Xalqaro hamjamiyat, O’zbekistonning dunyo bo’ylab siyosiy va iqtisodiy hamkorlari va sheriklari, yaqinlashayotgan parlament saylovlari respublikadagi siyosiy islohotlar natijasini ko’rsatadigan jarayon bo’ladi, degan umidda. Ikki muhim omil e’tiborda bo’ladi: mamlakatning siyosiy jihatdan qanchalik o’zgargani va ommaviy axborot vositalari bugun qanchalik erkin va professional ekani.
Sherzod Qudratxo'jayev, Markaziy saylov komissiyasi a’zosi, shuningdek, media arbob – Xalqaro Press Klub raisi hamda Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori.
"Amerika Ovozi" Vashingtondan Toshkent bilan bog'lanib, Qudratxo'jayevni suhbatga tortar ekan, mamlakatning kechagi va bugungi kunini qamrovchi savollarni o'rtaga tashladi:
- Ham jurnalistsiz, ham Markaziy saylov komissiyasi a'zosi. Kim tomondasiz? Betarafman desangiz, ishonish qiyin bo’ladi, ayniqsa xorijlik ekspertlar va kuzatuvchilar manfaatlar to’qnashuvi emasmi deya savolga tutishi aniq.
- Saylovda odamlarni faol bo’lishga chorlab yozgan postlaringizda, masalan, "Facebook"da, madaniyatli bo’laman deb qizg’in bahslardan qochmang, deya undaysiz. Lekin O’zbekistonda OAVda qayerga qaramang, madaniyat va ma’naviyat targ’iboti avjida. O’zbeklik va o’zbekona qadriyat va madaniyat nima ekani haqida va'z o’qiydiganlar talay. Odamlar kimga quloq tutsin? Kimga ergashsin?
- O’zbekistondagi hozirgi dinamikaga qarab, siyosiy jihatdan ancha ibtidoiy muhit bu, deya tahlil qilish to’g’rimi, sizningcha?
- Siz oldingi rahbariyatda ham matbuot va targ’ibot ishlarida jonbozlik ko’rsatgangiz. O’sha jarayonlarda pishgansiz, ko’p jihatdan. Nega sizga yangicha o’ylaydigan, progressiv va aynan saylov komissiyasi faoliyatida va natijalarni hisoblab berishda ishonchli odam deb qarashimiz kerak?
- O’zbekistonda tom ma’noda muxolifat yo’q va butun tuzum real oppozitsiyadan qo’rqadi va unga hech qachon yo’l bermaydi, deganlar ko'p. "Amerika Ovozi" bilan muloqotlarda chet eldagi tan olinmagan muxolifat buni doim eslatadi. Javob bormi bunga Toshkentdan?
Suhbatda Qudratxo'jayev "oq qarg'a" bo'lgan paytlarini eslab, o'ziga xos murakkab siyosiy jarayonlarda charxlangani va mustaqil fikrlashga uringani uchun jazolangan davrlari bo'lgani xususida to'xtaldi.
Uning tahlilicha, bugungi O'zbekistonda muxolifat bor. Muxolif fikrlar va ovozlar hozirgi siyosiy muhokamalarda tez-tez quloqqa chalinadi va qarorlarga o'z ta'sirini o'tkazmoqda, deb hisoblaydi Qudratxo'jayev.
"Mustaqillikning ilk yillaridagi muxolifat boshqa edi, hozirgi muxolifat boshqa", - deydi u. Odamlar va talablar ham o'zgargan, deya qo'shadi Qudratxo'jayev.
Arbob nazarida, siyosiy oppozitsiya sifatida maydonga chiqayotgan avlod bor va u chet eldan emas, mamlakatning o'zida tabiiy ravishda o'sib kelayotgan toifa.
Qudratxo'jayev - shu paytgacha muxolifat bilan bog'liq savolga efirda to'g'ridan-to'g'ri javob bergan ilk rasmiy.
Oldingi rahbar Islom Karimov davrida tizimda xizmat qilganlarning ham o'z dardi, kechinmalari va zamon xususida qiyosiy tahlillari bor. Ular ham o'zini tushuntirishga haqli. Vijdon, iroda, tamoyil va shartlar haqida gap ketganda, nafaqat erkinlik yo'q deb xorijga ketganlarni yoki hukumatning nafratiga uchrab ezilganlarni, balki ichkaridagi tor siyosiy muhitda ter to'kib, unga bardosh berganlarni ham eshitishimiz kerak. Qudratxo'jayev - ulardan biri. Prezident Karimov axborot xizmatida ishlagan. Hozirgi rahbar Shavkat Mirziyoyev u paytda bosh vazir edi. Qudratxo'jayev uning matbuot kotibi ham bo'lgan.
O'tmish va hozirgi kun haqida "nima uchun" degan savolni berar ekanmiz, Qudratxo'jayev singari yuqori pog'onalarda va rahbarlar yonida faoliyat yuritgan mutaxassis kecha va bugunni oq va qora ranglarda ko'rmaslik kerakligini eslatadi. Asosiy farqlaridan biri, deydi suhbatdosh, hozirgi O'zbekistonda u mahalliy va chet el OAVlari bilan bu va boshqa dolzarb masalalarni bemalol gaplasha oladi.
Intervyuni tomosha qiling:
Facebook Forum