Breaking News

Yevropa Ittifoqi O'zbekistonga nisbatan qanday siyosat yuritadi?


O'zbekiston-Yevropa Ittifoqi: Islohotlar jarayonida e'tibor nimada?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:45 0:00

G'arb-O'zbekiston: Islohotlar jarayonida e'tibor nimada?

Yevropa Parlamenti shu kunlarda ittifoqning O'zbekiston bilan aloqalarini ko'rib chiqib, a'zo davlatlarga yangi ko'rsatmalar berdi. Xo'sh, respublikadagi islohotlarni quvvatlayotgan va hamkorlikni mustahkamlashga bel bog'lagan blok bu maqsadlariga qay tariqa erishmoqchi?

Yevropa Parlamenti a'zolari nazarida O'zbekiston to'g'ri yo'lda va davom etishi kerak. Oshkoralik, inson huquqlari va qonun ustuvorligi, iqtisodiy va siyosiy erkinliklar uchun yo'l ochilaverishi kerak, deyiladi Strasburgda qonunchilar bergan bayonotda. O'zaro manfaatlar tubida shu omillar yotadi va aynan ular asosida hamkorlik kengayishi lozim.

Yevroparlament a'zo davlatlarni O'zbekistonda siyosiy va demokratik islohotlar amalga oshirilsin, deya targ'ib qilishga chaqirmoqda. Adliya mustaqilligi, advokatlar erkinligi, mustaqil parlament, erkin saylovlar, inson huquqlari himoyasi, jinsiy erkinlik, imkoniyati cheklangan insonlarning manfaatlari, ozchilikdagi guruhlarning haq-huquqlari, matbuot erkinligi, xavfsizlik kuchlarining javogbarligi, qonun ustuvorligi, fuqaro jamiyati taraqqiyoti, qonunchilarning rolini oshirish - Yevropa Ittifoqi O'zbekistonda shu jabhalarda katta o'zgarishlar bo'lishini istaydi va respublikaga yordam ko'rsatishda shu yo'nalishlar dolzarb deb belgilanadi. Tuzum adolatga bosh egishini ko'rsatishi lozim - sud, adliya tizimi va huquq-tartibotda mas'uliyat va professionalizmni oshirish lozim.

Yevropa Parlamenti, Bryussels
Yevropa Parlamenti, Bryussels

Yevroparlament ko'rsatmasida iqtisodiy erkinlikni oshirish va biznes loyihalar samara berishini ta'minlashdagi vazifalar ham qayd etiladi. Biznes muhit va ish sharoitini yaxshilash, ma'muriy javobgarlikni oshirish, valyuta liberalizatsiyasi, qashshoqlikka qarshi kurash va iqtisodiy-ijtimoiy tafovutlarni bartaraf etish yo'lida hissa qo'shish ko'zda tutiladi.

O'zbekiston hukumatini huquq himoyachilarini hurmat qilish, xalqaro kuzatuvchilar va tashkilotlar bilan ishlash, ular bemalol faoliyat yurita olishi uchun zamin yaratib berish, tartib-qoidalarni osonlashtirish, muntazam muloqotni yo'lga qo'yish, qamoqxona va hibsxonalardagi vaziyatni yaxshilash, BMT va boshqa xalqaro organlarning tegishli qismlari bilan yaqindan ishlab, qiynoqlar, huquqbuzarlik va qonunbuzarlik hollariga qarshi real kurash olib borish yo'lida ham Yevropa Ittifoqi O'zbekistonga yordam ko'rsatishi kerak, deyiladi parlament ko'rsatmasida. Respublikada huquq bilan bog'liq ahvol qanday ekani haqida ishonchli va xolis ma'lumot to'planishi lozim.

Yevroparlament erkinlik va adolatga urg'u berar ekan, jurnalist va axborot vositalarining huquqlari, diniy huquqlar, erkin harakatlanish huquqi singari talablarni alohida qayd etib, har qanday sharoitda bu erkinliklar hurmat qilinishi zarurligi, ekstremizm yoki boshqa biror tahdidni ro'kach qilgan holda fuqarolarning huquqlari poymol etilmasligi lozimligini uqtiradi.

Muxolif fikrlar, tanqidiy materiallar, amaldagi siyosatni savolga tutish, illatlar va nozik masalalarni ko'tarib chiqqani uchun fuqarolarni jazolash xalqaro qonunlarga va mamlakat qonunlariga zid ekani yodda tutilishi zarur.

Majburiy mehnatga qarshi ko'rilayotgan chora-tadbirlarni, O'zbekistonning Xalqaro Mehnat Tashkiloti bilan yaqindan ishlayotganini Yevropa Ittifoqi quvvatlaydi va bu harakatlar kuchayib, mamlakat dalalari va boshqa joylarda odamlarni zo'rlab ishlatishga batamom chek qo'yiladi, degan umid kuchli.

O'zbekistondagi yangicha pasport va shaxsiy guvohnoma siyosatini ham o'rganib, ittifoqqa bu qanchalik ta'sir qilishi haqida tahlilnomalar so'ralmoqda. 2019-yildan boshlab blok fuqarolari O'zbekistonga vizasiz borishi mumkin.

Yevroparlament a'zo davlatlarni Qoraqalpog'iston va xususan Orolbo'yi aholisiga yordam berishga undamoqda.

Suv taqsimoti, chegara xavfsizligi, chegara osha tijorat, energetika va Afg'onistonda tinchlikka erishish harakatlarida ham blok faollikni oshirishi kerak, deyiladi parlament ko'rsatmasida.

Parij, 2018
Parij, 2018

Markaziy Osiyo yadro qurollaridan xoli hudud ekani olqishlanib, mintaqani toksik va radioaktiv chiqindilardan tozalash dasturlari davom etishi lozimligi aytiladi.

Mintaqada siyosiy va etnik mojarolarning oldini olish, qoradori savdosi, uyushgan jinoyatchilik, radikalizm va terrorizmga qarshi kurashda ham O'zbekiston muhim rol o'ynashi tan olinadi. Migratsiya va atrof-muhit muhofazasi bilan bog'liq masalalarda shunday.

Yevropa e'tiboridagi yana bir yo'nalish - korrupsiya, moliyaviy tovlamachilik va soliqdan qochish singari hollarga qarshi choralarni kuchaytirish.

O'zbekistonga moliyaviy yordam berishda ittifoqdagi sarmoya va taraqqiyot banklaridan foydalaniladi. O'zbekiston moliyaviy tizimlari global talab va me'yorlarga moslashishida madadga muhtoj.

Yevropa Ittifoqi O'zbekistonning Jahon Savdo Tashkilotiga kirishini quvvatlaydi va unga bu borada ko'maklashadi. Biznes muhitni yaxshilash, to'g'ridan-to'g'ri sarmoya jalb etishda yordamlashadi. Shuningdek, blok a'zolari O'zbekiston bilan xalqaro loyihalarda hamkorlik qilishga undalmoqda.

Prioritetlar sifatida belgilangan vazifalar: yuqorida qayd etilgan maqsadlarga erishish uchun O'zbekiston hukumati bilan izchil kelishib olish - blok sifatida hamda a'zo davlatlar alohida. Blok 1999-yildan beri O'zbekiston bilan bunday kelishuvga erishmagan.

Hukumat, nohukumat sektor va biznes-tijorat - barcha jabhalarda hamkorlikni jadallashtirish uchun zarur mexanizmlar ishlab chiqish zarur. Bu esa O'zbekiston bilan serqirra muloqot taqozo etadi.

Berlin, 2019
Berlin, 2019

Alohida e'tibor parlamentlararo munosabatlarni kuchaytirish, davlat rahbarlari orasidagi dialog, tashqi ishlar, idoraviy aloqalarni mustahkamlashga qaratilishi kutilmoqda.

Yevroparlament ko'rsatmalarida eng ko'p tilga olinadigan yo'nalish demokratik islohotlar va inson huquqlari himoyasi. Bu esa Yevropa Ittifoqi O'zbekiston bilan rishtalarda nimani ustun qo'yayotganidan darak beradi. Biroq tahlilchilar hozircha bu ko'rsatmalar asosan qog'ozda ekanini eslatadi.

Amalda bu tashabbuslar qanday aks etadi? Yevropa rasmiylari va diplomatlari qanday taktikalarni qo'llagan holda O'zbekiston bilan til topishadi? O'tmishdagi xatolardan qanchalik saboq olinadi? Toshkent nima istaydi? O'zbekiston o'z manfaatlarini qanday tushuntirib, nimani olg'a suradi? Hamkorlik samarasini mana shu omillar belgilaydi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev va uning ma'muriyati uchun islohotlar amaliyoti oliy vazifa. Yevropa Parlamenti, Yevropa Ittifoqi va uning a'zolari Mirziyoyev olg'a surgan dasturlarni olqishlab keladi. Konkret hissa qo'shish payti keldi, deydi Strasburg va Bryusseldagi qonunchilar.

O'zbekiston Yevropa Ittifoqi nazarida qanchalik o'zgardi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:20:15 0:00

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG