan ishsizlar va qarzdorlar uchun hamda butun iqtisodiy tizimga soliq imtiyozlari kengayadi.

Ajratiladigan mablag'ning katta qismi mamlakat sog'likni saqlash sektori uchun bo'lib, barcha turdagi tibbiy muassasalar texnik va moliyaviy madad oladi.

Oq uy, 27-mart, 2020
Oq uy, 27-mart, 2020

Prezident Donald Tramp Kongress yuborgan hujjatga darhol imzo chekdi va voqeani Amerikaga xos buyuk yutuq deb atadi.

Oq uy bilan bu chora yuzasidan uzoq olishgan spiker Nensi Pelosi deydiki, koronavirusga qarshi kurashda isbot-dalil asosiy omil bo'lishi shart. Trump ma'muriyati har bir qadamni mutaxassislar bilan maslahatlashgan va ularning tavsiyalarini hisobga olgan holda tashlashi zarur.

Respublikachilar nazarida esa Pelosi demokratlar yetakchisi sifatida, ya'ni muxolifat lideri rolida vaqtni cho'zdi, lekin tomonlar baribir til topishdi.

"Hujjatning har bir jihati yuzasidan hamma birdek rozi bo'lmasa-da, xalqqa va tizimga yordam zarurligini birdek anglab turibmiz", - deydi Kevin Breydi, Texasdan respublikachi kongressmen.

"Har bir daqiqa g'animat. Hozir partiyabozlik qiladigan, mafkurani bahona qiladigan payt emas", - deydi Jerald Konnoli, Virjiniyadan demokrat kongressmen.

Lekin har ikki partiyada hujjatni to'liq ma'qullamaganlar ko'p. Yordamni taqsimlash nozik jarayon ekani aniq.

Fuqaroning yillik maoshi 75 ming dollargacha bo'lsa, hukumat bu odamga 1200 dollarlik chek yuboradi. Er-xotin yiliga 150 ming topsa, demak, birgalikda 2400 dollarlik chek olishadi. Har bir farzand uchun yana 500 dollar. Daromad bundan yuqori bo'lsa, chekdagi miqdor pasayib boradi.

Ishsizlar iyul oyining oxirigacha har hafta 600 dollar yordam puli oladi.

AQShda yillik federal byudjet to'rt trillion dollardan oshadi. Kongressning bu yordam paketi albatta mana shu xarajatning ustiga qabul qilindi.

Sanoatlar uchun 454 milliard dollar ajratiladi, turli xildagi quvvatlov uchun.

AQSh - ayni damda koronavirus eng ko'p qayd etilgan mamlakat. 100 mingdan oshiq odam unga chalingan, 1500 dan ziyodi vafot etgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG