Breaking News

O'zbekiston AQShda nega hozir qaynoq mavzu?


Tahlilchi jurnalist Keyti Patz "Amerika Ovozi" bilan suhbatda, Vashington, 7-fevral, 2020
Tahlilchi jurnalist Keyti Patz "Amerika Ovozi" bilan suhbatda, Vashington, 7-fevral, 2020

Bugun AQSh poytaxtida Markaziy Osiyo haqida gap ketganida asosan O'zbekiston muhokamada. Nima uchun? Tokioda asoslangan "The Diplomat" jurnali bosh muharriri, amerikalik tahlilchi jurnalist Keyti Patz (Katie Putz) bir necha yillardan beri Vashingtondan turib, O'zbekiston va butun mintaqani yoritib keladi. Patz yaqinda O'zbekistondagi vaziyat bilan tanishib qaytdi. Mutaxassisni studiyamizga taklif qilib, suhbatga tortdik.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi: O'zbekistondagi jarayonlar nega bu qadar qiziqish va hayajon bilan kuzatilmoqda?

Keyti Patz, Diplomat: O'zbekistonga nisbatan yangicha e'tibor uzoq yillik rahbar 2016-yilda Islom Karimov vafot etishi bilan avj ola boshladi. Yangi prezident [Shavkat Mirziyoyev] Amerika bilan yaqindan ishlashga moyil ekanini ko'rsatdi. AQSh u yerda yangi imkoniyatlar ko'ra boshladi. Shu bois ham O'zbekiston qizg'in muhokamaga chiqdi. O'zbekistonning qayerda joylashgani ham muhim. 18 yildirki, qo'shni Afg'onistonda urushdamiz. 2016-yilgacha hamkorlik u qadar keng emas edi. Bugun Toshkent g'ayratga to'la. Bu esa Amerikaga ham ta'sir qiladi.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi: Va buni Amerika anchadan beri kutayotgan edi, shunday emasmi? Mana shunday ijobiy o'zgarishni...

Keyti Patz, Diplomat: Shunday. Qiziqish bor edi oldin ham, lekin hozir narigi tomon hamkorlikni kengaytirishga juda ham moyil. Amerikaning Markaziy Osiyodagi manfaatlari o'sha-o'sha. Afg'oniston oldingi o'rinda. O'zbekiston ochilar ekan, Vashington bilan muloqotni kengaytirar ekan, bu tomon ham dadilroq harakatda. Bugun butun mintaqa bilan aloqa jadallashgan.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi: O'zbekistonga nisbatan ishonchli degan so'zni ko'p ishlatishadi. Oldin ham eshitib turardik buni lekin unda quruq gapdek tuyulardi, hozir Amerika rasmiylari bu borada berilib tushuntirishadi. Ya'ni, ular O'zbekistonga katta umidlar bog'lagan. Ko'p narsa kutishmoqda. Bu ham o'ziga xos bosim, shundaymi? Har safar maqtashganida, o'zgaravering, yanayam o'zgaravering, deya undashadi.

Keyti Patz, Diplomat: Shunaqa. Oson emas aslida. O'zbekiston rasmiylari xayolidan nima o'tayotganini tasavvur qilib ko'rsak bo'ladi: "Xo'p, mana bu masalani bitirdik, lekin siz endi buniyam qiling, deyapsiz. Hech tugamas ekan-da?" O'zbekiston shu paytgacha osonroq islohotlarni qildi, tahlilimizcha. Qiyinroq davri endi boshlanmoqda. Amerika bir tomondan barakalla deydi, ikkinchi tomondan davom eting, deya undayveradi. AQSh yordam berishi kerak va u ko'p jihatdan ko'maklasha oladi.

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Toshkentda, 2-fevral, 2020
AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Toshkentda, 2-fevral, 2020

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi: AQShning mintaqaga nisbatan yangi strategiyasiga nazar tashlab chiqdik. Birga bu borada e'lon qilingan tadbirda edik. Oq uy va Davlat departamenti rasmiylari hozirgi siyosatni tushuntirishdi. Aytdishdiki, strategiya asosi o'zgarmagan. Maqsad va muddao o'sha-o'sha. Xavfsizlik, iqtisodiy taraqqiyot va demokratiya bobida hamkorlik va yordam davom etadi. Siz bu strategiyani qanday baholaysiz?

Keyti Patz, Diplomat: Strategiya mezoni o'zgarmagani, lekin hozirgi sharoit boshqa ekani muhim jihatlaridir. Mustaqillik, suverenitet va hududiy yaxlitlik - AQSh mintaqaning har bir davlatini bu borada quvvatlaydi. Rossiya va Xitoydan xavf bor, degan yondashuv. AQSh esa shunday quvvatlovi bilan ajralib turmoqchi.

AQSh Markaziy Osiyoni o'ziga ishongan, kuchli mintaqa sifatida oyoqqa turishini xohlaydi. Bu yo'lda ko'maklashmoqchi. O'zbekiston bilan hamfikr. O'zbekiston regional birdamlik uchun harakat qilayotgani Vashington uchun ayni muddao. Chunki O'zbekistonsiz mintaqa hech qanday birdamlikka erisholmaydi. AQSh uzoq payt regional integratsiyaga undab keldi va nihoyat bu jarayon boshlandi.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi: Amerika rasmiylari mintaqa davlatlari o'zlari mustaqil ravishda bir davraga to'planib, rahbarlar muloqotni yo'lga qo'yganidan mamnun. Bu ham qiziqish va hayajonni oshirgan. Iqtisod va tijorat, xavfsizlik va barqarorlik - hammasi Markaziy Osiyodagi respublikalarning o'z qo'lida, deya bot-bot eslatib turishibdi. AQSh bu besh davlat bilan qanchalik yaqindan ishlashni xohlamasin, orada vositachi bo'lmoqchi emas. Siz eshitayotganlaringizga qarab qanday xulosa qilayapsiz?

Keyti Patz, Diplomat: Men ham shunday xulosa qilayapman. "C5+1" formatidagi dialog ish berayapti. Yig'ilib, Amerika bilan gaplashib olish imkoniyati. Lekin mintaqa davlatlari o'zlari mustaqil muhokama qilishni ham xohlaydi, chunki muammolar talay. Ularga begona tomon kerakmas, shunday emasmi? Amerika buni tushunadi. Chegara, savdo, tranzit, turizm - bu sohalarda ancha progress bo'ldi, chunki davlatlar bir-biri bilan ancha yaqindan va muntazam aloqada.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Bu masalalar AQSh poytaxtidagi aql markazlarida, ya'ni tahlil institutlarida azaldan muhokamada. Biz ularni kuzatib kelamiz. Bu bahs-munozaralarga guvohmiz. Bu maskanlardagi hozirgi qiziqish, sizningcha, nimadan dalolat?

Keyti Patz, Diplomat: O'tgan ikki yilda Markaziy Osiyo bo'yicha tadbirlar ko'paydi, muhokama kengaydi, bu aniq. Vashingtondagi aql markazlarida mintaqani o'rganish asosan Rossiya va Yevrosiyo dasturlarining bir qismi. Aynan Markaziy Osiyo bilan shug'ullanadigan tadqiqorchilar ko'p emas. Lekin ularning rolini past demayman. Qizg'in munozaralarni ular yuritmoqda.

Tahlilchi jurnalist Keyti Patz "Amerika Ovozi" bilan suhbatda, Vashington, 7-fevral, 2020
Tahlilchi jurnalist Keyti Patz "Amerika Ovozi" bilan suhbatda, Vashington, 7-fevral, 2020

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Bu davralarda hozir Markaziy Osiyodan kelgan mutaxassislarga ham o'rin berila boshlagan.

Keyti Patz, Diplomat: Xuddi shunday. Qozoq va o'zbek ekspertlar va arboblaar kelib turishadi. Auditoriyaga bu ma'qul albatta. Debatlar qiziydi. Jorj Vashington universitetining Markaziy Osiyo dasturi doirasida bunday almashinuvlar muntazam ravishda qilinadi va juda foydali. Karnegi jamg'armasi ham faol. Davrani boshqaradiganlar asosan sovuq urush paytida yetishgan yoki uning ta'siri ostida ulg'aygan olimlar va mutaxassislar. Tarixiy nazar, qiyosiy tahlil shu bois ham qiziq. Ularga yosh avlod qo'shildi, undan ham qiziqarli tus oladi. Vashingtonga shu bois mintaqadan va boshqa joylardan ekspertlar va tahlilchilar qancha ko'p kelsa, shuncha yaxshi, degan bo'lar edim.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": So'nggi tadbirda bir o'zbekistonlik oldimga kelib, nega Markaziy Osiyo haqida gap ketganda albatta Afg'oniston ham ko'tariladi, deya nolidi. Boshqa masalalar ham borku, Afg'onistonga o'xshamaymiz biz, deya shikoyat qildi. Nega Amerika matbuoti yoritmaydi bularni, deya so'radi. Chunki ularga qiziq emas, dedim. "Amerika Ovozi" va 'Diplomat" singari media aynan region bilan ishlagani uchun ham biz yoritamiz lekin AQSh OAVlari uchun bu yerdagi gaplar ahamiyat kasb etmaydi, dedim. Siz nima degan bo'lardingiz?

Keyti Patz, Diplomat: Xuddi shu gap... Amerika matbuoti Afg'onistonni yoritganida Markaziy Osiyoni tilga olishi mumkin. Yoki Xitoy yoki Rossiya yoki terrorizm, masalan. Umrimda CNN Markaziy Osiyo deganini balki uch marta eshitganman. Noliganlarni tushunaman. Yangiliklarni yoritishda muvozanat yetishmaydi. Amerika ommasi O'zbekistondagi jarayonlardan, umuman olganda, bexabar, lekin bilishi kerak.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Lekin tegishli doiralar biladi.

Keyti Patz, Diplomat: Bilishadi, ha.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Har safar biror o'zbek yoki qozoq "amerikaliklar biz haqimizda bilmaydi", deganida "ayrimlari sizdan ham yaxshi biladi", deyman.

Keyti Patz, Diplomat: Markaziy Osiyoni ingliz tilida yoritayotgan nashrlar bor. Masalan, bizning jurnal - "Diplomat" yoki Eurasianet.org yoki Jorj Vashington universitetida asoslangan manbalar.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Ha, tahliliy saytlar.

Keyti Patz, Diplomat: Ha, mintaqa haqida qiziqarli materiallar beradi.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Maxsus loyihalar bor.

Keyti Patz, Diplomat: Qayerdan izlashingizga bog'liq. Qiziqqanlar uchun sifatli manbalar bor. .

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Shunday... O'zbekistonda ham, masalan, media o'zgarib borayapti. Yangidan-yangi manbalar chiqayapti. UzReport TV kanali yaqinda inglizcha efirni yo'lga qo'ydi. Mana biz hozir bu kanalda efirdamiz, shu dasturimiz. Global maydonga chiqish... Maqsad nafaqat O'zbekistonga informatsiya berish balki dunyoni ham mamlakatga olib kirish, mamlakatni esa dunyoga olib chiqish. Bunday harakatlar, sizningcha, arzigulik ishlarmi?

Keyti Patz, Diplomat: Judayam... Tilda gap ko'p. Tushunmagan tilingizdagi informatsiya uchun vaqt sarflamaymiz. Shu bois ham O'zbekistonni dunyo sahnasiga olib chiqishda inglizcha efir, inglizcha material berish nihoyatda muhim. O'zbekistonda uch tilga o'tish - o'zbek va rus tillari qatori endi ingliz tilida ham faoliyat yuritish juda katta o'zgarishlarga yetaklashi mumkin. Shunday ekan, ingliz tilida efirni yo'lga qo'yish tahsinga sazovor.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Juda bo'lmaganda siz singari O'zbekistonga qiziqqanlar uchun yaxshigina manba, shunday emasmi?

Keyti Patz, Diplomat: Albatta.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Ahamiyati bor.

Keyti Patz, Diplomat: Mintaqadagi o'zgarish va jarayonlarni mintaqaning o'zidagi odamlar tasvirlab bersa, ko'rsatsa va yozdi, bu ayniqsa qiziq va ta'sirli. Men o'zim informatsiyani shunday olaman. O'zbekcha bilmayman, lekin inglizcha yozilgan materiallarga qiziqishim juda chuqur. Boshqalarda ham shunday.


Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Markaziy Osiyo bo'ylab siyosiy doiralarda, OAV va ekspertlar orasida Amerikaning aql markazlariga ham qiziqish katta. Ularga siyosatga ta'sir qilishning samarali vositalari sifatida qarashadi. Bu qanchalik to'g'ri va asosli? Masalan, Markaziy Osiyoga nisbatan siyosatni belgilash va o'zgartirishda bu aql markazlari qanchalik kuchga ega?

Keyti Patz, Diplomat: Aql markazlari kuchlimiz, deb o'ylashadi, bunisi ayon. O'zim shunday dargohlardan birida ishlaganman. Rasmiy doiralar qiziqishi bu markazlardagi faoliyatni belgilaydigan omil. O'zbekiston qiziqmi, demak, bu borada biror tadbir bo'ladi, biror narsa yoziladi, taklif qilinadi. Ba'zida amaldagi siyosatning biror jihatiga turtki bo'lishi va o'zgartirishi ham mumkin. Lekin bevosita ta'sir qiladi, deya olmayman. Aql mazkazlarining ta'siri aksariyat hollarda bilvosita. Aql markazlari bir mavzuga qiziqqan, biror masala yechimidan manfaatdor odamlarni bir joyga to'playdi. Ekspertlar, diplomatlar, rasmiylar, jurnalistlar bir davrada.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Odamlar bir-birini taniydi, aloqa o'rnatadi.

Keyti Patz, Diplomat: Men, masalan, aql markazlaridagi yig'inlarda juda ko'p muhim insonlar bilan tanishaman, ayniqsa regiondan. Bu esa ishimiz sifatini, bilimimizni oshirish uchun xizmat qiladi.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Amerika hukumati-chi? Hukumatda Markaziy Osiyo bilan ishlaydigan idoralarning vakillari qanchalik boradi bu tadbirlarga? Qanchalik eshitadi yoki e'tibor beradi bu muhokamalarga? Yuzlab bet hisobotlar chiqadi, ularni mutasaddilar o'qiydimi?

Keyti Patz, Diplomat: Kimdir o'qishiga ishonchim komil. Chunki gaplashganimizda bilamiz. Men va siz berayotgan materiallarni kuzatishadi, o'rganib borishadi, tomosha qilishadi efiringizni. Gaplar egasini topadi har doim. Muhokama va tahlilga talab va qiziqish bor. Buni men har bir davrada sezaman.


Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Regionda siyosatdonlar, arboblar, ekspertlar, jurnalistlar mana shu aql markazlari tomonidan chop etilishni, ularning tadbirlarida qatnashishni xohlaydi. Bu markazlarga, yuqorida aytganimdek, effektiv dargohlar deb qarashadi. Davlatlari va faoliyatlarini tanitish uchun foydali sahna, deb o'ylashadi.

Keyti Patz, Diplomat: Tushunaman, chunki har bir aql markazining o'z auditoriyasi, uning yig'inlariga keladigan muayyan turdagi odamlar bor. Va ular sizga kerak bo'lishi mumkin. Chop etilish qiyin, albatta. Hammaning o'z talab va mezonlari bor. Lekin imkoniyat izlayverish kerak. Tanishish, o'rganishdan to'xtamaslik kerak. Nafaqat Vashingtonda, balki Nursulton va Bishkekda ham aql markazlarining tadbirlari bo'ladi yoki bu dargohlardan odamlar u yerga borib turadi. Harakat qilgan odam albatta yo'lini topadi. Men bunga ishonaman.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Eng muhimi - aloqa.

Keyti Patz, Diplomat: Aloqa, yozish, tvit qilish, telegramda bayon etish. Yo'li ko'p. O'z g'oya va tahlilingizni ulashish uchun maydon kengayganda kengaygan. Muhimi g'oya bo'lsin, tahlil ajralib tursin. Shunda talab ham ortaveradi sizga.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Sizning jurnalingiz aynan mintaqadan yangi mualliflar topgani uchun ham yanada qiziq materiallar bera boshladi.

Keyti Patz, Diplomat: Shunaqa.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Ular bilan ishlaysiz.

Keyti Patz, Diplomat: "Diplomat" Tokioda asoslangan nashr. E'tibor asosan Osiyoda. Lekin Markaziy Osiyodan ham yangi mualliflar topib, ular bilan ishlashni yo'lga qo'ya oldik. Ingliz tilida yozib o'rganmagan odamga juda qiyin. Biz tahrirni eplaymiz, ular esa bizga yaxshi material berishi kerak, ya'ni tahrir qilishga arzigulik. Shuning uchun aytaman, mavzu yaxshi bo'lsa, go'shtli material yoza olsangiz, biz ko'rib chiqishga tayyormiz.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": (ekranga qarab) Keytiga yozing.

Keyti Patz, Diplomat: Ha, yozing, internetdaman.

O'zbekistonda saylov kuni, 22-dekabr, 2019
O'zbekistonda saylov kuni, 22-dekabr, 2019

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Dekabr oyida O'zbekistonda edingiz, 10 kun. Saylovni yoritdingiz - saylovoldi jarayoni va natijani. O'zgarishlarga shubha bilan qaradingiz materiallaringizda... Islohotlar shu kungacha nimani o'rgatirib, nimani o'zgartmagani borasida yozganingizda, o'zgarish juda oz, deya xulosa qildingiz. Jurnalist sifatida buni tushunaman va bunday yondashuvga qo'shilaman. Har doim so'rayverishimiz kerak. Umumiy xulosangiz qanday bugungi O'zbekiston xususida?

Keyti Patz, Diplomat: Bilaman, aytadiganim O'zbekiston rasmiylariga uncha yoqmaydi: men O'zbekistonga ehtiyotkorona optimizm bilan qarayman. Umid beradigan jarayonlar ko'p. Lekin gumonlar ham talay. O'zbekiston hukumati orqaga qaytilmaydi deb qayd etib turibdi. Lekin hukumatning bu ishonchi qanchalik ishonchli? Hamma narsa o'zgarishi mumkin. Progress bo'lgani aniq va uni boy bermaslik kerak. Shu kungacha erishilgan yutuqlarni boy bermagan holda yangi yutuqlar tomon harakat qilish jerak. Mintaqa tarixiga qarasak, islohotlar har doim ham samara bermagan. Qiyin bo'ladi va buni tushunish zarur.

Ikki qadam oldinga, bir qadam orqaga. Ba'zida uch qadam orqaga, keyin besh qadam oldinga. Bir maromda emas. G'arbdan saboq olmoqchi bo'lsangiz, bilingki, o'zgarish uchun kurash to'xtamaydi. Uni himoya qilish kerak, asrash kerak. Bu tinimsiz mehnat. Ish bitdi, deydigan zamon kelmaydi. Progressni ushlab turadigan kuch bu - institutlar, mexanizmlar. O'zbekistonda shular shakllanishi kerak. Hukumat buni biladi, nazarimda, va bu menga umid beradi. Xalq uchun xizmat qiladigan tizim yaratila boshlangan bo'lsa, bu ishni to'xtatmaslik kerak. O'zbekistonda hamma narsa O'zbekiston xalqi uchun qilinishi kerak. O'zbekiston mintaqaga kerak. Shu bois hozirgi harakatlari bu borada ham umid bag'ishlaydi. Jurnalist sifatida savol beraveramiz.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Nima uchun unday, nima uchun bunday deb so'rash ishimiz.

Keyti Patz, Diplomat: Albatta, biz har doim bilmagan narsamizning ketidamiz... Aniqlaganlarimizni tahlil qilib, mana oldimizdagi manzara deya bayon etamiz. Bilmagan narsalarimiz bir dunyo. Kim nima uchun bu yoki u yo'ldan ketayapti? Bu qaror ortida qanday maqsad bor? Informatsiya olganingiz sari savollar ham ko'p. Yana yangi qirralar ochiladi.

Tahlilchi jurnalist Keyti Patz "Amerika Ovozi" bilan suhbatda, Vashington, 7-fevral, 2020
Tahlilchi jurnalist Keyti Patz "Amerika Ovozi" bilan suhbatda, Vashington, 7-fevral, 2020

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Vaziyat esa har kuni boshqacha.

Keyti Patz, Diplomat: Kim bilan gaplashayotganingizga qarab, turlicha tahlil. Jarayonlar inson omili sabab murakkablashib boraveradi, chunki kimdir hamisha to'lqinga qarshi. Kimdir hamisha uni boshqa tomonga burishga harakat qiladi. Islohot shunisi bilan yanada qiyin.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Toshkentda, Buxoroda bo'ldingiz, oldin Samarqandda bo'lgansiz. Shunday hollar bo'ldimi - O'zbekistonning bu jihatini bilmas ekanman yoki biror holatga qarab, albatta o'rganish kerak, dedingiz. Siz uchun noma'lum va mavjum qirralar, demoqchiman.

Keyti Patz, Diplomat: Saylov kuni bir pensioner bilan gaplashdim. Saylovga chiqqani va jarayon haqida gaplashar ekanmiz, yangi parlamentdan nima kutayotganini so'radim. U ko'chasidagi holat - svetofor yo'qligi haqida aytdi. Muloqotdan shuni bildimki, odamlar parlament o'zi nima ish qilishini bilmaydi, ya'ni xalq orasida davlat organlari borasida tasavvur cheklangan.

Masalan, yo'llarga qarash, svetofor - mahalliy hokimiyatlarning ishi. Men uchun esa jurnalist sifatida saboq. Siyosiy islohotlar haqida tahliliy maqolalar yozganimizda, odamlar bilimi va qarashlarini albatta hisobga olishimiz kerak. Axir hech bir jarayon fuqarosiz kechmaydi. Shundagina davlat institutlari nima qilayotgani haqida konkret ma'lumotga ega bo'lamiz. O'zbekistonda hamma narsa markazga, buyruq beruvchi odamga bog'liq bo'lgan. Bugun jamiyat mana shunga qarshi ekanini ko'rayapman.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Ya'ni, jurnalistlar va hukumatdagilar tepadan pastga tushib, real holat bilan hisoblashishi; ham pastda, ham tepada nima bo'layotganini o'rgangan holda harakat qilishi kerak, shundaymi? O'zbekistonda davlat organlari bir-biridan mustaqil ishlamagan. O'zbekistonda hukumat xalq uchun xizmat qilmagan. Demak, xalq ham bunday tajribaga ega emas. Yaqinda bir suhbatdoshim, yosh telejurnalist dediki, O'zbekistonda xalq irodasi degan tushuncha yo'q, chunki hamma narsa bir odamning - davlat rahbarining xohishiga asoslangan".

Keyti Patz, Diplomat: Odamlar farqini bilmasligi, balki tushunmasligi - ular ahmoq, degani emas. Muhit shunday... Biroq bu shunday davom etishi kerak degani ham emas. Hozirda O'zbekiston xalqi har doimgidan ham talabchanroq va hukumat ishini kuzatib, qiziqib, surishtira boshlagan. Odamlar tergay boshlagani sari bizdek tahlilchilar uchun ham ish qizg'in tus oladi. Xalq nima xohlaydi, hukumat nima qilmoqda? Eng muhimi, eng murakkab holatlarda, inqiroz hollarida, masalan, davlat qay yo'ldan boradi. Asosiy sinov shunda bo'ladi.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Oldingiga qaraganda qanchalik boshqacha harakat qiladi?

Keyti Patz, Diplomat: Xuddi shunday. Albatta, O'zbekistonga noxushlik tilamayman, lekin hamma qachondir murakkab holatga tushadi. Har qanday rahbar, hukumat inqiroz holatida sinaladi.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Vashingtonda uzoq payt rasmiylar aytardi: O'zbekiston va qo'shni davlatlar o'zgarishi uchun avvalo buni xalqning o'zi xohlashi kerak. Biz hech narsa qila olmaymiz, faqat undaymiz xolos, deyishar edi. Hozir AQSh rasmiylari aytishyapti, O'zbekiston o'z xohishiga ko'ra o'zgarmoqda. Sizga qanday ko'rinyapti?

Keyti Patz, Diplomat: Qo'shilaman bu fikrga... To'g'ri aytdingiz, Amerika "o'zgar" deya, qattiq bosim o'tkazmagan. Buning uchun qattiq tanqid qilingan va bu tanqid asosli bo'lgan, deb o'ylayman. Lekin Amerika umid qilgan vaqt keldi. Endi O'zbekistonga yordam berish kerak. Butun Markaziy Osiyo ko'makka muhtoj aslida. Qonun ustuvorligini ta'minlash, davlat tizimlarini isloh qilish - bu borada AQSh real madad ko'rsata oladi.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Hozircha bu borada sust...

Keyti Patz, Diplomat: Lekin, menimcha, bunga xohish bor. AQSh o'z nohukumat tashkilotlari orqali ham ko'maklashishi mumkin. Shunga harakat bor. Lekin buni O'zbekiston tomon ham xohlashi kerak.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Shubhasiz... Keyti, siz bilan juda ko'p mavzularda gaplashishimiz mumkin. Qo'shni davlatlarga bugungi muloqotda navbat ham kelmadi. Vaholanki, Markaziy Osiyoning har bir davlati cheksiz masala va muammolar bilan yuzma-yuz. Yana suhbatlashamiz.

Keyti Patz, Diplomat: Jonim bilan, istagan paytingizda.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Bu birinchi TV intervyu ekan siz uchun. Biz uchun sharaf.

Keyti Patz, Diplomat: Ha, birinchi telesuhbatim.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Ajoyib kechdi, Keyti.

Keyti Patz, Diplomat: Taklif uchun katta rahmat!

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG