Toshkentda AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo O'zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashdi. Bu muloqotda ham e'tibor asosan respublikadagi jarayonlarda bo'ldi.
Pompeo nazarida, O'zbekiston keng ko'lamli o'zgarishlar qilishga bel bog'lagan. Biroq ularni amalga oshirish murakkab sinovlardan o'tishni talab qiladi. Amerika bosh diplomatiga ko'ra, mamlakat bu mashaqqatli yo'ldan qaytmasligi va Vashington singari strategik sheriklari yordamiga tayanishi lozim.
"Qo'shma Shtatlar O'zbekistonni islohotlar natija berishi uchun qilayotgan harakatida quvvatlaydi", - deydi Pompeo.
AQShning mamlakatga yordami o'tgan yili 100 million dollardan oshgan. O'zaro savdo esa yarim milliard dollardan ziyodni tashkil etgan. Har ikkisi o'sib bormoqda, deydi Pompeo.
Mirziyoyev bilan uchrashuvda Markaziy Osiyo siyosiy-iqtisodiy birdamligi, Afg'oniston va xavfsizlik, chegaralar himoyasi va global ahamiyatga ega boshqa masalalar ham muhokama qilingan.
Toshkentdan oldin Pompeo Nursultonda Qozog'iston rahbarlari bilan uchrashdi. Hamkorlik va o'zaro manfaatlardan tashqari u yana uyg'urlar taqdirini ham tilga olib, nafaqat bu hukumatni, balki butun mintaqa bo'ylab, barcha davlatlarni Xitoyga biror uyg'urni majburan yubormaslikka undadi. Bu masala yuzasidan Markaziy Osiyo rasmiylari lom-mim demaydi. Lekin Vashington bu mavzuni ko'taraveradi, deydi Amerika diplomatlari.
Bugun Toshkentda, shuningdek, AQSh va Markaziy Osiyoning besh davlati bosh diplomatlari uchrashdi. Markaziy Osiyoda iqtisodiy integratsiya va siyosiy birdamlikni targ'ib qilish va bunda O'zbekiston bilan yaqindan ishlash - Vashington uchun ustuvor maqsadlardan biri.
AQSh va besh respublika orasidagi "C5+1" formatidagi dialogni kuchaytirib, barcha regional masalalar yuzasidan avvalo shu doirada bir yoqadan bosh chiqargan holda qadam tashlanadi, deydi diplomatlar. Bu davrada hukumatlar o'z dardini ham tushuntiradi.
Bugungi sessiyada ham har bir davlat bosh diplomati o'z hukumatining mintaqaviy tashabbus va rejalari, qo'shnilar bilan tijorat va siyosiy hamkorlik hamda oldindagi vazifalar haqida gapirgan.
Nursulton va Toshkent tashrifida Pompeo biror yangi bitim imzolashni ko'zlagani yo'q, deydi Amerika rasmiylari. Diplomat, aksincha, mavjud kelishuvlar amaliyoti yuzasidan fikr almashdi, xususan strategik sheriklik asosida harakat qilaverish zaruratini qayd etdi.
Facebook Forum