Breaking News

O'zbekiston elchixonasi o'zini qanday tanitayapti?


Jorj Vashington Universiteti (George Washington University, Central Asia Program) va O’zbekiston elchixonasi birga foto ko’rgazma uyushtirdi. Undagi suratlarni o’zbekistonlik va xorijlik suratkash, sayyohlar olgan.

Universitet binosida terilgan ixcham ko’rgazmani tezgina aylanib chiqsa bo’ladi. Bu ta'lim maskani va O’zbekiston elchixonasi birga o’tkazgan birinchi madaniy loyiha. Qiziqib kelayotgan tomoshabinlar orasida talabalar, olimlar, diplomatlar, Davlat departamentidan rasmiylar…

Elchi o'rinbosari va maslahatchisi Muzaffar Madrahimov davlatni nafaqat siyosat va iqtisod, balki san’at, madaniyat orqali ham tanitish muhim, deydi.

“Universitet qoshidagi Markaziy Osiyo dasturi O’zbekistonda ishlangan filmlarni namoyish qilib keladi. Mintaqaning boshqa mamlakatlarida yaratilgan kinolar ham ko’rsatilmoqda. Markaziy Osiyodagi barcha mamlakatlar borib ko’rishga arziydi: tabiati, me’moriy obidalari nihoyatda go’zal, odamlari mehmondo’st, taomlari mazali. O’zbekistonda tomosha qiladigan joylar serob. Suratlardan bunga o’zingiz guvoh bo’lasiz”, - deydi Madrahimov.

Jorj Vashington Universitetida Markaziy Osiyo dasturi uchun mas’ul Marlen Laruel poytaxt Vashingtonda xavfsizlik va siyosat ustuvor mavzular ekanini tan oladi. Shu bilan birga, deydi u:

“Biz, Markaziy Osiyo dasturi mualliflari madaniyatning ahamiyatini, san’atning xalqaro aloqalarda tutgan o’rnini yaxshi tushunamiz. Vashingtonda siyosat, biznes ahli ham buni biladi. Elchixona uchun ham bu kabi ko’rgazmalarni o’tkazib turish, o’zini tanitish zarur. Shu sababli tomoshabinlar orasida ham yoshlar, ham diplomatlarni ko’rib turibmiz”, - deydi u.

Ko’rgazma uchun suratlarni elchixona tanlab berdi. Tasvirlarni oddiy sayyohlar va tajribali fotograflar olgan.

“Ularda ham tarixiy obidalar, ham zamonaviy me’morchilik namunalari, ham kundalik hayot va xalq turmushi aks etadi. Nazarimda elchixona siyosat, madaniyat, ijtimoiy hayot va sportni mujassam etishni uddaladi”, - deydi.

Marlen Laruelning aytishicha, Markaziy Osiyo elchixonalari o’zini tanitish uchun yetarli ish qilmayapti.

“O’zim Fransiyadan bo’lganim uchun Yevropadagi elchixonalar bilan qiyoslab shunday deyman. G’arbda diplomatik missiyalar san’at, madaniyatni keng targ’ib qiladi, Vashingtonda bu borada harakatlar sust. Asosiy e’tibor siyosat va xavfsizlikka qaratiladi. Lekin bugun Markaziy Osiyo elchixonalari tashviqot ahamiyatini tushunib yetayapti va Amerikada bunga qiziqish juda katta”, - deydi Jorj Vashington Universiteti olimi.

Ta’lim dargohi bu kabi tashabbuslar orqali ham madaniyatni tanitmoqchi, ham sohani yaxshi bilgan ilm ahlini qo’llab, oyoqqa turg’izmoqchi.

O'zbekiston suratlarda, ko'rgazma - Uzbekistan Photo Exhibit in Washington
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:28 0:00
XS
SM
MD
LG