Breaking News

O'zbekistonda ma'naviyatchilar tanqidiga uchragan qiziqchilar Amerikada


"Bravo" Nyu-Yorkda konsert berdi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:24 0:00

"Bravo" 15-fevralda Nyu-Yorkda konsert berdi

Shu kunlarda Nyu-Yorkda O'zbekiston estrada yulduzlari va “Bravo” qiziqchilar guruhi konsert berdi. Tomoshabinlar – vatandoshlar. O'zbek yumori va musiqasidan bahramand bo’lishga kelgan Bruklin tumani rahbari Erik Adams mehmonlarni faxriy yorliqlar bilan taqdirladi.

15-fevral kuni Nyu-York shahrining Bruklin tumanidagi “Master” teatri yana o'zbekistonlik vatandoshlar bilan gavjum bo'ldi. 1300 dan ortiq tomoshabinni sig'diradigan zalda deyarli bo'sh o'rin qolmagan.

Boisi 50/50, qo'shiq va kulgi konserti. Okean ortidagi yurtdoshlarni xushnud etish uchun estrada yulduzlari Shohruhxon, “Bojalar” solisti Jahongir Foziljonov, xonanda Shaxriyor va “Bravo” qiziqchilar guruhi O'zbekistondan kelishdi.

Tashkilotchilar yulduzlarning Amerikada konsertini uyushtirishda faol bo'lgan Osiyo Kalenderova va Sug'diyona Isroilova boshchiligidagi “Star Entertainment” jamoasi.

Bruklin tumani rahbari Erik Adams mehmonlarni olqishladi. Konsert vatanni sog’ingan muxlislarning kayfiyatini ko'tardi. Kattayu-kichik san'atkorlar ijodidan bahramand bo'ldilar.

“Bravo” guruhi so'nggi oylarda bahs-munozaralar markazida. Bu ijodiy jamoaning joriy yil boshida “YouTube” va O'zbekiston telekanallarida namoyish etilgan dasturi ma'naviyat va ma'rifatga zid ko'rilib, tanqidga uchragan.

Qiziqchilarning shinavandalari ayniqsa yoshlar orasida talay. Konsertini internetda millionlab odam tomosha qiladi.

“Bravo” odamlarni kuldiradi lekin bu qiziqchilarning O'zbekistonda tanqidchilari serob. “Ma’naviyat va ma'rifat” markazi rahbari, deputat Alisher Qodirov fikricha, “Bravo” guruhini tarqatib yuborish kerak.

Qodirovning aytishicha, “Bravo” ijodi yuzasidan shikoyatlar tushgan. Lekin guruh faoliyatini uning markazi ta'qiqlash vakolatiga ega emas.

Guruh a’zolari tanqidlarga befarq emas. Ular ijtimoiy tarmoqlarda doimiy haqorat ostida. Umid Umarov ijodiy jamoaning xatolarini ilk marta konsert tashkillashtirgani bilan bog'laydi.

Umarov deydiki, “Bravo”ning bosh maqsadi - odamlarni kuldirish. Shu bilan mamlakat ijtimoiy hayotidagi o'zgarishlarga tomoshabin bo'lib o'tirmaslik.

“Hamma sohada ham O'zbekiston jadal rivojlanish jarayonida. Rivojlanish, harakat bo'lgan joyda o'ziga yarasha kamchilik bo'ladi. Bu holatda bizga o'xshagan qiziqchilik yo'nalishidagi odamlar yumor qidirib, chiqib, xalqqa ko'rsatamiz. Shu orqali ishtirok etyapmiz va jamiyatga fikrimizni bildirib o'tyapmiz”, - deydi Umarov.

“Bravo” o'tgan yilning mayida tashkil topib, kuzda ilk dasturini katta sahnada taqdim etdi. Olti kunlik programma el og’zida bo’ldi. Toshkentdagi “Xalqlar do'stligi” zali odamga to’ldi. Shu yilning yanvarida “YouTube” va televideniye orqali namoyishi ortidan “Bravo” ommaviy madaniyatni targ'ib qilyapti degan tanqidlar kuchaydi.

“Ma’naviyat va ma’rifat” markazi rahbari Alisher Qodirov:

“Sir emaski, ayrim seriallar, konsert dasturlari, videokliplar ma'naviyatimizga zid bo'lgan elementlarni aks ettiryapti. Afsuski, O'zbekiston respublikasi amalda bo'lgan qonunchilik normalariga ko'ra, shunday lavhalarning efirga uzatilishiga yo'l qo'ymaslik uchun “Ommaviy axborot vositalari to'g'risida”gi qonunning ayrim bandlariga o'zgartirish kiritish ehtiyoji paydo bo'ladi”.

"Bravo” nazarida jamiyat rivoji uchun ta'qiq o’rinsiz. Aksincha, ijodiy guruhlarning yuksalishi uchun ularni quvvatlash zarur. Guruh hamkorlikka tayyor.

"Bravo" a'zolari kundalik hayotda o'z ishi bilan shug'ullanadi
"Bravo" a'zolari kundalik hayotda o'z ishi bilan shug'ullanadi

Bugungi O’zbekistonda erkinlik nima? Chegara qayerda?

“Bizga imkon darajasida yordam berishsa, biz yana ham kuchli bo'lib, bizni cheklamasdan, bunaqa emas bunaqa yo'nalishda yordam beringlar, deb aytilsa, maqsadga muvofiq bo'lardi”, - deydi Umid Umarov.

“O’zbekkonsert”ga bizning tomondan ssenariy beriladi. Keraksiz joylari olib tashlanadi… Kino sohasi bo'yicha ham, qiziqchilik sohasi bo'yicha ham biz bemalol, har xil mavzular ustida emin-erkin ishlayapmiz. Shu ham sababchi bo'ldimi deb o'ylayman. Shu ozgina chegaradan chiqishimizga... “Bravo” jamoasini...”,- deydi Umid Umarov.

Umid aslida o'qituvchi, Shahlo va Ahmad esa tadbirkorlar. “Bravo” guruhi ularni birlashtirgan. Ular uchun qiziqchilik, mana 10 yildirki, sevimli mashg'ulot. Ular talabalik davrida “Quvnoqlar va zukkolar” musobaqasida, keyinroq “Million” hajviy guruhida ijod qilishgan. 2018-yilda alohida jamoa tuzishdi.

Nyu-Yorkdagi konsert juda qizg’in o’tdi. Zal tomoshabinga to’ldi.

Tomoshabin kulgi istab keldi va kuldi. Mavzular esa bugungi zamon va odamlarni aks ettirdi.

Imomali, muxlis:

“Men uchun “Bravo” #1 guruh. Chiqishlari zo'r. Bitiruv kechasi (sahnasi) hammaga yoqqan deb o'ylayman. Keyin Jumavoyning qilmishlari zo'r chiqqan. Amerikada turib ham bo'sh vaqtimizda ularning konsertlarini ko'rib turamiz”.

Diyor, muxlis:

“Bugun kulish uchun keldik. “Bravo” asosan hajviy, hayotdagi oddiy narsalarni yoki qandaydir muammolarni chiqarishga harakat qiladi. Va hazil tariqasida. Va ular buni juda yaxshi uddalashadi. Xalqning dilini ovlash san'atkorning - birinchi vazifasi”.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG