Breaking News

Nyu-Yorkdagi sayyohlik ko'rgazmasida o'zbekistonliklar qatnashdi


Nyu-York sayyohlik ko'rgazmasida o'zbekistonliklar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:39 0:00

25-27-yanvar kunlari Nyu-Yorkda sayyohlik ko'rgazmasi bo'lib o'tdi. Yillik tadbirda Amerikada yashayotgan o'zbekistonliklar ochgan turkompaniyalar ham qatnashib keladi. Ular bilan O'zbekiston turizm sanoatida yuz berayotgan o'garishlar, qilinishi lozim bo'lgan ishlar haqida suhbatlashdik.

“The New York Times Travel Show” an'anaviy xalqaro sayyohlik ko'rgazmasida mana 11 yildirki asli o'zbekistonlik Zulxumor Rajabova ham ishtirok etib, O'zbekistonni sayyohlarga tanitishga intilib keladi.

“Biz Amerikada O'zbekiston va O'rta Osiyoning boshqa davlatlari, shuningdek, Kavkaz orti davlatlarini targ'ib qilamiz. Butun Buyuk Ipak yo'li mamlakatlari, ularning tarixi, madaniyatini shu yerda reklama qilib, sayyohlarni ana shu davlatlarga jalb qilish bilan shug'ullanayapmiz”.

Tashkilotchilarga ko'ra, har yili ko'rgazmaga turli mamlakatlardan 30 mingdan ortiq sayyoh va soha mutaxassislari keladi, 100 dan ortiq madaniy dasturlar taqdim etiladi, yuzlab jurnalistlar uni yoritadi.

“Mana shu yerda biz qancha jurnalistlarga yoki turizm sohasi agentlariga bepul turlar tashkil qilsak, o'sha jurnalistlar va travel agentlar turistlarni ko'proq olib kelish imkoniyatiga ega bo'ladi. Chunki jurnalistlar shunaqa odamlarki, gazetalarda, jurnallarda bizning O'zbekistonimiz yoki Buyuk Ipak yo'li mamlakatlarini, u yerdagi mehmondorchilikni targ'ib qiladigan odamlar. Shuning uchun ular borib ko'rishi kerak. O'z ko'zi bilan ko'rgandan so'ng madaniyatimiz, tariximiz, shaharlarimiz – Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent to'g'risida gapirishadi. Agar pressani ishlatmasak, unda ko'p kishi bilmaydi, birgina internetda sayt ochish bilan ko'p narsaga erishib bo'lmaydi. Bundan tashqari O'zbekiston, O'rta Osiyo davlatlari ham shunaqa turizm yarmarkalarida qatnashsa yanada ko'proq turistlarni o'ziga jalb qila oladi”.

Matbuot anjumanida qatnashgan aksariyat jurnalist va blogerlar ham o'xshash taklifni ilgari surishdi. O'zbekistonning Nyu-Yorkdagi konsuli Qahramon Dalimov:

“Bularni taklifini O'zbekistonga yuboramiz. Juda ham maqsadga muvofiq narsa. Kerak bo'lsa, ularning xarajatlarini qoplashni ham o'ylab chiqamiz. Negaki, ular mamlakatga kelib u yerdagi sharoitlarni o'z ko'zlari bilan ko'rgach, imkoniyatlarimizni reklama qiladilar, Instagram, Facebook va boshqa ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida ma'lumotlarni tarqatadilar. Bu bizga reklama bo'ladi. Ushbu taklifni O'zbekiston hukumatiga yetkazamiz”.

“Biz muzeylar, universitetlar, sayyohlik klublarida prezentatsiyalar qilyapmiz va shu orqali mijozlar orttirib, sayyohlarni o'sha davlatlarga olib boryapmiz. Bizlar tanho tarixiy turlar emas, balki lyuks-sayohat, kulinariya va eko-turizm yo'nalishida ham ishlayapmiz. Hozirgi paytda sayyohlarni mehmonxona emas, yurtalarda joylashtirish taklifi ham qiziqtirib qolgan”, - deya qo'shimcha qiladi u.

Tennessi shtatidan Don Robbins o'zbekistonlik hunarmandlar mahsulotini internet orqali sotadi. U Zulxumor Rajabovaning kompaniyasi orqali ikki marta O'zbekistonga borib kelgach, o’z biznesiga asos solgan.

“O'zbekistonga sayohatimdan qaytgach, qarasam, tanishlarim u yerdan keltirilgan hunarmandchilik buyumlarini qiziqish bilan olib ketishyapti. Ularni sotganim afzalroq deb, biznesimni boshlaganman”, - deya so’zlaydi Robbins.

Britaniyalik Mark Liderman yaqin besh yilda O'zbekiston turizm sanoati gurkirab o’sishiga ishonadi. O'zbekiston yo'nalishi bo’yicha 15 yildan beri ishlaydi.

“O'zbekiston Buyuk Britaniya va qator davlatlar uchun mamlakat bo'ylab vizasiz sayohat qilish imkonini berdi. Bilaman, Shimoliy Amerika bozoriga bunday sharoit berilmagan, umid qilamiz tez orada bu yerlar uchun ham shunday tartib joriy qilinar. London va Toshkent o'rtasida haftasiga ikki marta aviaqatnov mavjudligi ham juda qulay, lekin biz “O'zbekiston havo yo'llari” parvozlarni ko’paytirishini ham taklif qilib qolardik”, - deydi “Wild Frontiers Travel” turizm kompaniyasi mahsulot va operatsiyalar bo'yicha direktori.

Samarqandlik Jo'rabek Hakimov bir yil oldin Amerikaga ko'chib kelgan, o'z turistik firmasini yuritadi. Uni tanitish uchun ko'rgazmada lotoreya joriy qildi. Yutuq - O'zbekistonga ikki kishilik bepul sayohat.

“Bu AQShda eng nufuzli va eng katta ko'rgazma hisoblanadi. Unda qatnashib, biz O'zbekiston turizm salohiyatini ko'rsatishni maqsad qilib qo'yganmiz”, - deydi u.

O’zbekiston va mintaqadagi o’zgarishlarni sayyohlar kuzatib turibdi, shuning uchun oxirgi yillarda uning soni ko’paymoqda, qiziqish kuchaymoqda, deydi “Ipak Yo’li bo’ylab sayohat” kompaniyasi rahbari Zulxumor Rajabova.

“Ko'pgina sayyohlar O'zbekistonda yanada yaxshiroq o'zgarishlar bo'lishini xohlashadi. Ikki yilda bo'lgan o'zgarishlarni sanab o'tdim, vizalar soddalashtirildi, aeroportdan chiqish jarayoni osonlashtirildi. Ilgari aeroportda ikki soatlab kutib qolishardi. Bizlar yanada ko'proq mehmonxonalar bo'lishini xohlaymiz, yangicha transport xizmatlari joriy etilishi kerak. Turizm sohasida ishlaydigan mutaxassislarni o'qitish kerak va ular sayyohlarni mehmonxonalarda, aeroportlarda kulib, ingliz tilida kutib olishsa mehmonlar oqimi yanada oshadi", - deya qo'shimcha qiladi u.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG