AQSh Vakillar palatasining respublikachi a'zosi Trent Kelli demokrat sherigi Visente Gonzalez bilan yaqinda bir rezolyutsiyani tasdiqlatdi. Hujjat O'zbekiston va AQSh orasidagi strategik sheriklikni mustahkamlashga chaqiradi. Kongress pozitsiyasi bu, deydi Kelli. Bu qonunchilar nima uchun O'zbekiston bilan yaqindan ishlash payida? O'zbekiston Amerika uchun nega muhim? AQSh Milliy Gvardiyasida brigada generali unvoniga ega kongressmen Kelli bilan Kapitoliydagi idorasida suhbat qildik.
Eksklyuziv intervyu, 26-sentabr, 2019
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": AQSh Vakillar palatasining Longvort binosidamiz, kongressmen Trent Kelli huzurida. Kellining shtati Mississippi O'zbekiston bilan o'ziga xos rishtalarga ega. Siz bilan O'zbekiston haqida gaplashgani keldik, kongressmen Kelli.
Kongressmen Trent Kelli: Xush kelibsiz! Bu men uchun juda sevimli mavzu, agar harbiy hamkorlikni ham nazarda tutsak. Uch kun oldin Mississippi shtati gubernatori bilan gaplashdim. U yaqinda O'zbekistonga borib keldi. O'zbekiston va Mississippi orasida o'xshashliklar ko'p.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": O'zbekiston va Mississippi orasidagi hamkorlik qanday boshlangan? Siz Kongressga 2015-yilda saylangansiz. Lekin O'zbekistonni ancha yaxshi bilasiz. Bu davlat bilan qanday qilib til topishgansiz?
Kongressmen Trent Kelli: Bilasizmi, o'zi ezgu niyatli odamlar har doim bir-birini topadi. Mississippi Milliy Gvardiyasi a'zosiman. Bu kuchlar O'zbekiston harbiylarini treningdan o'tkazib keladi. Bu uzoq yillik programma (Pentagon dasturi). 2016-yilda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti bilan hamkorlikda O'zbekistonga bordim, Kongress delegatsiyasi bilan. O'shanda hozirgi prezident, u paytdagi bosh vazir bilan tanishganman. Prezident Mirziyoyev bilan, to'g'ri aytdimmi? (aslida "Mirzizoyev" deb qiynalib talaffuz qiladi)
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Mirziyoyev.
Kongressmen Trent Kelli: Mirziyoyev.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Ha. Mir-zi-yo-yev.
Kongressmen Trent Kelli: Bilasizku, bizda Mississippi shtatida ismlar qisqa, irlandcha, odatda.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Bilaman, lekin prezident sizning ismingizni juda yaxshi bilsa kerak.
Kongressmen Trent Kelli: Ha, biladi. Shunday qilib, Mirziyoyev bilan bosh vazirlik paytidan beri tanishman. Prezidentlikka kelgach, juda yaxshi ishlar qila boshladi. Ilk bor uchrashganimizda senator Safoyev va Tashqi ishlar vaziri Komilov ham bor edi. Safoyevmidi yo tashqi ishlar vaziri?
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Yo'q, Safoyev senator edi u paytda ham.
Kongressmen Trent Kelli: Ajoyib inson. Do'stlashib ketdik. Kutilmagan uchrashuvlar. Men ularga qarab, shtatim bilan shunday hamkorlik bor, keling, gaplashib olaylik bu haqda, dedim. Orada muloqot avj oldi, aloqalarni kengaytirishga kelishib oldik va ishga kirishdik.
Boshqalarni ham O'zbekistonga qiziqtira boshladik. Doim gaplashamiz. Men o'zim Mississippidan O'zbekiston haqida ko'p so'zlayman.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Demak, shaxsiy til topishish muhim, to'g'rimi? Inson inson bilan kelisha olishi kerak. Davlat departamenti yillardan beri xalqlarni xalqlar bilan bog'lash kerak, deb keladi. Mississippi shtati ahli O'zbekiston degan davlat va O'zbekiston xalqi haqida qanchalik biladi?
Kongressmen Trent Kelli: O'rganishyapti, bila boshlashgan. Juda ko'p narsalarni gapirib berishim mumkin. Juda yoqimli mavzu.
Navbahor Imamova, VOA Uzbek: Marhamat, gapiring.
Kongressman Trent Kelly: Kongress degelatsiyasini o'zim olib borganman. Sakkiz vakildan iborat edi. O'zbekistonga uzoq yillar mobaynida Kongressdan bunday katta qonunchilar guruhi bormagan edi. Boshqalarni ham O'zbekistonga qiziqtira boshladik. Doim gaplashamiz. Men o'zim Mississippida O'zbekiston haqida ko'p so'zlayman. Gubernatorimiz, iqtisod va harbiy masalalar bilan shug'ullanadigan bosh rasmiylarimiz borib kelishdi. Gap bu yerda faqat harbiy hamkorlikda emas. Biz boshqa sohalarda ham O'zbekiston bilan ishlashni xohlaymiz. Hamjihatmiz.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi: Bu borada ham albatta so'rayman, lekin oldin Vakillar palatasidagi O'zbekiston guruhi haqida gaplashaylik. Maqsadi nima bu guruhning?
Kongressmen Trent Kelli: Maqsad - O'zbekiston va AQSh orasidagi aloqalarni mustahkamlash. Vakillarimiz O'zbekistondagi jarayonlardan boxabar bo'lsin. Ko'plar umuman bilmas edi bu mamlakat haqida.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Hatto Kongressdailar?
Maqsad - O'zbekiston va AQSh orasidagi aloqalarni mustahkamlash. Vakillarimiz O'zbekistondagi jarayonlardan boxabar bo'lsin. Ko'plab umuman bilmas edi bu mamlakat haqida.
Kongressmen Trent Kelli: Hatto shu yerdagilar. Hozirga kelib ko'plar ko'p narsa biladi. Qay mavzuda bo'lmasin: diniy erkinlik, inson huquqlari, paxta dalalarida yoki ishxonada; siyosiy mahbuslarni ozod etish masalasimi... O'zbekiston uzoq davr mobaynida yopiq edi. Hozir ular ochildi. Ular hozir mintaqaviy lider. Ular dunyo bo'ylab sherik va hamkorlarga ega. Prezident kelib mudofaa vazirimiz, bizning prezidentimiz, men singari vakillar, shuningdek, senatorlar bilan uchrashdi. Bu muloqotlar juda muhim. Aytganimdek, bir-birimizni yaqindan taniyapmiz. O'zbekiston guruhidagi demokrat sherigim Visente Gonzalez bilan rezolyutsiya loyihasi taklif qildik. O'zbekiston bilan yaqindan hamkorlik qilamiz.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi: Har ikki partiya a'zolari bor bu guruhda?
Kongressmen Trent Kelli: Ha.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Demak, O'zbekiston guruhi bu davlatga qiziqqan, u bilan hamkorlikni yoqlagan, bir-biri bilan bu borada gaplashib, maslahatlashib turadigan qonunchilar doirasi, shundaymi? Kongressda uzoq payt O'zbekistondagi siyosat va vaziyatni tanqid qilib kelganlar bor. Ular bilan ham gaplashib turasizmi?
Kongressmen Trent Kelli: Gaplashamiz. Men O'zbekiston elchisi [Javlon Vahobov] bilan muntazam aloqadaman.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Juda faol-a elchi?
Ular bilan yaqinligimning va bu rishtalarning tekisligining sababi - samimiylik.
Kongressmen Trent Kelli: Juda, juda faol elchi. Yaqin do'stdek bo'lib qoldik. Men uchun bu qiyin emas, chunki O'zbekiston hukumatida yaqin o'rtoqlar topganman. Ular bilan yaqinligimning va bu rishtalarning tekisligining sababi - samimiylik. Dardimizni bir-birimizga ochiq aytamiz, bir-birimizni eshitamiz. Muammolarni muhokama qilamiz. Yechim izlaymiz, topamiz. Muammo esa ko'p, u yerda ham, bu yerda ham.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Sizga buni ko'p aytishsa kerak, O'zbekiston tomon Amerikadan ko'p narsa kutmoqda. Ulkan umidlar bog'langan bu hamkorlikka, juda ko'p sohalarda. Faqat harbiy emas, o'zingiz qayd etganingizdek, biznes va sarmoya, taraqqiyot, inson huquqlari va texnik yordam. Amerika ham O'zbekistonda ko'p ishlar qilmoqchi, ko'maklashmoqchi. Siz uchun eng dolzarb masalalar nima? Prioritetlaringiz?
Kongressmen Trent Kelli: Harbiy hamkorlik birinchi o'rinda.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Xavfsizlik, demak.
Kongressmen Trent Kelli: Mintaqaviy barqarorlik. Afg'oniston ham buning ichida. O'zbekiston bu jarayonlarda muhim rol o'ynayapti, Tolibon va Afg'oniston hukumati til topishishi uchun harakat qilmoqda. O'zbekiston - mintaqaviy lider. Biz shunga qarab harakat qilayapmiz. Iqtisodiy jihatdan, shtatimdagi yeryong'oq fermerlari bilan gaplashayapman. Mahsulotlarimiz uchun O'zbekistonda omborxona, ta'minot markazi ochmoqchimiz. Fermerlar tajriba va bilim almashadigan joy bo'lsin. Qishloq xo'jaligi nihoyatda muhim soha biz uchun. AQSh Qishloq xo'jaligi vazirligi bilan O'zbekiston bilan hamkorlikni kuchaytirish borasida muloqotdaman.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Demak, harbiy hamkorlik, xavfsizlik bo'yicha hamkorlik, qishloq xo'jaligida hamkorlik...
Kongressmen Trent Kelli: Qishloq xo'jaligi, iqtisod...
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Vashingtonda va boshqa joylarda, hatto Toshkentda ham Amerika O'zbekiston bilan hamisha "sendan ugina, mendan bugina" qabilida hamkorlik qilgan, degan tahlil chuqur ildiz otgan. Ya'ni siz O'zbekiston bilan muayyan maqsadlar uchun, masalan, Afg'oniston borasida, ishlaysiz. Mintaqa sizga qayergadir o'tish yoki yetish uchun kerak. Yondashuv juda pragmatik, uzoqni ko'zlamaydi, deyishadi.
Bizni tanqid qilayotganlar haqiqatni ko'rmayapti, nazarimda.
Kongressmen Trent Kelli: Shunday fikrlaganlar men bilan gaplashsin. Bu noto'g'ri tahlil. Men bu safar ham borsam, uch yildan beri har noyabr O'zbekistondaman. Doimiy aloqadamiz. Visente Gonzalez bilan taklif qilgan rezolyutsiyam ham uzoq muddatli hamkorlikka undaydi. Biz ulkan tizimmiz. Kongressda 535 a'zo bor. 435 vakil, 100 senator. Balki ayrim hollarda qisqa muddatli maqsadlar ham bordir, lekin O'zbekiston bugun Kongressda ishonchli do'stlarga ega. Qolaversa, mana shtatlarning rahbarlari ham aloqa o'rnatmoqda. Shtatlar siyosati va hamkorligi alohida. Ular Afg'oniston uchun borayotgani yo'q. Maqsad - iqtisodiy hamkorlik. Mississippi, masalan, O'zbekiston bilan chuqur aloqa istaydi. Bizni tanqid qilayotganlar haqiqatni ko'rmayapti, nazarimda.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Siz uzoq muddatli hamkorlikka intilayapsiz.
Kongressmen Trent Kelli: Bir umrlik, degan bo'lardim.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Prezident Mirziyoyevni o'tgan yili bu yerda iliq kutib oldingiz. Kapitoliyni aylantirdingiz.
Kongressmen Trent Kelli: Ha, aylantirdik. Linkoln xonasini ko'rsatdik. Linkoln prezidentlik paytida juda yaxshi ko'rgan joy bor, shuni ko'rsatdik. Uchrashuv uchun juda mos zal.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Suratlarda ko'rdik. Siz Prezident Mirziyoyevga ishonasiz. Brigada generali sifatida sizning ishonchingizni qozonish oson emas, to'g'rimi?
Kongressmen Trent Kelli: Yo'q, osonmas.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Shunday ekan, nima uchun O'zbekiston hukumati va xususan Prezident Mirziyoyev siz uchun ishonchli taraf?
Kongressmen Trent Kelli: Birinchidan, biz hamkorlik xohlaymiz. O'zbekiston prezidenti ham shuni istaydi. Buning isboti ko'p. Kongressdan borganimizda, prezident Yaponiyada edi, vazirlari bilan. Katta delegatsiya edik. Kunimiz bir-biriga to'g'ri kelmadi. Prezident Toshkentda bo'la olmasdi, chunki boshqa rahbarlar bilan uchrashuvlari rejalangan edi. Vazirlarining hammasini biz bilan muzokara qilishga yubordi. Bu uning irodasi kuchli ekanidan dalolat emasmi? Diniy mahbuslar masalasida ham, maxsus elchimiz Braunbek va Davlat departamenti bilan muzokara qilindi. Paxta terimi, bolalarni terimga olib chiqish masalasi ham muhokamada edi.
Birinchidan, biz hamkorlik xohlaymiz. O'zbekiston prezidenti ham shuni istaydi.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Majburiy mehnat. Bolalar mehnati.
Kongressmen Trent Kelli: Biz bu masalalarni ko'tardik.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Muhokama qildingiz?
Kongressmen Trent Kelli: Albatta. Va bu muamolar hal bo'ldi. Bu nimadan dalolat? O'zbekiston to'g'ri yo'ldan bormoqchi. Amerika hukumati sekin ishlaydi. O'zbekiston hukumati ham sekin ishlaydi. Hech kim biz xohlaganimizdek tez harakat qilmaydi. Mening kuzatishimcha, [Mirziyoyev] amalda ekan, O'zbekiston muntazam ravishda oldinga qadam tashlamoqda, progress ketidan progress. Yaqinlashayotgan saylovlardan ham umidlar katta. Meni taklif qilishdi, keling kuzating, deb. Faqat vaqti Rojdestvo bayramiga yaqin. Yosh bolam bor, ketish qiyin bo'ladi. Lekin O'zbekiston hukumati eshikni ochib, keling, jarayonni kuzating, deyapti xalqaro hamjamiyatga. O'zbekistonda oshkoralik davri boshlangan. Bu juda yaxshi. Har doim ham kutilgan natijani bermasligi mumkin, lekin tuzum ochiq ekanini ko'rsatmoqchi. Ishonch va uzoq muddatli hamkorlik ortidagi asosiy omil shu.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Oliy Majlis a'zolari bilan uchrashgansiz, gaplashgansiz. Qanday fikrdasiz ular haqida?
[Mirziyoyev] amalda ekan, O'zbekiston muntazam ravishda oldinga qadam tashlamoqda, progress ketidan progress. Yaqinlashayotgan saylovlardan ham umidlar katta.
Kongressmen Trent Kelli: Senator Safoyev - yaqin do'st. Parlament a'zolari bilan ham tanishman. Ularga yordam berib, quvvatlashimiz kerak. Ular xalqning ovozi bo'lishi kerak. Prezident ham shuni xohlaydi, fikrimcha. U parlament kuchli bo'lsin, deyapti. Qudratni bo'lishmoqchi. Hamma qudrat menda bo'lsin, demayapti. Oldin shunday edi. Bu prezident hokimiyatni bir o'zi egallab olmoqchi emas.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Sizga shunday ko'rinyaptimi?
Kongressmen Trent Kelli: Ha, shunday.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Ko'plar nazarida bu uzoqqa bormasligi mumkin.
Kongressmen Trent Kelli: Boradi, fikrimcha. Saylovlar ko'rsatadi buni. Prezident o'zgarishlarga ochiq.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Ko'plar nazarida prezident o'z hokimiyatini mustahkamlab olgach, arqonni qattiqroq torta boshlashi mumkin.
Kongressmen Trent Kelli: Menga unday ko'rinmayapti. Aksincha, u ishonchni kuchaytirib, tuzumga tayansa bo'ladigan, xalq uchun ishlaydigan odamlarni olib kirishni xohlaydi. Saylovlar ham shuni ko'rsatishi kerak. Dunyoni saylov jarayonini kuzating, deb taklif qilib turibdi axir. Hokimiyatini mustahkamlayotgan odam bunday yo'ldan bormaydi.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Borsangiz, har ikki partiya vakillari boradimi?
Kongressmen Trent Kelli: Balki... Yo men o'zim, yo ikkala partiya vakillaridan iborat guruh. Ko'ramiz. Xalqaro tashkilotlarni ham taklif qilishgan, BMT va boshqalarni. Bu saylov oldingilaridan erkin va yangicha bo'ladi, shunday emasmi? Siz nima deysiz?
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Bilasizmi, Kongressmen Kelli, bu saylov - O'zbekiston siyosiy tizimi uchun tarixiy sinov. Sistema qanchalik yangilangani, isloh qilinganini ko'rsata olishi kerak. Davlatning asosida yangilik bor, deya ko'rsatishi kerak. Siyosiy islohotlar bo'layotganidan darak berishi kerak. Nafaqat xalqaro hamjamiyat, balki O'zbekiston xalqining o'zi buni ko'rishi kerak.
[Mirziyoyev] ishonchni kuchaytirib, tuzumga tayansa bo'ladigan, xalq uchun ishlaydigan odamlarni olib kirishni xohlaydi. Saylovlar ham shuni ko'rsatishi kerak.
Kongressmen Trent Kelli: Gap shundaki, to'rt yil oldin O'zbekistonga xorijiy harbiylar kira olmagan bo'lar edi. Hatto trening uchun ham qo'yishmas edi. Hozir biz treninglar haqida gaplashayapmiz, mudofaa vaziri bilan. Prezident xabardor. Mintaqaviy mashqlar qilmoqchimiz. Chet ellik harbiylar boradi, birga mashg'ulotlar o'tkaziladi. Zilzila yoki boshqa tabiiy ofatlarga qarshi tayyorgarlik.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": O'zbekiston qonunlari xorijiy harbiylarga baza ochishga ruxsat bermaydi.
Kongressmen Trent Kelli: Biz trening uchun boramiz. Oldinlari hatto trening uchun ham amalda ruxsat yo'q edi. O'zbekiston hozir bunga ochiq. Chegaralar ham ochildi. 3-4 yil ichida vaziyat ancha yaxshilandi. Hamma narsa a'lo, demayapman. Albatta, unday emas. Bizning chegaralarimizga qarang. Ishlashimiz kerak. Lekin ijobiy o'zgarishlarni ham tan olish kerak. Ochilsa, ochildi, deymiz, eskicha o'ylamasdan.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": O'zbekiston mudofaa vaziri, xavfsizlik bo'yicha rahbarlar bilan gaplashib turasiz-a?
Gap shundaki, to'rt yil oldin O'zbekistonga xorijiy harbiylar kira olmagan bo'lar edi. Hatto trening uchun ham qo'yishmas edi. Hozir biz treninglar haqida gaplashayapmiz
Kongressmen Trent Kelli: Hammasi bilan. O'zbekiston harbiy akademiyalarida bo'ldim. Bir necha marta bordim. Biznes va iqtisod bo'yicha ham muloqotlar qildik. Hukumat bilan aloqadaman. Ular juda ochiq. Muammolarni bemalol muhokama qilishadi. Fikrimiz har doim ham bir emas va bu tabiiy.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Bu imkoniyatlarga siz Rossiya ta'siriga qarshi javob berish yo'li deb ham qaraysizmi? Markaziy Osiyoga, bilasiz, ko'plab siyosatdonlar buyuk o'yinlar maydoni, deb qaraydi. Bilaman, Vashingtonda ko'plar bunday qaramaydi. Siz-chi? Rossiya, qolaversa, Xitoy ta'siridan xavotirdamisiz?
Kongressmen Trent Kelli: Xavotirda emasman. Uch oyoqli stulni tasavvur qiling. Biri Rossiyaniki va besh yilcha oldin ancha uzun edi. Xitoyniki kalta edi. Amerikaniki esa deyarli yo'q edi.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Ya'ni, u yoqda.
O'zbekiston hech kimning o'yinchog'i emas - Amerikaniki ham, Xitoyniki ham, Rossiyaniki ham. O'zbekiston xalqi o'z holicha buyuk va biz uni quvvatlaymiz. Mamlakat o'z foydasini o'ylab, o'zi qaror qiladi.
Kongressmen Trent Kelli: Ha, O'zbekistonda, xususan. Hozir biz bormiz. Oyog'imiz uncha uzun emasdir, lekin tenglashib qolamiz. Bu juda muhim. Muvozanat kerak. O'zbekiston uchun bu yaxshi. U - qadim Ipak Yo'lidagi davlat. Boy davlat. Buyuk xalq. Katta ta'sirga ega hududda joylashgan. O'zbekiston hech kimning o'yinchog'i emas - Amerikaniki ham, Xitoyniki ham, Rossiyaniki ham. O'zbekiston xalqi o'z holicha buyuk va biz uni quvvatlaymiz. Mamlakat o'z foydasini o'ylab, o'zi qaror qiladi. Biz unga yordamlashamiz - AQSh va jumladan, Mississippi shtati. Rossiya ta'siridan qo'rqmayman. Ular bizdan qo'rqsin. Biz O'zbekistonni egallab olmoqchi emasmiz. O'zbekiston ravnaq topsin deymiz. O'zbekistonni O'zbekiston xalqi boshqarsin.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": "Do'stlik" ordeni muborak bo'lsin. Toshkentda edim eshitganimda.
Kongressmen Trent Kelli: Ajoyib...
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Bu haqda qanday xabar topdingiz?
Biz O'zbekistonni egallab olmoqchi emasmiz. O'zbekiston ravnaq topsin, deymiz. O'zbekistonni O'zbekiston xalqi boshqarsin.
Kongressmen Trent Kelli: Elchi menga xabar berdi. Mukofot men uchun sharaf. Do'stligimiz - timsoli. Qanday inson ekanimni sizga aytdim: kim bilan do'stlashmay, men chin do'stman. 15-20 yil oldin shahrimda prokuror edim. O'sha paytda orttirgan do'stlarim, politsiyachilar, masalan, hamon qadrdonlarim. 10-15 yil oldin birga xizmat qilgan harbiylar bilan hozirgacha yaqinman. Do'stlikni va do'stini qadrlaydigan odamman. Do'st - bir umrga do'st. Buni hamisha isbotlay olaman.
(Vashingtonda 27-sentabrda o'tgan tadbir. Kongressmen Kelliga orden shu ziyofatda topshirildi.)
Kongressmen Trent Kelli (tadbirda): Gapni qisqa qilaman: Tashqi ishlar vaziri Komilovdan Prezident Mirziyoyev nomidan topshirgan ordeni uchun minnatdorman. Bu mukofot - men uchun sharaf. Mississippi va AQSh orasidagi do'stlik va sheriklik ramzi. Bu hamkorlikni tebratish - Kongress a'zosi sifatidagi asosiy ishim. Visente Gonzalez, Texasdan saylangan kongressmen bilan birga yuritadigan O'zbekiston guruhimiz ham biz uchun sharaf. O'zbekiston mustaqilligining 28 yilligi munosabati bilan rezolyutsiya taklif qildik.
Mamlakatda erishilgan yutuqlarda rahbariyat va vazirlarning hissasi katta. Ajoyib yurt. O'zbekistonga bormapsiz, bu dunyoni ko'rmapsiz. Men ikki joyga borishni yaxshi ko'raman. Vashington ulardan biri emas. Biri Mississippi, ikkinchisi esa O'zbekiston. Har ikkisida o'zimni uyimdagidek his qilaman. Bu buyuk davlatga, buyuk xalqqa mukofot uchun chuqur minnatdorchilik bildiraman.
(Intervyu davomi)
Men ikki joyga borishni yaxshi ko'raman. Vashingtondan ulardan biri emas. Biri Mississippi, ikkinchisi esa O'zbekiston.
Kongressmen Trent Kelli: Aytganimdek, orden meni quvontirdi va ruhiy kuch berdi.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Xalqlarimiz, odamlarimiz deb ko'p aytasiz. Bizni hozir O'zbekistonda yoki Markaziy Osiyoning boshqa bir joyida ko'rib o'tirishgan bo'lsa, kimdir sizni tinglab, yaxshi, bu kongressmen O'zbekiston hukumati bilan juda do'stlashib olibdi, lekin biz uni qiziqtiramizmi, oddiy xalq dardi unga qanchalik qiziq, deb o'ylanayotgan bo'lsa-chi? Chunki hukumat va xalq ayri narsalar u yoqlarda...
Kongressmen Trent Kelli: Unda tushunishingiz kerak: men uchun hukumat va xalq ayri emas. Men - xalqman, uning ichidan chiqqanman. 763 ming odamning nomidan saylanganman. Har ikki yilda qayta saylanishim kerak.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Siz o'zingizni xalq deb bilasiz, demak?
Kongressmen Trent Kelli: Ha, men xalqman. Vakillar palatasi a'zosi - Amerika xalqining eng muhim ovozi. Bu juda muhim. Bizni xalq saylaydi. Men bu yerda xalq ishongani uchun o'tiribman. Xalq va davlat - bir narsa. Prezident [Mirziyoyev] ham shunga intilmoqda, nazarimda. Parlament xalq ovozi bo'lsin, vakillar uning uchun kurashsin, deya harakat qilmoqda. Eng kuchli hokimiyat bu - xalq irodasi va xohishini aks ettira oladigan hukumat. Respublika deb shuni aytishadi. Shu bois ham bizning davlatimiz kuchli. O'zbekistonda yaqinlashayotgan saylovlar ham shu tomon yo'l, deb umid qilamiz. Xalq ovozi.
Ha, men xalqman. Vakillar palatasi a'zosi - Amerika xalqining eng muhim ovozi. Bu juda muhim. Bizni xalq saylaydi.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Kuzatamiz birga.
Kongressmen Trent Kelli: Albatta. Bora olaman degan umiddaman.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Suhbat uchun rahmat.
Kongressmen Trent Kelli: Sizga ham rahmat. Maroq bilan gaplashdim.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Bu suhbatni hali ancha davom ettirish mumkin.
Kongressmen Trent Kelli: Chunki har ikkimiz uchun sevimli...
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Shubhasiz.
Kongressmen Trent Kelli: Rahmat sizga.
Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Sizga ham.
Facebook Forum