Breaking News

Amerikaliklar Prezident Trampga qanchalik ishonadi?


Pandemiya davrida Amerikada 26 million odam ishidan ayrildi. Mamlakat koronavirusni yuqtirishda birinchi o'rinda. Lekin Prezident Tramp "kasallikni yengmoqdamiz", deydi. Xo'sh, xalq bunday bayonotlarga qanchalik ishonadi?

"Associated Press" axborot agentligi va NORC jamoatchilik bo'yicha tadqiqot markazi shu kunlarda o'tkazgan ommaviy so'rov natijalariga ko'ra, amerikaliklarning chorak qismigina prezidentga tayanadi, ya'ni uning gaplarini rost deb hisoblaydi. Respondentlarning 54 foizi Trampga umuman ishonmasligini aytgan.

"Kim test topshirmoqchi bo'lsa, marhamat. Sharoit bor. Tuppa-tuzuk test tizimi tayyor", - degan edi prezident mart oyi boshida.

Oq uyda har kuni Tramp ishtirokida brifing, savol-javob. Biroq amerikaliklarning 28 foizigina koronavirus haqidagi faktlarni davlat rahbaridan olar ekan.

Aholining aksariyat qismi uchun zarur informatsiya manbai - shtat va mahalliy hokimiyatlar. Respondentlarning 52 foizi aynan hududiy rahbariyatga ishonadi.

Deyvid Barker, siyosatshunos:

"Prezidentning kundalik brifinglaridan umuman naf yo'q. Qilmasa ham bo'ladi. Tramp ularni o'tkazib o'ziga zarar qilmoqda".

Respublikachilar partiyasining sobiq raisi Maykl Stil:

"Koronavirus haqida har qanday matbuot anjumanida ikki narsa bor: biri Tramp ishtirokidagi tomosha. Ikkinchisi esa Vitse-Prezident Pens va tibbiy maslahatchilar, ekspertlar. Odamlar buni tushunadi va shunga qarab baho beradi".

Saylov yilida prezidentga ishonch bu qadar pastligi Oq uy uchun shum xabar, deydi siyosatdonlar. Amerikaliklarning atigi 21 foizi Trampga ishonsa bo'ladi, deb qaraydi. 60 foizga yaqini esa Tramp va haqqoniylik bir-biriga umuman to'g'ri kelmaydi, deb javob bergan.

"Rahbariyat uchun bu haqiqiy inqiroz. Qayta saylanishga umid qilayotgan prezident omma nazarida ishonchsiz odam. Davlatni boshqarishni unga qo'yib bermaslik kerak, deyishyapti", - deydi Deyvid Barker.

Qizig'i, ishonch darajasi past ekaniga qaramay, Trampning umumiy reytingi bir necha oydan buyon 42 foiz atrofida. Koronavirus davrida pasaymadi.

Tramp fikricha, unga haqqoniy baho berishmaydi. "Eng qiyin davrdagi boshqaruv mening zimmamda axir", - deydi u.

23-aprelda AQShda koronavirusga chalinganlar 878 mingdan oshgan, undan o'lganlar 50 mingga yaqinlashgan; tuzalganlar esa 85 mingdan ziyod.

Jahon bo'ylab 2,7 milliondan oshiq odam virusni yuqtirgan, o'lganlar 190 mingdan ko'proq, sog'ayganlar esa qariyb 745 ming.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG