Breaking News

AQShdagi vatandoshlar uyg'urlar taqdiriga befarq emas


Vatandoshlar: Uyg'urlarni juda bo'lmaganda ruhan quvvatlaylik
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:29 0:00

Xitoydagi uyg’urlar va boshqa ozchilik turkiy elatlarga tazyiqlar borgan sari kuchayib borayotgani AQShda yashayotgan o'zbekistonliklarni ham tashvishga solmoqda. Ushbu mavzuni vatandoshlar, asosan, internetdagi ijtimoiy sahifalarda ko'rib muhokama qilmoqda.

Uyg'ur hofizi Abdurahim Hayitning “Yo'q-yo'q” qo'shig'i Bruklindagi bu xonadonda ikki kundirki takror-takror yangramoqda. Hofiz Xitoy qamog'ida o'ldirilgan degan xabarlar bu ziyoli o'zbek xonadonini larzaga solgan. Sobir To'laganov vaziyatni sinchkovlik bilan o'rganishga kirishgan.

“BMT tekshiruvlari Xitoy davlati 1 milliondan ortiq musulmonlarni qamoqxona va lagerlarga tashlaganini ko'rsatgan”, - deydi o'zbek ziyolisi va Sharqiy Turkistondagi bu holatga o'zbekistonliklar befarq qarab turmasligi kerakligini ta'kidlaydi.

“Sharqiy Turkistonda bizning o'zbeklar, qirg'izlar, uyg'urlar, qozoqlar (yashashadi), qisqacha qilib aytganda, eski yaxlit bo'lgan Turkiston o'lkamizni mayda bo'laklarga bo'lib tashlashgan, oqibatda ular hukmronlik qilib endi o'z e'tiqodini saqlashga imkon berishmayapti”, - deydi u.

Sobir To'laganovga ko'ra, o'zbekistonliklar jamiyati orasida bu voqealar Xitoyning ichki ishi; unga aralashmagan ma'qul deydiganlar ham bor. Olimning o'zi esa boshqacha fikrda.

“Turkistonliklar oldida nafaqat insoniylik burchimiz, ular oldida millatdoshlik, yurtdoshlik burchimiz ham bor. Hech bo'lmasa, ularga nohaqlik qilinayotgani to'g'risida munosabat bildirishimiz, demokratik yo'l bilan zulmga qarshilik ko'rsatishimiz kerak”, - deydi u.

Kuzatuvchilarga ko’ra, Xitoy Sharqiy Turkistondagi uyg'urlarning madaniyati, dini va o'zligini yo'qotmoqchi. Jahon hamjamiyati Xitoyga bosimni kuchaytirishi kerak, deydi Turkiston-Amerika uyushmasi prezidenti Abdulla Xo'ja.

“U yerda lagerlar yasashgan. Zo'ravonlik bilan kommunizm va Xitoy madaniyati, urf-odatini o'rgatishmoqchi. (Uyg'urlarni) o'z urf-odatlaridan uzoq saqlab, ozgina qimirlasa, ular ekstremist deb dunyoga bildiryapti. Bularning hammasi noto'g'ri. Ular ekstremist emas, balki g'arib yashayotgan xalq. Xitoy o'z siyosati bilan ularni tamoman yo'q qilmoqchi”, - deydi Abdulla Xo’ja.

Uyg'ur xalqi muammosiga iqtisodiy manfaatni deb ko'z yumish kerak emas, deydi u.

'Ko'p noto'g'ri ishlar bo'lyapti. Xitoy borgan sari kuchaymoqda. Biznes aloqalar o'rnatgan davlatlar hammasi jim turishibdi. Biznes va tijoratni deb jim turishmoqda. Hamma ovozini chiqarib protest qilishi lozim”, - deya qo’shimcha qiladi u.

Abdulla Xo’ja vaqti kelib sovet respublikalari kabi Sharqiy Turkiston ham mustaqil bo'lishiga ishonishini aytadi.

“Bir vaqtlar sovet mamlakati ham eng kuchli davlat edi. Dunyoni titratib yurardi. “Super pover”larning biri edi. 90-yillarda Sovet Ittifoqi parchalandi. Bizning mamlakatlarimiz, O'zbekiston, Qozog'iston, Qirg'iziston, Turkmaniston, Tojikiston va Ozarbayjon ham mustaqillikka erishdi. Tarixda katta kuch abadiy bo'lmagan”, - deydi u.

“Uyg'ur hamshaharlarimiz hech qachon noumid bo'lmasinlar. Harakat qilishlari kerak” - deydi suhbatdoshimiz.

“Eng avvalo, uyg'ur birodarlarimizning o'zlari harakat qilishlari, dod-faryod qilishlari kerak. Toki dod-faryod qilmas ekanlar, hech kim dardlariga quloq solmaydi. Bo'lgan hodisalarni, noto'g'ri ishlarni, g'ayriinsoniy bo'layotgan masalalarni xabar berib, dunyoga bildirishlari kerak”, - deydi Amerikadagi turkistonliklar yetakchisi Abdulla Xo’ja.

Abdurahim Hayit qamoqda o’ldirilgan, degan shov-shuvlar ortidan Xitoy rasmiy manbalari uning tirik ekani haqida xabar tarqatdi. Buni eshitgan Sobir To'laganov ham, Abdulla Xo'ja ham xushxabar rost bo'lsin va hofiz tezroq erkinlikka chiqsin, deb umid bildirishdi.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG