AQShda o'z o'rnini topgan o'zbekistonlik mutaxasisslar talaygina, turli jabhalarda. O'zbek biznes klubining so’nggi uchrashuvida O'zbekistonning Kapital bozorini rivojlantirish agentligi direktori Otabek Nazirov qatnashdi.
O'zbek biznes klubiga uch yil oldin asos solingan. Klub yig'ilishlari jahon moliya markazi Manhettenda o'tadi. Uning bu galgi mehmoni – O’zbekistonning yuqori lavozimli rasmiysi Otabek Nazirov.
“O’zbek biznes klubi noformal guruhimiz bor. U yerda O'zbekistondan chiqqan 30 dan ortiq professionallar yig'ilgan. Klub a'zolari har oy yoki uch oyda bir uchrashib turishga harakat qilamiz. U yerga turli spikerlarni taklif qilib turamiz. Ular bilan savol-javob qilib turli narsalarni o'rganamiz. Bundan oldin klubga O'zbekistondan senator Sodiq Safoyev kelgan edi. Hozir O'zbekistonda ko'p o'zgarishlar bo'lyapti. Klub ana shu o'zgarishlarni spikerlardan batafsil o'rganib ular bilan muloqot qilish maqsadida tuzilgan. Bundan tashqari maqsadimiz “networking” . Netvorking nimani anglatadi? O'zbekistondan chiqqan professionallar, o'z o'rnini topgan mutaxassislarni birlashtirib, maslahatlashish, bir-birimizga kasbiy o'sishda ko'maklashish, bundan tashqari yoshlarni to'g'ri yo'lga boshlashga xizmat qilish uchun tuzilgan klub bu” - deydi klub muassislaridan biri Farhod (Frank) Murodov.
Klub 2017-yil O'zbekistonning amaldagi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Nyu-Yorkda vatandoshlar bilan uchrashuvi jarayonida tashkil topgan. Uning faoliyati, shuningdek, klub a'zolarining ayrimlari O'zbekistonga qaytib mamlakatning turli vazirlik va rasmiy idoralarida faoliyatini davom ettirishlari ortidan ham ko'pchilikning nazariga tushgan.
Qaytganlardan biri klub tashkil topishida xizmati singan Otabek Nazirov.
“Oramizdan 2-3 kishi O'zbekistonga qaytdi. Otabek [Nazirov] qaytdi, Floridadan Ulug'bek degan, asli “umidchi” professional bola Turizm vazirligiga ishlash uchun qaytdi. Shimoliy Karolinalik Ulug'bek Qosimov ham O'zbekistonda nogironlar uyushmasi orqali har xil yordamni ko'rsatib kelyapti. Xullas, oramizda O'zbekiston ravnaqi uchun turlicha ulush qo'shayotgan professionallar ko'p”- deydi Farhod Murodov.
Klub faoliyati, uchrashuv qatnashchilari suhbatlariga tayanilsa, AQShda muvaffaqiyat qozongan vatandoshlar orasida O'zbekistonga qaytish niyatida yurganlar oz emas . Olisdan turib mamlakat rivojiga hissa qo'shish imkoniga egalari esa yanada ko'proq. Ularga esa amaldagi vaziyat yuzasidan birinchi qo'ldan olingan ma'lumot muhim. Otabek Nazirov bilan uchrashuv ularga ana shunday qulay imkoniyatni yaratdi.
“Bugungi uchrashuvimiz mehmoni Otabek Nazirov - O'zbekiston kapital bozorini rivojlantirish agentligi direktori. Uchrashuvimiz Manhettenda joylashgan “Lee & Associates” kompaniyasida o'tdi. Bu kompaniyada vatandoshimiz Shahzod (Sergio) To'rayev ishlaydi. Maqsadimiz birga yi'g'ilish, Otabek Nazirov bilan muloqot qilib O'zbekistondagi tajribasi, u yerdagi yuz berayotgan katta o'zgarishlar haqida o'zidan eshitib Amerikada, Yevropa va boshqa chet mamlakatlardagi o'zbeklar, o'zbekistonliklarni qaytarish maqsadida nima o'zgarishlar bo'lyapti, qanaqa ish joylari bor shularni bilish uchun uchrashgandik”- deydi Farhod Murodov.
“Taasurotlarim juda yaxshi. Otabek aka O'zbekistonda bo'layotgan o'zgarishlarni gapirib berdilar. O'z tajribalari bilan bo'lishdilar”, - deydi Shahzod (Sergio) To'rayev.
Uchrashuvda O'zbekistonga investitsiya kiritishni mo'ljallayotgan amerikalik tadbirkorlar ham qatnashdi. Ular Toshkentdan kelayotgan mujdalar umidbaxshligiga tayanib ish tutayotganliklarini yashirmaydi. Bunday uchrashuvlar ularga yangi bozorni tushunish imkoniyati.
Facebook Forum