11-sentabr kuni Nyu-Yorkdagi Jahon Savdo markazida yuz bergan xurujni xotirlash marosimida har yili uch o'zbekistonlik vatandosh ismi ham yodga olinadi.
Mash'um terroristik xuruj oqibatida qulagan egizak binolar ichida ishlagan, 1964-yilda tug'ilgan asli toshkentlik Irina Kolpakova (Harris Beach xodimi) va 1978-yilda tug'ilgan o'zbekistonlik Garry Shamay (Cantor Fidzerald kompaniyasida ishlagan) halok bo'lishgan. Shuningdek, fojea ro'y bergan vaqtda boshqa bir o'zbekistonlik ayol, 1975-yilda tug'ilgan Gavkharoy Kamardinova ham bino ichida nobud bo'lgani qurbonlar ro'xatida keltirilgan. Shu kuni u hamkor kompaniya idorasiga tashrif buyurgan edi.
Xuruj oqibatida qulagan egizak binolar o'rnida bunyod etilgan havzalar atrofidagi bronzadan qilingan lavhalarda uch o'zbekistonlik ism-sharifi ham o'yib yozilgan. Ikki havza atrofida 2001-yilgi xuruj oqibatida egizak binolarda va Pentagondagi xurujda o'lganlar hamda 1993-yilda Jahon savdo markazida bomba portlatilganda halok bo'lganlar, jami 2983 kishining ism-shariflari yozilgan.
11-sentabr xurujida qurbon bo'lganlar orasida 90 dan ortiq davlat vakillari bor. Qurbon bo'lganlarning xotirasiga mamlakatlari bayroqlari muzey hududida o'rnatilgan. Ushbu muzey bugungi kunda sentabr fojeasini odamlarga tushuntirishga salmoqli hissa qo'shib kelayapti. AQSh tarixidagi mash'um terroristik xuruj joyida 11-sentabr Milliy xotira majmui va muzeyi barpo etilgan. Majmua yer sathi 17 akrdan iborat Jahon savdo markazining yarmini egallagan. Ushbu yodgorlikni 2011-yilda ochilganidan so'ng 34 milliondan ortiq odam ziyorat qilgan. Majmua hududida 2014-yilning mayida muzey ham qad rostlagan.
Muzeyda 2001-yil 11-sentabr voqeasiga aloqador 14,5 mingga yaqin ashyo yig'ilgan. Bu yerda terrorchilar hujumiga uchrab vayron etilgan binolarning suratlaridan tortib ularning qoldiqlaridan namunalargacha saqlanadi.
Muzeyga shu kunga qadar allaqachon 10 milliondan ortiq odam kirgan.
Eslatib o'tamiz, 17 yil oldin 11-sentabr kuni 19 terrorchi4 uchoqni olib qochib, ikkitasini Nyu-Yorkdagi egizak binolarga, uchinchisini Pentagonga urib tushirgan edi. To'rtinchi uchoq esa Pensilvaniya hududida qulagan.
11-sentabr xurujida 3 mingga yaqin odam halok bo'lgan, yana 6 ming kishi turli jarohatlar olgan. O'lganlar orasida ayollar, erkaklar va yosh bolalar bor.
Tadqiqotlar xurujdan keyingi yillarda ham yana ko'plab odamlar ushbu voqealar asoratlaridan onkologik va nafas olish yo'llaridagi kasalliklarga duchor bo'lib olamdan o'tganini ko'rsatadi.
Facebook Forum