Yuzda niqob, qo'lda qo'lqop, yurakda hadik. Bugungi kunda o'z ostonasini hatlab tashqariga chiqayotgan nyu-yorkliklarning aksariyatiga xos holat. Va bu bejiz emas. Bugungi kunda Nyu-York shahri va shtati AQShda COVID-19 eng ko'p va tez tarqalayotgan hududga aylangan.
Bu yerda virusga chalinganlar soni soat sayin o'smoqda. Nyu-Yorkdan chiqib ketayotganlar va yaqinda bu yerda safarda bo'lganlarga rasmiylar ixtiyoriy ravishda 14 kunlik karantinda o'tirishni tavsiya qilmoqda. Shtatning Long-Aylend rayonidagi yangi o'choqlar aynan Nyu-York shahridan borayotganlar hisobiga paydo bo’lgani ma’lum.
Raqamlarni va holatni kuzatayotgan yirik nashrlar Nyu-Yorkni Xitoy va Yevropadagi epidemiologik qaynoq nuqtalarga o'xshatishmoqda. Nyu-York shahri aholisi mahalliy va federal miqyosda “ko'rinmas dushman” deya ta'riflanayotgan yangi koronavirus tahdidlarini tushungandek.
Shahar ko'chalari huvillab qolgan. Odamlar uylaridan behuda ko'chaga chiqmaslikka intilyapti. Biroq ko'rilayotgan keskin choralar baribir Xitoyning Uxan shahrida bo’lgani kabi emas. Zero bu yerda ma'lum toifadagi kasb vakillari hamon xizmatda. Oziq-ovqat do'konlari, dorixona-yu banklar, ovqatni tayyorlab sotish sharti bilan restoranlar ishlab turibti. Jamoat transporti qatnovi to'xtamagan.
Shahar va shtat ma'muriyatlari koronavirusga qarshi kurashni bosqichma-bosqich kuchaytirib boryapti. Bugungi kunda barcha maktablar va oliygohlarda ta'lim jarayoni to'liq onlayn tizimga o'tkazildi. Hayotiy zaruriyatga ega bo'lmagan har qanday ishxonalar faoliyati to'xtatilgan yoki onlayn tartibda ishlamoqda. Aholiga ham zarur bo'lmasa, uydan chiqmaslik uqtirilyapti. Odamlarning imkon qadar uydan chiqmasliklariga erishish va o'zaro xavfsiz masofani saqlashlarini ta'minlash maqsadida ommaviy tadbirlar bekor qilingan yoki boshqa sanaga ko'chirilgan. Sport musobaqalari va hatto jamoaviy mashg'ulotlar o'tkazish taqiqlangan. Ushbu choralar Nyu-York shtati gubernatori qo'l qo'ygan “Nyu-York shtati pauzada” hujjati asosida amalga oshirilmoqda. Mazkur hujjat 10 ta punktdan iborat bo'lib, aholi xavfsizligini ta'minlashga qaratilgan.
Hujjatda hayotiy zaruratga ega xizmatlarni ko'rsatadigan tashkilot va muassasalar sanab o'tilgan.
Aytib o'tish joizki, Nyu-Yorkda koronavirus tarqalishi bilan bog'liq vaziyat mahalliy hokimiyat kutgandagidan tezroq keskinlashgan, jadallashgan. Buni shtat gubernatori Endryu Kuomo va shahar meri Bil de Blazio kundalik matbuot anjumanlari, jurnalistlar bilan muloqotlari davomida bot-bot takrorlamoqda.
Xususan, Endryu Kuomoning matbuotga bildirishicha, shtatda virusga chalinganlar soni taxminlarga ko'ra har ikki kunda ikki karra ko'payishi mumkin. Shunga asoslanib, shtat rahbariyati koronavirus tarqalishining avjiga chiqishi davri yaqin ikki haftada kuzatilishini ta'kidlayapti.
Shaharda ham, shtatda ham pandemiya boshlanganidan buyon kasalxonalarda joylar yetarli emasligi ayonlashgan. Shtat ma'muriyati federal hukumatga murojaat qilib, bu masalada yordam so'ragan. Natijada Mudofaa vazirligiga tegishli 1000 o’rinli kema-kasalxona Nyu-Yorkka jo'natildi. Nyu-Yorkdagi yirik Javits ko'rgazmalar markazi yuzlab kasallarni qabul qiladigan gospitalga aylantirilmoqda. Bu ham oz, deyishmoqda tibbiyotchilar. Zero virus tarqalishi avjiga chiqqanda taxmin qilinganidek 110 ming emas, balki 140 ming kishini kasalxonaga yotqizishga ehtiyoj sezilishi mumkin.
Gubernatorning ma'lum qilishicha, shtat tasarrufida 53 ming koyka-joy mavjud bo'lib, shulardan uch mingtasigina intensiv davolanishga mo'ljallangan. Virus tarqalishi avj olganda 140 minggacha joy talab etiladi va shundan 40 mingi intensiv muolajalarni o'tkazish uchun zarur.
Sun'iy nafas berish uskunalariga ham shtatda ehtiyoj katta va ular ham yetarli miqdorda emas. 30 mingta nafas olish uskunalari virus tarqalishi avjiga chiqqan kunlari talab etilishi mumkin. Masalaning yechimi sifatida, mavjud bunday uskunalarni ayni paytda markazlashgan holda Nyu-Yorkka yo'naltirishni, vaziyat o'nglangach ularni boshqa shtatlarga zudlik bilan yetkazish maqsadga muvofiq bo'ladi, demoqda gubernator.
Hozirgi kunda mahalliy va federal hokimiyat sa’y-harakati bilan shtat va shahardagi kasalxonalar va koronavirusga chalinganlarni davolashga jalb qilingan shifoxonalar nihoyat maxsus kiyim, niqob va qo'lqoplar bilan ta'minlana boshlangan. Ungacha shifokorlar hatto ana shunday zarur narsalarda uzilishlar bo'lib turganini aytishgandi.
Orada odamlar orasida vahima biroz susaygandek edi, biroq virusni yuqtirish hollari keskin oshishi ortidan bunday xavotirlar yana kuchayib bormoqda.
Men gaplashgan qator vatandoshlar yaqingacha ishga, ko'chaga bemalol chiqib yurganlarini, so'nggi kunlarda esa ishni tashlab bo'lsa-da uyda o'tirishni afzal ko'rayotganlarini ta'kidlashdi.
Ba'zilar vatandoshlar orasida ham virusni yuqtirganlar borligini eshitgandan so'ng, boshqalar esa vaziyat qanchalik jiddiy ekanini matbuotdan o'qib, uydan chiqmaslikka qaror qilganlarini aytishmoqda.
Lekin o'zbekistonliklar orasida virusni yuqtirib olgan va buni oshkora aytganlar hali ma'lum emas. Lekin mikrofonsiz suhbatda bundaylar bor, deb aytishmoqda.
Qo'shma Shtatlardagi vatandoshlar bu mavzuda gap ochilganda mamlakat meditsinasi rivojlangani bois Amerikadagi bemorlar shifo topishiga ishonch bildirmoqda. Biroq O'zbekistondagi yaqinlarimizdan ko'proq xavotirdamiz, u yerda tezroq choralar ko'rilib virus tarqalishi oldi olinsa, deya xavotir bildirayotganlar ko'proq.
Pandemiya oqibatida millionlab amerikaliklar ishsiz qolgani taxmin qilinmoqda, yana millionlab kishi uydan ishlashga o'tgan. Ular orasida o'zbekistonliklar ham bor. Ishini va daromadini yo'qotib, uyda qolib virusdan saqlanishga intilayotgan o'zbekistonliklar orasida endi yana boshqa xavotir kuchaygan. U ham bo'lsam, albatta, chiqimlarni qaysi yo'llar bilan qoplaymiz degan masala. Ko'pchilik uy-joyni, mashinasini ijaraga olgan, iste'mol kreditlaridan keng foydalangan.
Bu kabi qarzlarni to'lash ishsizlar uchun imkonsiz. Shuning uchun hozir ular uy ijara haqidan voz kechishadimi, davlat bu holda qanday yordam beradi, degan savollarga javob izlashyapti. Federal hukumatning yordam beramiz degan va'dalarini eshitib, qachon bu yordamni olamiz, deb qiziqishyapti.
Biznesini yopishga majbur bo'lgan vatandoshlar ham bor.
25-mart holatiga ko’ra, Nyu-York shtatida virusni yuqtirganlar 30 mingdan ortiq. Shulardan qariyb 18 mingi Nyu-York shahriga to'g'ri kelyapti.
Aniq yordam hozircha maktablar o'quvchilarni kompyuter bilan ta'minlagani, ehtiyojmandlarga bepul issiq ovqat tarqatayotganida ko’rinmoqda. Yana bir ijobiy xabar - vaziyatga befarq bo'lmagan taxminan 40 ming sog'liqni saqlash tizimi xodimlari, shu jumladan nafaqadagi mutaxassislar va talabalar shtatdagi shifokorlar qatorida COVID-19 ga qarshi kurashga ko'ngillilik asosida ishlashga tayyorliklarini bildirishgan.
Virus o’chog’i deb atalayotgan shtat aholisi uchun ko'ngilni ko'taruvchi xabar.
Facebook Forum