Qozog'istonlik talaba Gani Stambekov vatanida demokratiya va inson huquqlari amalda bo'lishini orzu qiladi. Bundan tashqari, u Sharqiy Turkistondagi qardoshlarining Xitoy kommunistlari zug'umidan ozod bo'lishini istaydi. Amerikada yashovchu bu yosh yigit orzusiga erishish uchun kurashga ham kirishgan. Tashkilot tuzib unga “Free Kazakhs”, ya'ni “Erkin qozoqlar” deb nom bergan.
"Yana bir bor takrorlamoqchiman, agarda siz o'z mustaqilligingiz uchun kurashmas ekansiz, hech qachon istiqloliyatga erishmaysiz. Tarixdan shu narsa ayonki, oqibatda faqatgina jahon xaritasidan o'chirilasiz, xolos. So'zlarimga dalil sifatida shuni aytmoqchimanki, bugungi kunda Rossiyada qalmiqlar, tatarlar va buryatlar o'z mamlakatlari mustaqilligi uchun kurashmayapti, bizga avtonomiya zarur deyapti. Oqibatda ularni nima kutmoqda? Ular o'z tilini, madaniyatini yo'qotdi. Endi ular millat bo'lmay qoldi. Yana 50 yildan so'ng ular Rossiya imperiyasi ichida qalmiq, buryat bo'lmay qoladi. Uchta so'zni qayta-qayta takrorlayman. Eslab qoling. Bular mustaqillik, mustaqillik va yana mustaqillik”, - deydi qozog'istonlik talaba Gani Stambekov.
Gani Stambekov bu nutqini Nyu-Yorkda Xitoy kommunistik rejimi iskanjasida qolayotgan ozchilik millatlar yoshlari uyushtirgan qurultoyda so'zladi.
“Tibet yoshlari tashkiloti katta tadbirni tashkil etdi. Uni panel diskussiyasi deb nomlashadi. Unda Xitoy Kommunistik partiyasiga qarshi kurashayotgan, inson huquqlari himoyasi bilan mashg'ul tashkilotlar vakillari qatnashdi. Bular Mongoliya, Sharqiy Turkiston, Tibet, Gonkong, Tayvan mamlakatlari vakillari. Shuningdek, biz ham “Erkin qozoqlar” nomidan chiqdik. Diskussiyadan bosh maqsadimiz Xitoy Kommunistik partiyasi odamlarni qanday qirib borayotganini, Xitoy Kommunistik partiyasining Sharqiy Turkistondagi uyg'ur, qozoq, qirg'iz, o'zbek, tatar qardoshlarimizga qanday azob berayotganini oshkor etib, bugungi tadbir orqali butun olamga va Amerikaga ma'lum qilish bizning bosh maqsadimiz”, - deydi Gani Stambekov.
Qozog'istonlik 29 yashar talaba mintaqadagi vaziyat rivoji borasida o'z qarashiga ega. Va u xavotirlarga to'la. Shuning uchun Gani imkon paydo bo'lishi bilan minbarga talpinmoqda. Ichidan o'tayotganlar bilan bo'lishyapti.
“Qozog'iston hozirda o'xshash vaziyatda. Xitoy Qozog'istonni o'z puli, qarzlari bilan o'ziga jalb qilmoqda. Biz Xitoydan 50 milliard [dollar] investitsiya, 50 milliard qarzga egamiz. Va Qozog'iston bugungi kunda Xitoy Kommunistik partiyasi talablari ta'siri ostida qolgan. Bu bizning yurtimiz uchun badbaxtlik. Qozog'iston sobiq SSSRning bir bo'lagi edi. 70 yil kommunistlar qo'lida bo'lgan. 200 yil Rossiya imperiyasi tarkibida edik. Shu o'rinda bir narsani ta'kidlab o'tmoqchiman. Qaysi millatki o'z mustaqilligi uchun kurashmas ekan, u hech qachon istiqloliyatga erishmaydi. Qozog xalqi avval Rossiya imperiyasiga, so'ngra Rossiya Kommustik partiyasiga qarshi jami 386 marta jang qilgan. Qozoqlarning 80 foizi Rossiya kommunistlari tomonidan qirilgan”, - deydi alangali nutqi bilan Xitoy Kommunistik rejimidan aziyat chekayotgan millat yoshlariga dalda bo’lishga urinayotgan yosh siyosiy faol Gani Stambekov.
Xitoydagi etnik ozchilik millatlar muammolari, ularning erkinligi uchun kurash yo'lida qardosh va darddosh xalqlar birlashuvidan tashkilotchilar va qatnashchilar umidvor.
Dolkun Isa, Butunjahon uyg'urlar kongressi prezidenti:
“Bugun Xitoy kommunistik hokimiyatining Sharqiy Turkistondagi, Tibetdagi, Tayvandagi, Gongkongdagi bosimlarini to'xtatish uchun koalitsion hamkorlikka ehtiyoj bor. Sharqiy turkistonliklar, tibetliklar, tayvanliklarning, ya'ni vakolatsiz millatlarning tashkilotimiz bor, biz uzoq vaqt davomida hamkorlikda ishlab kelyapmiz. Bugungi yig'inimiz ana shu hamkorlikning bir qismi. Ana shu hamkorlik yanada kuchaytirilishi kerak. Yanada ko'proq odamlarni, yanada ko'proq xalqaro tashkilotlarni, Tibet tashkilotlari, gongkongliklar hammamiz birlashib xalqaro bosimlarni shakllantirish maqsadida Xitoy hukumatining asl yuzini dunyoga oshkor etishimiz kerak”, - deydi Dolkun Isa.
“O'tmishda biz protestlar o'tkazganmiz. Biz, shuningdek, g'oyalarimiz bilan o'zaro bo'lishish, kelajakdagi qadamlarimiz strategiyasini ishlab chiqish maqsadida muzokaralar o'tkazishga qaror qildik. Shundagina biz o'z maqsadlarimizga erisha olamiz. Maqsadimiz esa erkinlik va Xitoy kommunistlardan qutulish. Bugun bu yerda 150-200 kishi yig'ildi va ular Gonkongdan Tayvangacha bo'lgan barcha mamlakatlardan kelganlar”, - deydi Tibetlik yoshlarning Nyu-York va Nyu Jersi hududiy kongressi prezidenti Ngavang Tharchin.
Gani Stambekov o’z xalqi ozodligi yo’lida “Erkin qozoqlar” harakatini tuzdi. U vatanidagi diktatura rejimi elini Rossiya va Xitoyga yanada qaram qilishidan xavotirda. Bunga aslo yo'l bermaslik kerak, deydi u.
“O'tgan yil biz Amerikada “Free Kazakhs”, ya'ni “Erkin qozoqlar” degan harakatga asos soldik. Bosh maqsadimiz Qozog'istonda diktaturaga yakun yasab, demokratik mamlakatni qurish. Shuningdek, yangi mamlakatimizni Putinning Rossiyasi, kommunistik Xitoydan ozod etib, qozoqlar elini demokratik, erkin elga aylantirish. Mana shu bizning bosh maqsadimiz”, – deya harakat maqsad va vazifalarini tushuntiradi Gani Stambekov.
Mamlakati hamon erkin emasligini Gani mavjud rejim va u yuritayotgan siyosatida ko'rmoqda.
“Bugun biz “Free Kazakhs” tashkiloti bilan birga Taym skverda, Nyu-York shahrida namoyish o'tkazdik. Nega? Chunki o'tgan hafta dushanba kuni Qozog'istonda fidoyi, vatanparvar, faol, bizning fikrdoshimiz Dulat Og'adil qamoqda o'ldirildi. Shu boisdan biz ko'chaga chiqdik. Namoyish qilib barcha siyosiy mahkumlarga ozodlik talab qildik. Vatanparvarlarga, hur fikrlovchilarga bosim o'tkazishga, ularni o'ldirishga hech kimning haqqi yo'q. Kim Dulat Og'adilni o'ldirgan bo'lsa, qonun oldida javob berishi lozim”, - deya ta'kidlaydi Gani Stambekov.
Siyosiy kurash oson kechmasligini yosh faol his etib turibdi, ammo nimaga bu o'zgacha bo'lmasligini ham yaxshi tushunadi.
“Hammani bir joyga yig'ish juda qiyin. Odamlarni bu kabi harakat atrofida birlashtirish osonmas. Nega deganda, qozoq xalqi Rossiya imperiyasiga 1731-yil qo'shilib, 200 yil davomida Rossiyaning qaramog’ida bo'ldi. 70 yil kommunistik Rossiyaning bir bo'lagi edi. Undan tashqari 30 yil Nursulton Nazarboyevning qo'l ostida diktaturada qolib ketdi. Shu tariqa 300 yildirki odamlar, xalq qo'rquvda. Tushunchasi o'zgachadir, o'z huquqini bilmaydi, o'z huquqini talab qilishdan qo'rqadi. Mana shularning ta'sirida xalqni birlashtirish, ommaviy namoyishlarga chiqarish nihoyatda qiyin”, - deydi Gani Stambekov.
Lekin u o'zining qo'rqmasligi bilan buning uddasidan chiqmoqda. Kunduzi Taym skverda uyushtirilgan namoyishda Gani Stambekovni 15 dan ortiq vatandoshi qo'llagan, uning atrofida yig'ilgan. Bu esa kichik yutuq emas. Axir ular beshbarmoq sayligamas, balki siyosiy talablar oshkora ko'tarilgan Manhettendagi yurishga keldi.
“Rahmat, rahmat, menda ko'payib ketdi”, - deya e'tibor uchun minnatdorchilik bildiradi Stambekov.
Tibetliklarning hurmat belgisi sanaladigan oq sharf Gani Stambekovning bo'yniga ham takror-takror taqildi. Tibetlik yoshlarning Nyu-York va Nyu-Jersi hududiy kongressi faollari shu tarzda ularning tashabbusini qo'llagan Gani Stambekovni olqishlashardi. Axir, u qurultoyda Markaziy Osiyo respublikalaridan yagona qatnashchi edi. Sharqiy Turkistondagi qozoq, o'zbek, qirg'iz va tatarlar manfaatini himoya qildi.
Facebook Forum