Breaking News

Vashingtonda Qur'on ko'rgazmasi ochildi


Vashingtonda Qur'on ko'rgazmasi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:49 0:00

AQSh poytaxti Vashingtondagi muzeyda Qur'on san'ati ko'rgazmasi ochildi. Loyiha Smitson institutining Sakler galereyasi hamda Istanbuldagi Turk va islomiy san'at muzeyi hamkorligida tashkil etildi. Qur'onning 60 dan ziyod ko'hna va nafis qo'lyozmalari ko'rgazmaga qo'yildi. Bu kitoblar Shimoliy Afrika va Turkiyadan tortib Eron va Afg'onistongacha bo'lgan hududlardan keltirilgan va ayrimlari ming yildan ziyod tarixga ega.

Ko'rgazmaga kiraverishda qo'yilgan ulkan qo'lyozmaga rangli siyoh va tilla bilan jilo berilgan.

"Bu eng katta va eng og'ir qo'lyozmalardan. Og'irligi 60 kilocha keladi va juda ayojib. Bunday qo'lyozmalarning ko'pi ko'rgazma uchun yaratiladi. Masjid va maqbaralarga sovg'a qilinadi", - deydi muzey xodimi Ma'suma Farhod.

Ko'rgazmadagi 66 qo'lyozmaning aksariyati Istanbuldagi Turk va islomiy san'at muzeyidan keltirilgan. Ba'zilari Sakler galereyasining bisotidan. Ular orasida 7-asr Damashqi va 17-asr Istanbuliga oid noyob asarlar bor. Ayrimlari ulkan imperiyani boshqargan usmoniy sultonlarning maqbaralaridan olingan.

"Bu kitoblar o'sha hududlarning eng qudratli sultonlari, hukmdorlari uchun yaratilgan. Oradan ko'p yillar o'tib, usmoniylar oilasiga meros bo'lib o'tgan", - deydi muzey xodimi.

Ma'suma Farhodning aytishicha, barcha Qur'on qo'lyozmalari bir xil matnga ega bo'lsa ham, bezak va uslubdagi farqlar ularning har birini o'ziga xos san'at asariga aylantirgan.

"Masalan, Yoqut ismli xattotning qo'lyozmasi bor. U 12-13-asrlardagi islom olamining eng buyuk xattotlaridan biri bo'lgan", - deydi ko'rgazma vakili.

Ko'rgazma xattotlik san'atini va qadimgi Qur'on kotiblarining noyob bezak va yozuvlarini ko'z-ko'z qiladi. Ayrim qo'lyozmalarning yaratilish tarixi, ularning egalari va xattotlar haqida ham ma'lumot beriladi.

"Bu yerga kelganlar, qiziqishlari qanday bo'lishidan qat'i nazar, shu ma'lumotlarni o'zi bilan olib ketadi deb umid qilamiz. Ayrimlar xattotlikka yoki xattotlarga, jilolash san'atiga va ko'rgazma qanday tashkil etilganiga qiziqishi mumkin. Ularning barchasiga yoqadigan nimadir bor bu yerda deb umid qilamiz", - deydi Farhod.

Ko'rgazma 20-fevralgacha davom etadi. Eksponatlar bilan muzey saytida ham tanishish mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG