Breaking News

Pompeo Qozog'istonda Xitoy, uyg'urlar, regional hamkorlik mavzularini ko'tardi


Nur-Sulton, 2-fevral, 2020
Nur-Sulton, 2-fevral, 2020

"Reyter" axborot agentligining xabar berishicha, Qozog'istonga tashrif buyurgan AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Nur-Sulton shahrida yuqori lavozimli rasmiylar bilan uchrashuvi chog'ida ularni Xitoydagi musulmonlar taqdiri yuzasidan Xitoy hukumatiga bosim qo'yishda AQShni qo'llab-quvvatlashga da'vat etgan.

Xususan, Qozog'iston Tashqi ishlar vaziri Muxtor Tilovberdi bilan muloqot paytida Pompeo inson savdosi va Shinjonda bir milliondan ziyod musulmon va, jumladan, qozoq millatiga mansub xitoyliklarga qilinayotgan zug'um xususida gaplashgan.

"Barcha davlatlarni Qo'shma Shtatlar bilan bir ovozdan Xitoy hukumatidan ushbu qatag'onlarga chek qo'yishni talab qilishga hamda Xitoyni tark etmoqchi bo'lgan odamlarga xavfsiz boshpana berishga chaqiramiz", - dedi Pompeo.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti va inson huquqlari bilan shug'ullanuvchi guruhlar hisobicha, Pekin aksil-terror kampaniya doirasida bir milliondan ikki milliongacha bo'lgan musulmonlarni va, asosan, uyg'urlarni lagerlarda og'ir ahvolda saqlamoqda.

Qozog'iston Tashqi ishlar vaziri Muxtor Tilovberdi va AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo
Qozog'iston Tashqi ishlar vaziri Muxtor Tilovberdi va AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo

Xitoy hukumati uyg'urlar qamoqda ekanini inkor etarkan, ular saqlanayotgan lagerlarda kasb-hunar o'rgatilayotganini ta'kidlab, lagerdagilarni talabalar deb atamoqda.

Pompeo oila a'zolari yo'qolib qolgan yoki Xitoy lagerlarida saqlanayotgan shinjonlik qozoqlar bilan ko'rishganini aytib, Qozog'iston hukumatini ularni Xitoyga chiqarmagani uchun olqishladi.

Uchrashuv chog'ida Tilovberdi uyg'urlar masalasini tilga olmadi, AQSh bilan iqtisodiyot va xavfsizlik bobidagi hamkorlikka urg'u berdi.

Pompeo Qozog'istonga Xitoydan sarmoya olayotganlikda ehtiyot bo'lisni maslahat berdi. Unga ko'ra, Xitoy sarmoyalarining jozibadorligi Qozog'iston suverenitetiga qimmatga tushadi.

"Qozog'iston istalgan mamlakat bilan biznes yuritishi mumkin va biz buni to'liq qo'llab-quvvatlaymiz. Biroq davlatlar Amerika kompaniyalari bilan sheriklikda ish qilsagina eng yaxshi natijaga erishishiga ishonaman. Chunki kelishuvlar adolatli bo'ladi, ish o'rinlari yaratiladi, shartnomalar shaffof bo'ladi. AQSh kompaniyalari atrof-muhitga e'tiborliroq bo'lib, ish sifati ham yuqori bo'ladi", - dedi Pompeo.

AQSh davlat kotibi Iroq va Suriyada "Islomiy davlat" jangari to'dasi safida harakatlangan salkam 600 qozog'istonlik jangari va ularning oila a'zolarini mamlakatga qaytarganini ham olqishladi.

Pompeoga ko'ra, Qo'shma Shtatlar Qozog'istonga Xitoydan tarqalgan koronavirusga qarshi profilaktika qilishda AQSh Yuqumli kasalliklarning oldini olish markazi ekspertlari va zarur laboratoriya uskunalari bilan yordam bermoqda.

Pompeo O'zbekistonda ham bo'lib, Markaziy Osiyo tashqi ishlar vazirlari bilan C5+1 guruh majlisida qatnashadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG