Deyvid Xeyl, AQSh Davlat kotibining Siyosiy masalalar bo'yicha muovini, bu hafta Toshkent va Nur-Sultonda bo'ladi. Muhokamadagi asosiy mavzu mintaqaviy birdamlik bo'lishi kutilmoqda. O'zbekiston va Qozog'istonda Xeyl prezidentlar bilan uchrashishi mumkin. Bu orada Davlat departamenti o'zining yillik tahlilnomasida O'zbekistonni oshkoralik tomon dadilroq qadam tashlashga undamoqda.
Departamentga ko'ra, O'zbekiston davlat byudjeti loyihasini omma e'tiboriga havola qila boshlagani progress deyishga arzigulik muhim o'zgarish.
O'tgan bir yil ichida byudjet bilan bog'liq jarayonlar bir tartibda kechgan. Loyiha muhokama qilingan, qabul qilingan, jamoatchilik uchun oshkora etilib, internetga qo'yilgan.
Lekin davlat o'z qarzlarini qanday to'layotgani, xususan, davlatga qarashli kompaniyalar bilan bog'liq moliyaviy axborot berilmagan.
Oshkor etilgan ma'lumotlarga qarab, hukumat qilayotgan xarajat va olayotgan daromad haqida tasavvurga ega bo'lish qiyin, deyiladi AQSh hisobotida. Vazirliklarning byudjeti, davlatga tegishli bizneslardan kelayotgan daromad qanday taqsimlanayotgani - bu borada informatsiya hali ham oshkor etilmaydi.
Tabiiy boyliklardan tushayotgan daromad, shuningdek, hukumatning byudjetdan tashqari sarfiyati ham ochiq emas. Ijroiya organining yuqori darajasi, boshqaruv idoralari uchun qancha mablag' ketayotgani ham noma'lum.
Bunday holatda O'zbekiston byudjetini tushunish va tahlil qilish mumkin emas, deya baholaydi AQSh Davlat departamenti. Avvalo, O'zbekiston xalqi bu borada yetarli axborotga ega bo'lishi lozim.
Respublika qonunlariga binoan davlatning yillik byudjeti audit qilinishi shart. Biroq bu boradagi hisobotlar ham oshkor etilmaydi.
O'zbekistonning tabiiy boyliklarini qazish uchun kimlar yollangan? Qancha moliya haqida gap ketmoqda? Bu masalalar O'zbekistonda hamon yopiq mavzular. Xalq zaxiralardan tushayotgan daromad, ularni ishlab chiqarish uchun qancha sarflanishi haqida ogoh bo'lishi kerak.
AQSh Davlat departamenti O'zbekistonda bu masalalarda ham islohotlar ketmoqda, degan umidda va Mirziyoyev ma'muriyatini oshkoralikni ta'minlash uchun ko'proq harakat qilishga chaqirmoqda.
Facebook Forum