Breaking News

11-sentabr xotiralari: qurbon bo'lgan o'zbekistonliklar kim edi?


11-sentabr voqealari: fojiada halok bo'lgan o'zbekistonliklar kim?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:52 0:00

2001-yil 11-sentabrda terrorchilar Nyu-Yorkdagi Jahon savdo markazi egizak binolarini qulatishi oqibatida 3 mingga yaqin inson halok bo'lgan, yana 6 ming atrofida odam talafot ko'rgan. O'lganlar orasida 3 o'zbekistonlik ham bor edi. Ikki nafari immigrant, biri esa AQShga ilm izlab kelgan o’zbekistonlik, Gavharoy Kamardinova.

Nobud bo’lganlar xotirasi uchun ikki favvora o'rnatilgan. Uning chetlariga terror xuruji qurbonlarining nomlari bitilgan. Xotira majmuidagi muzeyda 90 ga yaqin davlatning bayrog’ini ko’rasiz. O'zbekiston bayrog'i ham bor. Yodgorlikni ko’rishga kelayotganlar orasida o'zbekistonliklar ham bor, lekin ularning hammasi ham 18 yil oldin bu yerda vatandoshlari halok bo'lganini bilmaydi.

Manhettenning bu qismi, bir paytlar osmono’par egizak binolar turgan joy hamon odamlar bilan gavjum. Hozir bu yer 9/11 Xotira maydoni. Terrorchilar hujumiga uchrab qulagan imoratlar o'rnini endi ikki bahaybat favvora egallagan. Uning atrofida bronzadan yasalgan lavhalarda 2983 kishining ism-shariflari yozilgan. Ular 2001 va 1993-yilda amalga oshirilgan terror xurujlarida halok bo’lgan insonlar.

Har kuni ana shu joyni ziyorat qilish uchun jahonning turli burchagidan minglab sayyoh keladi.

O'zbekistonlik talabalar Muhammad, Jasurbek va Elshod yozgi ta'tillarini Amerikada o'tkazib, vatanga qaytishmoqda. Nyu-Yorkda ular xotira majmuini ham aylanishdi. Nimaga?

"Chunki bu Amerika tarixida terrorizmga qarshi kurashni kuchaytirgan davrning bittasi mana shu voqea. Snuning uchun bu joyni ziyorat qilishni ma'qul ko'rdik" - deya tushuntiradi Toshkendagi Vestminster xalqaro universiteti talabasi Jasurbek Tursunov.

"18 yil o'tibdiki, Amerika ham, dunyo ham (11-sentabr xurujini) yodidan chiqarmadi va vafot etgan odamlarni eslab, ulug'lab kelishyapti"- deydi Muhammad Korajonov.

O'sha mash'um kunda halok bo'lganlarning 2700 nafari amerikalik, qolganlari xorijiy davlatlar fuqarolari bo'lgan. Ammo, amerikaliklar 11-sentabr kuni yuzlab chet elliklar, Erondan tortib Isroilgacha, Argentinadan Pokistongacha, Xitoydan Gondurasgacha bo'lgan davlatlardan kelib chiqqan turli din va e'tiqoddagi insonlar ham terrorchilar qurboniga aylanishganini e'tirof etishadi. Muzeyda 90 ga yaqin davlat bayrog'i ilingan, marosimlarda har bir qurbonning davlati alohida e'lon qilinadi.

Majmuada o'zbekistonlik uch vatandosh nomi bitilganidan O'zbekistondan kelgan ziyoratchi talabalar qanchalik xabardor?

"Yo'q. Afsuski xabarim yo'q. Xohlagan bo'lardimki, bu yerda o'zbeklarning nomi chiqmasligini" - deydi Muhammad.

"Yo'q. Bu haqda xabarim yo'q. Lekin bormi bu yerda?" - deya ajablanadi Jasurbek.

Ikki o'zbekistonlik immigrant - Irina Kolpakova va Gari Shamay, shuningdek, yana bir o'zbekistonlik vatandosh Gavharoy Kamardinova osmono'par egizak binolar ostida qolib ketgan.

Gavharoy Kamardinova AQShga o'qish va ishlash uchun katta orzular bilan kelgan. Uni yurtdoshlari hamon yaxshi eslaydi.

Bruklinning Brayton Bich ko'chasida o'z do'konini yuritadigan er-xotin Solih va Firuza Ro'zihojilar shular jumlasidan.

"Gavharoy juda ham mehribon va yaxshi qiz edi, rahmatli. Yonimizdagi do'konda ishlardi. Yangi kelganida singlimning uyida bir muddat yashagandi"- deydi Solih Ro'zihoji.

"Gavharni oldindan bilamiz. Boshida uy topgunicha qayni singlimnikida turgandi. O'shanda ertalab turib bomdod namozini o'qib ishga borib kelganlarida yaqindan tanishgandik. Juda ham yaxshi qiz edi. Pardoz-andoz qilmasdi, ochiq-sochiq yurmasdi, namoz o'qirdi. O'qishga boraman deb mendan ryukzak va shunaqa narsalar sotib olgandi", - deya xotirlaydi Firuza Ro'zihoji.

Gavharoy o'sha yillar tahsil olayotgan o'quv dargohi Ispan-Amerika Institutida ham yaxshi xotiralar qoldirgan.

"U go'zal shaxs edi, shuningdek, u zakovatliligi va baxtiyor inson ekanligi bois esimda qolgan. Uning halok bo'lganini eshitib chuqur qayg'uga tushganman", - deydi institut o'qituvchisi Margarita Dies.

Egizak binolar qulagandan so'ng Nyu-York o'zgardi. Jahon savdo markazi yanada balandroq bino ko'tardi. Terrorchilar hujumiga uchragan bu joyda yillar o'tib yana sokinlik qaytgan. Insonlar qalbidagi yaralar ham bitgandek. Ammo qurbonlar xotirasi o'chmasligi muhim, deydi ulardan biri marhum Gavharoyni tanigan bruklinlik vatandosh Solih Ro'zihoji.

"11-sentabr voqeasi hammani ham tashvishga soldi. U narsa juda ham ko'p qon to'kilishlarga sabab bo'ldi. Mana shu Iroqdagi bo'lgan urush... o'shaning davomi...davomlashib ketib juda ham ko'p odam nobud bo'ldi. U kunlarni eslash biroz qiyin. Ammo bu rahmatli qiz haqiqatdan eslasa arziydigan, yotgan makoni jannatda bo'lsin, shahid bo'lib ketdi rahmatli", - deydi Solih ota.

Xotira majmuasi asoschilari va AQSh xalqi binoda ishlagandan tortib o'sha kuni odamlarni qutqarish yo'lida qurbon bo'lganlarni ham yodidan chiqarmaslikka intilgan, jumladan, uch o'zbekistonlikni: Gavharoy Kamardinova, Gari Shamay va Irina Kolpakova.

Ularning nomi yer qa’riga qarab oqayotgan favvora atrofida bitilgani 11-sentabr fojiasi O'zbekiston va o'zbekistonliklar uchun ham begona emasligiga bir ishora.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG