Asari Fransiyadagi mashhur Luvr muzeyiga loyiq ko’rilgan o’zbek rassomi Isfandiyor Haydarov AQShda ko’rgazmasini o’tkazishga hozirlik ko’rmoqda.
Yaqinda Amerikada ijodiy safarda bo’lib qaytgan rassom bu davlat hayotiga doir 40 dan oshiq asarlar yaratganini aytadi.
Isfandiyor Haydarov Luvrdan joy olishga muyassar bo’lgan sanoqli rassomlardan biri deyish mumkin. “Oltin kuz” asari muzeydan joy olishi tarixida siyosat ham, san’at ham uyg’unlashib ketgan.
Bu asar Islom Karimov tomonidan Farnsiyaning o’sha paytdagi prezidenti marhum Fransua Mitteranga sovg’a qilingan. Surat O’zbekiston prezidetining Fransiyaga qilgan dastlabki rasmiy tashrifi doirasida sovg’a qilinganmi, yoki boshqa bir vaziyatda, bu noaniq.
Isfandiyor Karimov bilan uchrashuvlari 1994-yilda o’tganini aytadi. Bu inobatga olinsa, Fransiya tomonidan O’zbekistonga 1994-yilda qilingan dastlabki oliy darajadagi tashrif nazarda tutilayotgani ayon.
Isfandiyorning xotirlashicha, Karimov bilan uchrashuv tashabbuskori prezidentning o’zi bo’lgan. O’zbek rassomlari albomini ko’zdan kechirgan Karimovga Isfandiyorning asarlari yoqib qoladi va rassomni suhbatga taklif qiladi.
Karimov saroyida o’tgan uchrashuvda Isfandiyor prezidentga ikkita asar sovg’a qiladi. Bu asarlardan biri prezidentning o’zida qoladi, ikkinchisini rasmiy tashrifga hozirlanayotgan Karimov Fransiya prezidentiga sovg’a qilishini aytadi.
Parijda san’atshunoslarning olqishlarga sazavor bo’lgan “Oltin kuz”ga esa oqibatda Luvr muzeyi xaridor chiqadi.
“Bunda davlat arbobi, Fransiyaning o’sha paytdagi prezidenti Mitteran janoblarining xizmatlari katta, albatta. Mitteran tasviriy san’atning shaydosi edi, asar unga juda yoqqan. Bu voqea 1994-yillarda bo’lgan, Luvr muzeyidan O’zbekistonga katta sarmoya ham kelgan edi. Lekin, afsus, hozirgacha men muallif sifatida bu pulni ololmadim. Xullas, bu ishim zamona zayli bilan Fransiyaga bordi, Luvr muzeyiga munosib ko’rildi. Tajribada esa bu muzey hali hayot bo’lgan rassomlardan ish sotib olmagan”, - deb eslaydi rassom Isfandiyor.
Isfandiyor Karimov bilan o’tgan uchrashuvini iliq xotirlaydi. Bu uchrashuvdan so’ng rassom hayotida ham burilishlar bo’ladi, u ancha yillar Turkiyada yashab ijod qildi. O’zbek rassomchiligiga doxil ko’plab ko’rgazmalar o’tkazdi. Bir necha yillar avval O’zbekistonga qaytgan rassom ijodiy faoliyatini yana Toshkentda davom ettirmoqda.
Yaqinda u AQShda bo’lib qaytdi. To’rt oylik safar davomida amerikalik rassomlar ijodi bilan bevosita tanishgan, yangi asarlar yaratgan. Rassomni Amerikaga doir asarlari orasida AQSh prezidenti Jorj Bushning portreti ham bor.
“Amerikada ko’rgazma o’tkazish rejasi ancha yillardan buyon bor edi. Anqaradagi ko’rgazmalarimda ishtirok etgan amerikalik san’atshunoslar menga shunday taklif bilan chiqishgan edi. Amerika hayotiga oid ishlagan 40 qa yaqin suratlarimni olib borgan edim. Ular ichida AQSh prezidenti Jorj Bushning ham portreti bor. Amerikaga borgach, ishni nimadan boshlash kerak, qanday qilib ko’rgazma tashkil qilish kerak, hech narsa bilmasdim. Maslahatlashib Jorj Bushning portretini Bush nomidagi muzeyga ham jo’natdik, ish juda yoqqani haqida javob ham oldik. Noyabrda viza muddati tugadi, shuning uchun ko’rgazma o’tkazish bo’yicha tashkiliy ishlarni oxirigacha yetkaza olmadim. Men amerikalik rassomlarning ishlari bilan tanishdim, ko’proq modern usulida ijod qiluvchi, o’ziga xos rassomlar. Bizdagi maktab esa asosan rus Yevropa tasviriy san’ati asosida shakllangan”, - deydi rassom.
O’zbek rassomchilik maktabining iste’dodli vakili Isfandiyor ayniqsa yurt tabiati mahorat bilan aks ettirilgan peyzajlari bilan tanilgan. Isfandiyorning Luvr muzeyidan joy olgan ishida ham O’zbekistondagi kuz tasvirlangan. Rassom Turkiyadagi uzoq yillik faoliyatidan so’ng o’z ijodini yana O’zbekistonda davom ettirish qarorida.