Breaking News

AQSh O'zbekiston bilan hamkorlikni kengaytiradi


Bu hafta Toshkentda kechgan uchrashuvlarda AQSh rasmiylari O'zbekiston hukumatining turli vakillari bilan muloqot qilib, serqirra hamkorlikka kelishib olgan. Strategik sheriklik real tarzda olib boriladi, deydi diplomatlar.

AQSh Davlat departamenti Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari boʻyicha muovini Elis Uells 26-fevral kuni Toshkentda Oʻzbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev va Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan yuzma-yuz muzokara olib bordi.

Keyin esa ikki davlat orasida yillik maslahatlashuv kechdi. Ma'lum qilinishicha, Mirziyoyevning 2018-yilning may oyida Qoʻshma Shtatlarga qilgan tashrifi paytida Prezident Donald Tramp va boshqa yuqori lavozimli rasmiylar bilan uchrashuvlarda qayd etilgan maqsadlar, Oq uy bilan e'lon qilingan qo'shma bayonot - hozirgi muloqotga zamin yaratgan.

AQSh Davlat kotibi muovini Elis Uells va O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov, Vashington, 26-fevral, 2019
AQSh Davlat kotibi muovini Elis Uells va O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov, Vashington, 26-fevral, 2019

AQShning Toshkentdagi elchixonasi bergan bayonotga ko'ra, Uells xonim maslahatlashuv jarayonini quyidagi so'zlar bilan ochib bergan:

“Muhim iqtisodiy va boshqaruvga oid islohotlarni qabul qilish hamda yon qoʻshnilari va boshqa mamlakatlar bilan savdo va investitsiya uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochish orqali Oʻzbekiston dunyoga yangidan tanildi. Oʻzbekistonning jahon maydonida haqqoniy oʻrin egallagani ortidan butun Markaziy Osiyo foyda koʻrmoqda. Qoʻshma Shtatlar Oʻzbekistonning qayta tugʻilishini qoʻllab-quvvatlaydi va ragʻbatlantiradi”.

2018-yilda AQShning Oʻzbekistonga yordami qariyb 28,1 million dollarga yetgan. 2016-yilda atigi 10,1 million dollar edi. Bu mablag' siyosat, iqtisod, taʼlim, xavfsizlik, madaniyat va boshqa sohalarda Amerika tomonning tashabbuslari uchun sarflanadi.

Tashqi ishlar vaziri Komilov ham ikki mamlakat o'zaro manfaatlar yo'lida harakat qilish uchun bugun har doimgidan ham ko'proq imkoniyatlarga ega, deya ta'kidlagan.

Maslahatlashuvlar natijasida ikkita anglashuv memorandumini imzolangan.

Qoʻshma Shtatlar va Oʻzbekiston hamkorlikni muntazam ravishda tahlil qilib, aloqalar samarasi uchun birga qadam tashlaydi, deydi rasmiylar.

Kelgusi maslahatlashuv 2020-yilda Vashingtonda oʻtishi kutilmoqda.

AQSh-O'zbekiston: Toshkent, 26-fevral, 2019
AQSh-O'zbekiston: Toshkent, 26-fevral, 2019

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG