Bugun o'zbekistonliklar AQShning deyarli barcha shaharlarida bor. Tennessi shtati poytaxti Nashvill shahri ham vatandoshlar bilan ancha gavjumlashib qolgan. "Amerika Ovozi" ijodiy jamoasi yaqinda shaharda bo'lib, bu yerda yashovchi vatandoshlar hayoti bilan tanishdi.
Nashvill - musiqa shahri. Tennessi shtatining poytaxti o'zini sayyohlarga shunday targ'ib etadi. Darhaqiqat, shahar "Kantri" janridagi musiqaning o'chog'i hisoblanadi.
Nashvill aholi soni bo'yicha AQShda 24-eng katta shahar. Bu yerda 700 mingga yaqin odam yashaydi. Shahar nomi Amerika Inqiobiy urushi davridagi general Frensis Nash ismidan olingan.
Ayni paytda Nashvill etnik jihatdan rang-barang. Bu yerda ko'plab o'zbekistonliklar ham istiqomat qiladi.
Alisher Badalov bir necha yildan beri Nashvillda yashaydi, asli qirg'izistonlik o'zbeklardan. Ko'plab o'zbekistonliklar qatori u ham restoran va oziq-ovqat biznesida ishlaydi. "Sal'z Pizza" restoranida bosh menejer.
Alisher ishdan bo'sh paytlarini oilasi davrasida o'tkazadi. Ikki farzandning otasi. Unga Nashvillning tinchroq ekani ma'qul.
"Nyu-Yorkda yaxshi pul to'laydi, lekin ijara qimmat. Bu yerda kamroq topasiz, lekin shunga yarasha ijarangiz ham arzon. Hayotingiz osonroq bu yerda, tinchroq. Nyu-Yorkka ko'chmoqchi ham bo'ldik, shunday qarorga ham keldik. Lekin mashinaga o'tirib, shahardan chiqishimiz bilan niyatimdan qaytdim", - deydi u.
Alisherning rafiqasi Fayoza Rahmonova vatanidan olsida yashasa-da, o'zini begona yurtda yurgandek sezmaydi. Chunki mahallasida o'zbekistonliklar ko'p. Bir-birimizga doim yordam beramiz, deydi u.
"Yaxshi kunimda ham, yomon kunimda ham shu qo'shnilarim bor. Har qanday kunimda yonimda turishadi. Ayam keladilarmi, qaynonam keladilarmi, albatta, bitta laganda narsa chiqarishadi. Qo'lda sovg'alar bilan chiqishadi", - deydi u.
Muxlisa Nabiyeva Nashvill shahrida istiqomat qiluvchi yana bir vatandoshimiz. Talaba sifatida dastlab Virjiniya shtatida yashagan. So'ng ishi yuzasidan Nashvill shahriga ko'chib keldi.
Unga shahar aholisining ochiqko'ngil va sermulozamat ekani yoqadi.
"Odamlari juda yaxshi. Magazinga 2-3 marta borsangiz, sizni tanib olishadi. Ko'chada begona odamni ko'rsangiz ham, salomlashib o'tib ketadi. Boshqa shtatlarda bu narsani ko'rmadim", - deydi Muxlisa.
O'zbekistonlik huquqshunos To'lqin Yuldashev bu yurtda haq-huquqlarning to'la himoya qilinishiga, tadbirkorlar uchun barcha sharoitlar muhayyo ekaniga e'tibor qaratadi.
"Bir do'stim pitsaxona ochmoqchi bo'ldi, men ham qiziqib bordim. Ruxsatnoma olishi uch kun kechikkan ekan. Hokim o'zi xonasiga o'tqazib, hujjatni shaxsan o'zim yetkazaman, deb uzr so'radi. Ikki kundan keyin o'zi kelib, joylar bilan tanishib ruxsatnomani tashlab ketdi", - deydi u.
Shaharda o'zbekistonliklar soni borgan sari oshib bormoqda. Odatda, bir joyga o'zbek joylashsa, uni qora qilib, ortidan tasnishlari kelaveradi, deydi vatandoshlarimiz.
Facebook Forum