VASHINGTON —
O’zbekistonning AQSh va Kanadadagi yangi elchisi Baxtiyor G’ulomov 18-iyul kuni Vashingtonda Oq Uyda prezident Barak Obamaga ishonch yorlig’ini topshirdi. Ikki hafta oldin Amerikaga kelgan diplomat Davlat departamentida ham bo’lib, tegishli hujjatlarni taqdim etgan va shu tariqa yangi lavozimga rasman kirishdi.
AQShdagi elchixona O’zbekiston uchun Rossiya, Xitoy va Yevropa Ittifoqidagi diplomatik missiyalar singari bag’oyat muhim. Vashingtonning markaziy ko’chasi Massachussetts avenyuda joylashgan azim binoda O’zbekistonning 15 ga yaqin diplomati o’tiradi. Nafaqat Amerika balki Kanada, Braziliya va Meksika bilan aloqalar ham shu yerdan turib muvofiqlashtiriladi. Respublika Vashington va Nyu-Yorkda o’z konsulliklariga ega.
O’zbekistonning dunyoning bu tomonidagi nufuzi hamda siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalari uchun endi Baxtiyor G’ulomov, 49 yoshli diplomat mas’ul. U bilan ishlagan va uni Vashingtonda qarshilagan rasmiylar elchini bosiq, kamtarin va G’arb mentaliteti, shuningdek, bu yerdagi ish uslubini yaxshi tushunadigan arbob sifatida ta’riflamoqda.
G'ulomov kim?
1964-yilda Moskvada dunyoga kelgan, oliy ta’limni Toshkent Davlat Universitetida arabshunoslik bo’yicha olgan, keyinchalik O’zbekiston prezidenti huzuridagi Davlat va Jamiyat Qurilishi Akademiyasini tugatgan G’ulomov xalqaro aloqalar bo’yicha magistrlik unvoniga ega. Ingliz, rus va arab tillarida bemalol so’zlashadi.
Vashingtonga tayinlanishidan oldin, 2010-yildan beri O’zbekistonning Belgiyadagi elchisi edi. Bu lavozimda u NATO va Yevropa Ittifoqidagi missiyalarning rahbari edi.
2005-yildan 2010-yilgacha esa G’ulomov Chexiya, Shvetsiya, Shveytsariya va Germaniyada elchilik qilgan.
2003-2005 yillarda u O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligida BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar uchun javobgar edi. 2001-2003 yillarda esa Yaponiyadagi elchixonada diplomatlik qilgan. 1998-2001 yillar oralig’ida vazirlik tahlil markazida ishlagan.
Diplomatik faoliyatini 1992-yilda, O’zbekistonda Tashqi ishlar vazirligi endigina shakllanayotgan paytda Konsullik departamentida boshlagan. 1995-1998 yillarda Britaniyadagi elchixonada attashé edi. Uning chet eldagi birinchi posti.
Baxtiyor G’ulomovning biografiyasida yana bir qiziq ma’lumot: 1986-1989 yillarda u harbiy tarjimon bo’lgan, SSSR Mudofaa vazirligida ishlagan. So’ngra Toshkent Texnologiya Institutida xalqaro aloqalar bo’limida mehnat qilgan. Tashqi ishlar vazirligiga ishga olinishidan oldin bir yil “O’zbekyengilsanoat” uyushmasida bosh mutaxassis bo’lgan.
Diplomat oilali, ikki farzandning otasi. O'zbekiston Milliy Xavfsizlik Xizmati raisining birinchi o'rinbosari general Shuhrat G'ulomovning ukasi.
Oldindagi vazifalar
Xo’sh, so’nggi yillarda O’zbekistonning NATOdek eng yirik harbiy alyans va Yevropa Ittifoqidek murakkab bloklar bilan hamkorligi ortida turgan arbob Amerika bilan rishtalarda yangi sahifa ocha oladimi?
Toshkent-Vashington orasidagi aloqalar tarixi shundan darak beradiki, oldinga bir qadam tashlanganidan keyin odatda orqaga ikki qadam qaytilgan. Har ikki tomon bir-biriga nisbatan izchil va mustahkam strategiyaga ega emas deya tanqid qilinadi. Diplomatlar qanchalik rad etmasin, orada ishonch past. Hamkorlik, siyosiymi, iqtisodiy yoki madaniy, uzoq muddatni emas, qisqa muddatli manfaatlarni ko’zlaydi.
O’tgan yillar ichida Obama ma’muriyati Afg’oniston bo’yicha Karimov rahbariyati bilan til topisha oldi va tranzit bobida birga ishlab kelmoqda. Sarmoya va iqtisodiy hamkorlik bobida ham ijobiy qadamlar tashlandi, lekin AQSh kompaniyalari O’zbekistonda korrupsiya va qog’ozbozlikdan noliydi. Konvertatsiya va bank tizimi talabga javob bermaydi deya ochiq aytishadi. Amerika-O’zbekiston muzokaralarida bu borada muntazam gaplashiladi.
Inson huquqlari va demokratiya - oradagi eng nozik mavzu. Toshkent nazarida O’zbekistonda ketayotgan islohotlarga tashqaridan hech kim aralashmasligi kerak. G’arbcha demokratiya va oshkoralik respublikaga to’g’ri kelmaydi va O’zbekiston o’zi tanlagan yo’ldan boradi. Vashington nazarida esa erkinlik va huquq umumbashariy tushunchalar va u dunyoning qay qismida bo’lmasin bir xil qadr-qimmatga ega. Amerika hukumati hisobotlarida O’zbekistondagi vaziyat repressiv va og’ir deya izohlanadi.
Elchidan o'zi nima kutish mumkin?
AQSh Davlat kotibining Markaziy Osiyo masalalari bo’yicha sobiq muovini Evan Feigenbaum deydiki, elchi avvalo bu o’z davlatining chet eldagi namoyandasi. Nafaqat hukumat, balki xalqning ham vakili.
Uning ishi faqat rasmiylar bilan uchrashib, idorama-idora yurish emas, mezbon yurt bilan yaqindan tanishish, unga o'z eli haqida aytib berish. Buni esa hamma ham uddalay olmaydi. Elchining asosiy vazifasi - davlatida belgilangan siyosatni tushuntirish va targ’ib qilish. Shundan kelib chiqqan holda uning mustaqil qaror qilish vakolati cheklangan. Oddiy qilib aytganda, elchi ona yurtidan kelayotgan buyruqni bajaradi va mezbon davlat xohish-istaklarini vatanga yetkazadi. Mamlakati nomidan turli siyosiy, iqtisodiy va madaniy tadbirlarda ishtirok etadi. Xabar yaxshimi yoki yomon, uni hukumatlarga yetkazadi. Vaziyatni o’nglash uning qanchalik uddaburo ekaniga bog’liq. Elchi uchun har bir kun, har bir holat o’ziga yarasha sinov, deydi Feigenbaum. Kuchli bilim va zehn, tajriba va omilkorlik talab qiladi bu lavozim.
Elchining shaxsiyatida gap ko’p, deydi “Amerika Ovozi” bilan so’zlashgan siyosatdon. U bir paytning o’zida ehtiyotkor va zukko, har qanday muhitda yo’lini topadigan va turli toifadagi odamlar bilan til topishib ketadigan inson bo’lishi kerak. Erkin matbuot barq urgan davlatda elchi uchun muhim shartlardan biri bu - jurnalistlar va axborot vositalari bilan ishlay olish. O’z davlati pozitsiyasi va xalqi dardini mezbon davlat va xalqqa tushuntirish. Bu bilan u nafaqat hukumatlarni, balki xalqlarni bir-biriga yaqinlashtira oladi.
Vashingtonda 200 ga yaqin elchixona va vakolatxona bor, ular qatorida sobiq ittifoqning barcha davlatlari, xususan Markaziy Osiyo respublikalariniki ham.
Vashingtonni ko'p jihatdan siyosiy tahlil markazlari tebratadi. Hukumatga maslahat beradigan, uni strategik yo’naltiradigan dargohlar. Elchixonalar mana shu maskanlar bilan ishlay olishi kerak. Ularning minbarlaridan turib gapirish katta ahamiyatga ega, deydi ekspertlar, chunki Amerika siyosatdonlari, qonunchilari va mutasaddilari bu yerda yangragan gaplarni albatta eshitadi.
“Vashington – qizg’in raqobat maydoni. Hamma AQSh hukumati e’tibori va ijobiy yondashuvini istaydi. Unga o’z istak va manfaatlarini tushuntirishga harakat qiladi. So’zda oson deb o’ylashingiz mumkin, ammo amalda hukumatlararo aloqa nihoyatda qiyin masala. Elchi esa uning markazida”,- deydi Evan Feigenbaum.
O’tgan uch yil davomida Ilhom Ne’matov O’zbekistonning AQShdagi elchisi edi. Hozir u Toshkentda, Tashqi ishlar vazirining birinchi o’rinbosari. Uning faoliyati haqida mana bu yerda o'qishingiz mumkin.