Breaking News

O'zbekiston Afg'oniston muzokaralarida asosiy vositachiga aylanmoqchi


AQSh Markaziy qo’mondonligi rahbari general Jozef Votel
AQSh Markaziy qo’mondonligi rahbari general Jozef Votel

O’zbekiston Afg’oniston xavfsizligini ta’minlash uchun hamkorlik strategiyasini ishlab chiqish maydoniga aylanish harakatida. Prezident Shavkat Mirziyoyev bu haqda AQSh generali Jozef Votel bilan Toshkentda o’tgan uchrashuvda ma'lum qildi.

Toshkentda harbiylar anjumani
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:51 0:00

AQSh, Janubiy va Markaziy Osiyo harbiy qo’mondonlari Toshkentdagi yig’inda Afg’oniston xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan hamkorlik dasturini muhokama qilishgan. Afg’onistonda tinchlik o’rnatishga qaratilgan muloqot so’nggi paytda faollashdi; Tolibon AQSh, Rossiya, O’zbekiston vositachiligidagi muzokaralarda faol qatnashmoqda.

Jozef Votel Toshkentdagi uhrashuvda toliblar bilan qo’shinlarni olib chiqish bo’yicha muzokara o'tkazilayotgani haqidagi xabarlarni rad etgan.

AQSh Markaziy qo’mondonligi rahbari Jozef Votelni qabul qilgan Prezident Mirziyoyev Afg’oniston bo’yicha Toshkentda o’tkazilayotgan harbiy konferensiyani muhim voqea deb baholagan. O’zbekiston Afg’oniston xavfsizligini ta’minlash uchun o'zaro hamkorlikdagi yondoshuvni ishlab chiqish maydoni bo’lishga tayyorligini aytgan.

Prezident AQSh generali bilan muloqotda ikki o’rtadagi strategik munosabatlarda yangi davr boshlanganini qayd etar ekan, harbiy, harbiy-texnik hamkorlik masalalariga alohida diqqat qaratgan.

Toshkentdagi konferensiyada AQSh, Afg’oniston, Pokiston, Qozog’iston, Tojikiston, Turkmaniston va O’zbekiston markaziy harbiy shtab boshliqlari ishtirok etmoqda. Ular orasida Rossiya vakillari yo'q.

Kun tartibidagi asosiy masala Afg’onistonda xavfsizlikni ta’minlash, terrorizm, narkotrafikka qarshi kurash bo'yicha hamkorlik yo’nalishlarini ishlab chiqish.

Jozef Votelning Prezident Mirziyoyev bilan o’tgan uchrashuvdagi fikrlariga ko’ra, AQSh, Janubiy va Markaziy Osiyo harbiylari ishtirokidagi bu konferensiya tomonlarni mintaqada tinchlik va farovonlik ta’minlanishidagi hamkorlik strategiyasini ishlab chiqadi.

Afg’onistonga bevosita doxil, aksariyati bu mamlakat bilan chegaradosh davlatlar mudofaa tizimi vakillarining O’zbekistonda yig’ilayotgani Toshkentning Afg’oniston doirasidagi so’nggi tashabbuslaridan biridir.

Avvalroq rasmiy Toshkent afg’on hukumati va toliblar o’rtasidagi tinchlik muzokarasini O’zbekistonda o’tkazish, buning uchun barcha sharoitlar yaratilishi yuzasidan bayonot bergan edi.

So'nggi paytlarda O’zbekiston Afg’oniston masalasi muhokama qilingan yirik xalqaro konferensiyalarga mezbonlik ham qilmoqda. Toshkentda afg’on hukumati va toliblarni murosaga keltirishga qaratilgan dastlabki muloqot ham bo’lib o’tdi.

Toshkent tashabbusi Afg’onistondagi jarayonlarga tortilgan geosiyosiy kuchlar tomonidan qo’llab kelinayotgan harakatlardan biri. Afg'oniston Prezidenti Ashraf G’ani, shuningdek, AQSh, Rossiya rasmiylari va toliblar ham bu tashabbusga xayrixohlik bildirgan.

Toshkent tashabbusini qo’llagan Rossiya yaqinda Moskvada Afg’oniston bo’yicha o’z muloqotini o’tkazdi. Unda toliblar, afg’on hukumatining sobiq mulozimlari qatnashdi.

Afg’oniston masalalari bo’yicha rossiyalik ekspert Andrey Sirenkoga ko’ra, Rossiya uchun toliblar bilan muloqot siyosiy qudrat ko’rsatkichi; Moskva muloqotidan so’ng Toshkent bu boradagi o’z tashabbusini faollashtirishga majbur.

“Toshkent o’z tashabbusini mustaqil davom ettirishi kerak. AQSh O’zbekistonni qo’llab turibdi, bu muhim ko’rsatkich. Albatta, Moskvadagi muloqotning siyosiy vazni biroz ortgandek ko’rinmoqda. Har holda hozirgi vaziyatga ko’ra, chunki unda toliblardan tashqari Shimoliy alyans qo’mondonlari, prezidentlikka nomzodlardan biri sobiq mulozim Atmar ham qatnashdi. Moskva tashabbusi davomiymi, yo’qmi, noma’lum. Shuning uchun hozir Toshkent tashabbusni yana o’z qo’liga olishi, harakatni kuchaytirishi kerak bo’ladi ” - deydi Sirenko.

Ta’kidlash joiz, Moskvadagi muloqot Afg’oniston Prezidenti Ashraf G’ani tomonidan norozilik bilan kutib olindi, Moskva muloqotini Afg’oniston uchun samarasiz, deb baholadi.

So’nggi paytda toliblar AQSh, Rossiya, O’zbekiston va boshqa qator davlatlar vositachiligidagi muloqotlarda faol qatnashmoqda. Ashraf G’ani mamlakatda Tolibonning rasmiy bo’limlari ochilishiga qarshi emasligini bildirgan.

Andrey Sirenko fikricha, muloqotlar muntazamlashgani toliblar hokimiyatga qaytadi degani emas va bu yaqin kelajakda kutilayotgan o’zgarish emas.

“Toliblar hamma bilan muzokarada, buni o’z manfaatiga moslashtirmoqda. Muloqotga vositachilik qilayotgan davlatlarni ham o’z manfaatlari bor. Toliblar muloqotni xalqaro qo’shinlarni Afg’onistondan olib chiqish bo’yicha muzokara sifatida taqdim etishmoqda. Ammo bundan so’ng tinchlik bo’ladimi, yo’qmi bu haqda aniq tushuncha yo’q. Shuning uchun toliblarning Afg'onistondagi siyosiy hayotga qaytishi haqida gapirishga hali erta”, - deydi Sirenko.

Jozef Votel Toshkentda AQSh va toliblar o’rtasidagi muloqotda qo’shinlarni Afg’onistondan olib chiqish haqida muzokara borayotganini rad etgan, muzokaralar faqat afg’on hukumati va Tolibon o’rtasida siyosiy muloqotni shakllantirishga qaratilganini ta’kidlagan.

AQSh, Afg’oniston, Pokiston, Qozog’iston, Tojikiston, Turkmaniston va O’zbekiston harbiy shtab boshliqlari Toshkentdagi yig’inlari yakunida Afg’oniston va mintaqa xavfsizligiga oid vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan hamkorlik strategiyasini ishlab chiqishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG