AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo O'zbekistonga tashrifi mobaynida o'z mamlakati uchun ustuvor va respublika bilan o'zaro manfaatli hisoblangan qator maqsadlarni olg'a suradi. Xo'sh, ular nimalardan iborat? E'tibor 2018-yilda yangilangan strategik sheriklik kelishuvida.
Birinchidan, xavfsizlikni ta'minlash. Bunda asosan Afg'onistondagi vaziyatni nazorat qilish va buning uchun qo'shni Markaziy Osiyo bilan kelishgan holda ish olib borish. Pompeo Toshkentda Prezident Shavkat Mirziyoyev, Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov va boshqa rasmiylar bilan muloqot qilar ekan, Tramp ma'muriyatining bugungi siyosatini tushuntiradi. Oq uy Afg'onistondagi askarlar sonini kamaytirish payida lekin terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash davom etadi, asosan razvedka idoralari va maxsus kuchlar orqali. Afg'onistonga kirib-chiqish uchun Amerika boshidan Markaziy Osiyo hukumatlari yordamiga tayanadi va bu hamkorlik davomiy. Qoradori savdosiga qarshi kurashda hamda chegara xavfsizligi yo'lida ko'maklashish ham AQSh uchun strategik ahamiyatga ega, deydi Pentagondagi mutasaddilar.
Ikkinchidan, O'zbekiston suverenitetini quvvatlash va erkinlik targ'iboti. AQSh respublikaning ikki yirik davlat, Rossiya va Xitoy, bilan yaqin rishtalarini biladi va tushunadi. Rasmiylarning ta'kidlashicha, Vashington Moskva va Pekin bilan tenglashmoqchi emas, lekin uzoqdagi sodiq do'st sifatida namoyon etishni xohlaydi. Pompeo bu borada ham Toshkentga eslatib qo'yadi. Shuningdek, Amerika hukumati O'zbekistondagi islohotlarga o'z bahosini berib, inson huquqlari va demokratiya targ'iboti Vashington uchun prioritet ekanini qayd etadi, jumladan diniy erkinlik, matbuot erkinligi, jinsiy tenglik va plyuralizm.
Uchinchidan, Markaziy Osiyoda iqtisodiy interatsiya va siyosiy birdamlikni targ'ib qilish va bunda O'zbekiston bilan yaqindan ishlash. AQSh va mintaqaning besh davlati orasidagi "C5+1" formatidagi dialogni kuchaytirib, barcha regional masalalar yuzasidan avvalo shu doirada bir yoqadan bosh chiqargan holda qadam tashlash, qolaversa, deydi diplomatlar, hukumatlar o'z dardini shu muloqotda bildirsin. 3-fevral kuni bu dialogning navbatdagi sessiyasida Pompeo yig'ilganlarga qarata Tramp ma'muriyati uchun bu davra nihoyatda ahamiyatli, chunki "biz sizni har tomonlama kuchli mintaqa sifatida ko'rishni istaymiz", deb aytmoqda. Xitoy zulmidan shikoyat qilayotgan uyg'urlar masalasi ham tilga olinadi. Pompeo "C5+1" ning 2019-yil sentabrida Nyu-Yorkdagi uchrashuvida ham Markaziy Osiyo hukumatlarini uyg'urlarga yordam berishga undagan. Biror respublikaning tashqi ishlar vaziri o'shanda lom-mim demagan. 2-fevral kuni Nursultonda Qozog'iston rahbarlari bilan muloqotda ham Pompeo uyg'urlar haqida gap ochib, Xitoyga ularni topshirmaslikka chaqirdi. Mezbon taraf sukutda.
To'rtinchidan, iqtisodiy hamkorlik. 2018-yilda oradagi savdo ko'lami 315 million dollarni tashkil etgan edi, 2019-yilda 514 million dollarga chiqdi. Amerika O'zbekistonga 482 million dollarlik eksport qilgan. AQShning mintaqada bu boradagi eng yuqori ko'rsatkichi aynan shu respublikada. Davlat departamenti, Tijorat vazirligi va boshqa idoralarga ko'ra, Amerikaning o'nlab kompaniyalari O'zbekistonda biznes qilishga ishtiyoqmang, ayrimlari allaqachon kirgan, yana bir nechasi ish boshlash arafasida, qolaversa turli byurokratik sabablarga ko'ra, faoliyatini yo'lga qo'ya olmayotgan firmalar ham bor. Pompeo tashrifi mobaynida bu borada gaplashadi. Mart oyida Toshkentda sarmoya forumi o'tadi. Hozirgacha AQSh xususiy sektori O'zbekistonga 1 milliard dollardan oshiq investitsiya kiritgan. 2018-yilda Vashingtonda imzolangan bitimlar amalga oshsa, bu ko'rsatkich 5 milliard dollarga yaqinlashishi kerak. Ular hisobiga esa O'zbekistonda minglab ish o'rinlari yaratish ko'zlangan. Jarayon nima uchun sekin ekani Toshkentdagi uchrashuvlarda muhokamada.
AQSh hukumati nazarida O'zbekistonda xususiylashtirish va nazorat bobidagi islohotlar sust. Qonun ustuvorligi - eng muhim omil, deya eslatadi Pompeo. Shuningdek, Amerika tomonga ko'ra, O'zbekiston uchun hozir Jahon Savdo Tashkilotiga kirish asosiy vazifa. Vashington bu borada Toshkentga texnik yordam berishga tayyor. Maslahat esa doimiy, deydi Davlat departamenti rasmiylari.
Beshinchidan, ilm-fan va ta'lim bo'yicha yordamni oshirish hamda madaniy aloqalarni kengaytirish. O'zbekistonda kapital bozorini rivojlantirish, soliq tizimini isloh qilish, adolat va mustaqil adlida tomon harakat qilish, jinoyat kodeksini yangilash, yuridik bilim maskanlarini yuksaltirish - Amerika bu borada O'zbekistonga ko'makni oshirmoqchi. AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligi - bu reja va tashabbuslarni amalga oshirishda yetakchi organ.
Boshlang'ich, o'rta va oliy ta'lim uchun 30 million dollardan oshiq mablag' ajratilib, asosiy e'tibor ingliz tiliga berilmoqda. Ingliz tilini o'rgatishni takomillashtirish uchun yangi loyihalar ishga solinmoqda.
O'tgan ikki yil ichida O'zbekistondan 300 dan oshiq talaba, o'qituvchi va mutaxassislar turli almashinuv dasturlari orqali Amerikaga borib kelgan. Vashington bu programmalarni kengayishini istaydi. AQShda asoslangan nohukumat tashkilotlar O'zbekistonda faoliyat yuritishni xohlab, Mirziyoyev ma'muriyatiga murojaat qilgan. Ro'yxatdan o'tish borasida muammolar talay. Pompeo Toshkentdagi muloqotlarda bu masalani ham ko'taradi. AQSh almashinuv dasturlari hamda texnik-professional ko'magi dunyo bo'ylab aynan shu tashkilotlar vositasida amalga oshiriladi.
2018-yilda UniCEN degan tizim ishga tushirilgan, Unga Markaziy Osiyodagi 70 dan oshiq universitet kiradi. Maqsad - ularni Amerika universitetlari bilan bog'lash. O'zbekiston ham bu loyihada faol qatnashib, trening, grantlar va kommunikatsion imkoniyatlardan foydalanadi, degan umid bor. Qolaversa, deya qo'shadi rasmiylar, okean ortidan bir necha universitet hozir O'zbekiston oliy ta'lim maskanlari bilan hamkorlikni yo'lga qo'ymoqda. Davlat departamenti bu harakatlarni ham quvvatlaydi.
Facebook Forum